Neftga boy Venesuela nega qashshoqlik qa’rida?
So‘nggi ikki haftadan beri Venesuelada yuz berayotgan voqealarga butun dunyo diqqat qaratgan. Janubiy Amerikada joylashgan ushbu mamlakat bir necha yildan beri siyosiy va iqtisodiy inqiroz botqog‘iga botib qolgan. Aholi milliy valyutaning keskin qadrsizlanishi, oziq-ovqat va dori-darmon taqchilligi hamda elektr ta’minotidagi muntazam uzilishlardan qiynalib keladi.
Yaqin yillar ichida 32 millionlik venesuelaliklarning 3 milliondan ziyodrog‘i o‘z vatanini tashlab ketgan. Bu umumiy aholining deyarli 10 foizi demakdir. Ayni kunlarda mamlakatdagi siyosiy vaziyat ham o‘ta qaltislashgan. Amaldagi prezident Nikolas Maduro hali hokimiyatdan ketmasidan turib, muxolifat yetakchisi Huan Guaydo o‘zini muvaqqat prezident, deb e’lon qilgan.
Xo‘sh, haqiqiy prezident kim o‘zi? Bu savolga aniq javob berish oson emas. 23-yanvar kuni muxolifat nazoratida bo‘lgan Milliy Assambleya, ya’ni parlament rahbari Huan Guaydo o‘zini amaldagi prezident deb e’lon qildi va shu vaqtdan boshlab ijro hokimiyatining barcha vakolatlari unga o‘tishini ta’kidladi.
O‘z navbatida, 2019-yilning 10- yanvarida ikkinchi olti yillik muddat uchun qasamyod keltirgan amaldagi prezident Nikolas Maduro Guaydo hokimiyatini tan olmadi. Buning o‘rniga Maduro muxolifat yetakchisini AQSh tomonidan tayyorlangan fitnaga bosh qo‘shganlikda aybladi.
Nikolas Maduro o‘zining mamlakatning yagona konstitutsiyaviy prezidenti ekani va shunday bo‘lib qolishini ma’lum qildi. 2013-yilda hokimiyat tepasiga kelgan Nikolas Maduroning prezidentlik davrida mamlakat iqtisodiyoti shiddat bilan cho‘ka boshladi. Venesuelaliklar yuzaga kelgan iqtisodiy qiyinchiliklarda u va uning sotsialist hukumatini ayblaydi. Maduro o‘tgan yilning may oyida katta ziddiyatlar bilan o‘tgan saylovda g‘olib chiqqan va muxolifat boykot qilgan saylovni xalqaro hamjamiyatning ko‘pchilik davlatlari tan olmagan edi. Saylovga qadar ko‘plab muxolif nomzodlar ta’qib qilinib, ularning ro‘yxatdan o‘tishiga yo‘l qo‘yilmagan, oqibatda Maduroga raqib bo‘lishi mumkin bo‘lgan ayrim shaxslar qamoqqa olingan yoki mamlakatdan qochib ketishga majbur bo‘lgan.
2018-yil may oyida muddatidan oldin o‘tkazilgan saylovda g‘olib chiqqanidan so‘ng Maduro avval birinchi muddatni oxiriga yetkazishi va ikkinchi muddatni 2019-yilning 10-yanvaridan boshlashini e’lon qilgan. Muxolifat nazoratidagi parlament shu vaqtga qadar saylov natijasini tan olmagan va Maduroni hokimiyatni kuch bilan bosib olishda ayblab, prezidentlik o‘rnini bo‘sh, deya hisoblab kelgan.
Venesuela konstitutsiyasiga ko‘ra, bunday hollarda Milliy Assambleya rahbari prezident vakolatlarini o‘ziga olib, muvaqqat hukumatni shakllantirishi lozim. 23-yanvar kuni 35 yashar Huan Guaydo aynan shunday qildi. Guaydo ijro hokimiyatini o‘z qo‘liga olganini e’lon qilishidan bir necha daqiqa o‘tib, AQSh prezidenti Donald Tramp uning hukumatini rasman tan oldi. Vashingtonga bir necha Janubiy Amerika davlatlari, xususan, Braziliya , Argentina , Chili, Kolumbiya , Peru kabi “ Lima 14 guruhi” jo‘r bo‘ldi. Yevropa Ittifoqi yangi hukumatni tan olmagan bo‘lsa-da, «Milliy Assambleyani to‘liq qo‘llab-quvvatlashi»ni ma’lum qilgan. Hatto Maduro hukumatidan sakkiz kun ichida takroran prezidentlik saylovi o‘tkazilishini talab qildi, aks holda Guaydo prezidentligini e’tirof etishini bidirdi.
Rossiya xorijiy kuchlarning Huan Guaydoni qo‘llashini qoralab, bu xalqaro qonunlarni qo‘pol ravishda buzish va «bevosita qon to‘kilishining boshlanishiga sabab bo‘lishi»dan ogohlantirdi. Nikolas Maduro Venesuelaning AQSh bilan diplomatik aloqalarni uzganini aytib, amerikalik diplomatlarga mamlakatni tark etish uchun 72 soat vaqt berdi.
25-yanvar kuni AQSh Milliy xavfsizlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi Jon Bolton Oq Uyning prezident Maduro olishi mumkin bo‘lgan har qanday tashqi moliyaviy oqim yo‘lini to‘sib qo‘yishga harakat qilayotganini ma’lum qildi.
Ayni damda Venesuelaning o‘zida muxolifat tarafdori bo‘lgan yuz minglab insonlar Guaydo qarorini olqishlayotgan bo‘lsa, hukumat rasmiylari prezidentni har qanday «imperialist tahdidlar»dan muhofaza qilajagini ta’kidlagan.
Huan Guaydo Maduro hukumatiga qarshi barchani «Venesuela ozod etilmagunga qadar» norozilik harakatini davom ettirishga chaqirdi. Guaydoni AQSh va bir necha Janubiy Amerika davlatlari qo‘llab-quvvatlayotgan bo‘lsa ham, amalda uning qudrati u qadar yuqori emas. Huan Guaydo rahbarlik qiladigan Milliy Assambleyaga qarshi 2017-yilda Nikolas Maduro tarafdorlari Milliy Ta’sis Assambleyasini tashkil etgan. Natijada prezident Maduro parlament qabul qilgan qarorlarni muntazam inkor qilib keladi.
Hozir asosiy hal qiluvchi kuch bu — harbiylar. Agar armiya prezident Maduroga sodiq qolsa, u holda muxolifatga qarshi yalpi ta’qib boshlanadi. Mabodo harbiylar Huan Guaydo tarafiga o‘tsa, bu Maduroning prezedentlikdan ketishiga sanoqli kunlar qolganini anglatadi. Agar harbiylar ham ikkiga bo‘lingudek bo‘lsa, Venesuelada fuqarolar urushi boshlanib ketishi mumkin.
Armiyaning yuqori rahbarlari hozircha prezident Maduroga sodiq qolishini bevosita va bilvosita ma’lum qilgan. Maduro yuqori martabali harbiy amaldorlarni doimiy mukofotlar bilan siylab kelgan va ular muhim iqtisodiy-sanoat sektorlarini nazorat qiladi. Biroq aksar zobit va askarlar oddiy xalq kabi oziq-ovqat taqchilligi va pulning qadrsizlanishidan aziyat chekib keladi. Guaydo agar xavfsizlik xizmatining barcha xodimlari prezident Maduroni qo‘llashdan bosh tortsa, ularga amnistiya berilishini va’da qilgan.
Huan Guaydo kim? Huan Guaydo 1983-yili Vargas shtatining La Guayra shahrida ko‘p bolali oilada dunyoga kelgan. Venesuelada hokimiyat tepasiga 1999-yilda Ugo Chaves kelganida u 15 yoshda edi. O‘sha yili La Guayra shahriga katta toshqin yopirilib, o‘n minglab odamning yostig‘ini quritadi. Huan Guaydoga yaqin insonlarning ma’lum qilishicha, aynan hukumatning tabiiy ofatdan zarar ko‘rganlarga bepisandlik bilan munosabatda bo‘lgani uni siyosat tomon yetaklagan.
U AQSh va Venesueladagi oliy o‘quv yurtlarida tahsil olgan. Talaba sifatida Ugo Chavesning matbuotni nazorat qilishga urinishiga qarshi norozilik bildirib chiqqan. Guaydo 2009-yilda tashkil topgan Xalq Istagi (Popular Will) siyosiy partiyasi asoschilaridan biri hisoblanadi.
U 2011-yilda Milliy Assambleyaga saylangan va 2016-yili o‘z shtatining parlamentdagi vakiliga aylangan. Guaydoning 2017-yili Maduro hukumatiga qarshi ommaviy namoyishlar chog‘ida jarohat olgani aytiladi. Muxolifatdagi siyosiy partiyalar uni Milliy Assambleya rahbari sifatida saylagan va Huan Guaydo shu yilning 5-yanvaridan ushbu vazifani o‘tashga kirishgan. Saylovdan bir necha kun o‘tib, hukumat kuchlari uni hibsga olgan, lekin qisqa vaqtdan so‘ng qo‘yib yuborgan. Guaydoni aholining aksar qashshoq qatlami qo‘llab-quvvatlaydi.
Biroq ekspertlar uning siyosatda hali ancha no‘noq ekanini ta’kidlaydi. Ularga ko‘ra, Guaydoda Venesuelaning kelajagi bo‘yicha aniq bir tasavvur mavjud emas. Matbuot yuzini ko‘rgan xabarlarga ko‘ra, Huan Guaydo Chaves yoki Maduroning sotsialist hukumatidan farqli o‘laroq, erkin bozor iqtisodiyoti tizimi va regional hukumatlarning yanada mustaqil bo‘lishi tarafdori.
Venesuela iqtisodiyoti, mana oltinchi yildirki, ketma-ket iqtisodiy tushkunlikni boshdan o‘tkazyapti, boshi berk ko‘chadan chiqishga bo‘lgan orzu-umidlar esa so‘nib bo‘ldi. Mamlakat oldida 100 milliard dollardan ziyodroq tashqi qarzni qaytarish muammosi turibdi. Valutaning yagona manbayi va oddiygina turmush tarzini saqlab qolish vositasi — neft eksporti qazib chiqarishning kamayishi tufayli qisqarib bormoqda.
Venesuela — jahondagi eng neftga boy mamlakat. Uning mavjud zaxiralari 300 milliard barreldan oshadi. “Qora oltin” Chavesning “imperialist”larga qarshi kurashdagi bosh quvvat manbayi edi. Maduro ham uning ishini davom ettiryapti. Biroq bu yo‘lda ular xorijiy neft kompaniyalaridan barcha narsani tortib olishdi, davlat kompaniyasini esa korrupsiya va noprofessionallik tufayli barbod qilishdi. Ugo Chaves hokimiyatga kelganda mamlakat kuniga 3,5 million barrel neft qazib chiqargan. 2017-yilda ishlab chiqarish 2 million barrelgacha, 2018-yilning kuziga kelib 1,5 million, joriy yilda esa 1,2 million barrelgacha tushib ketdi. 2018-yilning 12 oyi davomida yillik inflatsiya darajasi 1,3 million foizga yetgan. 2018-yil oxiriga qadar mahsulotlar narxi har 19 kunda ikki barobarga oshib borgan. Oqibatda ko‘plab venesuelaliklarning birlamchi oddiy tovarlarni sotib olishga ham qurbi yetmay qolgan.
O‘tgan yilning avgust oyida Nikolas Maduro hukumati milliy pul birligi — bolivardan beshta nolni olib tashlab, uni «suveren bolivar» deya qayta nomladi. Bu odamlar o‘zi bilan ortiq bir arava pul ko‘tarib yurmasligini bildirar edi.
Yangilangan pul birligi, hukumatning ma’lum qilishicha, mamlakat iqtisodiyotini oyoqqa turg‘azishga yordam beradigan «mo‘jizaviy formula» doirasidagi choralardan biridir. Hukumat ilgari surayotgan choralar orasida yana quyidagilar bor:
eng kam oylik ish haqini 34 barobar oshirish;
suveren bolivarni Venesuelaning neft zaxiralariga asoslangan raqamli valuta — petroga bog‘lab qo‘yish;
«Ota Yurt ID»ga ega bo‘lmaganlar uchun yirik davlat subsidiyalariga asoslangan neft mahsulotlarini qisqartirish (Venesuela aholisi neft mahsulotlarini imtiyozli arzon narxlarda olish imkoniyatiga ega; Ota Yurt ID — 2017-yilda prezident Maduro tomonidan joriy etilgan shaxsni tasdiqlovchi yangi guvohnoma. Uning hukumatiga qarshi bo‘lgan odamlar bunday IDni olishdan bosh tortib keladi);
qo‘shilgan qiymat solig‘ini 4 foizdan 16 foizga qadar oshirish.
Biroq bunday chora-tadbirlar hayotga joriy etilishiga qaramay, bolivar shiddat bilan qadrsizlanishda davom etmoqda. Mutaxassislar esa bu choralarning samaradorligini hukumatning kelajagi kabi chuqur savol ostiga oladi.
Tahlilchilar fikricha, Venesuelaga hech kim harbiy intervensiya boshlashga botinolmaydi. Karakasning Xitoy va Rossiya kabi do‘st mamlakatlarning harbiy va gumanitar yordamidan bahramand bo‘layotgani, hokimiyatdagi boshqaruv tizimining jipsligi bunga monelik qiladi. Boz ustiga Rossiyaning bu mamlakatdagi neft va tilla aktivlarini gumanitar yordam evaziga sotib olayotgani hozirgi rejimning umri uzayishidan manfaatdorligini ko‘rsatadi.
Vaziyat taqozo qilsa, Venesuelaga qarshi intervensiya boshlashni ochiq bayon etgan AQSh ham Guaydoni qo‘llab-quvvatlagan holda, voqealar rivojini diqqat bilan kuzatyapti. Shu nuqtayi nazardan, Venesueladagi hodisalarni dunyoning ulkan yerosti va yerusti boyliklari uchun yirik geosiyosiy markazlar kurashining bir qismi deb baholash mumkin.
Abduvali SOYIBNAZAROV