Afg‘oniston uzra tinchlik shamoli
Afg‘oniston zaminidagi qonli urush qariyb qirq yildan buyon davom etmoqda.
Shu yillar mobaynida yuz minglab tinch aholi urush qurboniga aylandi. Millionlab insonlar o‘z uylarini tashlab ketishga va boshqa mamlakatlardan boshpana izlashga majbur bo‘ldi. Bu mojaroga yangi-yangi kuchlarning jalb etilishi uning mislsiz darajada keskinlashib ketishiga olib keldi. Urush nafaqat Afg‘onistonning muammosi, balki tobora murakkablashib borayotgan xalqaro muammoga aylandi.
Afg‘onistonda xalqaro terrorchi guruhlar sonining ko‘payishi, zo‘ravonlik va qon to‘kishlar, narkobiznesning barham topmayotgani — bularning barchasi mamlakatdagi vaziyatni o‘z holiga qo‘yib bo‘lmasligini ko‘rsatmoqda.
Yaqin Sharq va Shimoliy Afrikadagi voqealar oqibatida Afg‘onistondagi vaziyat ma’lum vaqt davomida xalqaro jamoatchilik e’tiboridan chetda qoldi. Ammo buning natijasida mazkur mojaro o‘z keskinligi va jiddiyligini yo‘qotgani yo‘q. Tobora keskinlashib, Markaziy Osiyo, Kavkaz va atrofdagi davlatlar hamda mintaqalarga tahdid sola boshladi.
Bugungi kunda Afg‘onistondagi vaziyatni bartaraf etish bo‘yicha ko‘p qirrali va murakkab masalalar mintaqa hamda xalqaro miqyosda keng muhokama qilinmoqda. Bu o‘rinda Afg‘onistondagi harbiy-siyosiy inqirozni hal etish yo‘llarini topish maqsadida tashkil etilgan Kobul jarayoni, Moskva formati, Xalqaro muloqot guruhi, “Osiyo yuragi” deb nomlangan Istanbul jarayoni, “ShHT — Afg‘oniston” muloqot guruhi va boshqa ko‘p tomonlama muhokama jarayonlari alohida diqqatga sazovordir.
Ayniqsa , Qatar poytaxti Dohada AQsh ma’muriyati va Afg‘onistondagi “Tolibon” harakati vakillarining muzokaralarida sezilarli siljishga erishilgani umid uyg‘otdi. Nazariy tomondan buni har ikki tomonning oxir-oqibatda tinchlik kelishuvlariga erishish hamda toliblar va Afg‘oniston hukumati o‘rtasida 17 yildan beri davom etayotgan qarama-qarshilikni yakunlash istagi sifatida talqin qilish mumkin.
Ammo hozircha toliblar Kobulning o‘zi bilan muzokara olib borishni istamayapti. Afg‘oniston prezidenti Ashraf G‘anining “Tolibon”ni siyosiy harakat deb tan olish va dastlabki shartlarsiz muzokaralarni boshlash haqidagi o‘tgan yilgi murojaati javobsiz qoldirildi. “Afg‘oniston islom amirligi (Qatardagi toliblar vakillari shunday deb ataydi) siyosiy byurosi”ning Amerika diplomatlari bilan muzokaralari davom etadi. Muloqotning navbatdagi bosqichi 25-fevralga belgilangan. Biroq bu qanday natijalarga olib kelishini oldindan aytish qiyin.
So‘nggi muzokaralar juda muhim. Xalqaro hamjamiyat Afg‘onistondagi fuqarolar urushini yakunlashga juda yaqin turibdi. Avvalo, toliblar xalqaro koalitsiya kuchlarining Afg‘onistondan butkul olib ketilishini talab qilmoqda. Bunga javoban AQSh ko‘plab mamlakatlarda faoliyati taqiqlangan “Al-Qoida” va IShID kabi xalqaro terrorchi to‘dalarning afg‘on zaminidagi faoliyatiga butkul chek qo‘yilishiga kafolat so‘ramoqda.
Kelishuv nihoyasiga yetishi bilan toliblar bitimga kafil bo‘ladigan mamlakat va xalqaro tashkilotlarni izlashga kirishadi. Kafil Rossiya bo‘lishi ehtimoli bor. Inchunin, o‘tgan hafta Moskvada “Tolibon” va afg‘on mojarosida ishtirok etayotgan tomonlar o‘rtasida muzokaralar o‘tkazildi.
AQShning Qatardagi delegatsiyasi rahbari Zalmay Xalilzod “New York Times” gazetasiga bergan intervyusida toliblar nazoratidagi hududlarni xalqaro terrorchilardan tozalashga rozilik bergan. Ammo ikki tomon ham muzokaralar yana davom ettirilishi zarurligini ta’kidlamoqda. Tomonlarning o‘t ochishni qanday sharoitda to‘xtatishi ham unchalik tushunarli emas. Bizningcha, xorijiy qo‘shinlarning Afg‘onistondan olib chiqilish sanasi aniq bo‘lmagunicha, toliblar yarashuv e’lon qilish niyatida emas.
Afg‘onistondagi urushdan, eng avvalo, oddiy xalq charchadi. Davosdagi Butunjahon iqtisodiy forumida qatnashgan Afg‘oniston prezidenti Ashraf G‘ani eslab o‘tganidek, u 2014-yili prezidentlik lavozimini ijro etishga kirishganidan beri toliblar bilan to‘qnashuvlarda afg‘on xavfsizlik kuchlarining 45 ming harbiy xizmatchisi halok bo‘lgan.
Qatardagi muloqotlar chog‘ida “Tolibon” harakati afg‘on hukumati bilan muzokaralar olib borish ehtiyoji haqida so‘z ham yuritmagan. Ammo tinchlik bitimi ortidan Afg‘onistonda hokimiyatga kelajak muvaqqat hukumat tarkibida bo‘lish istagini izhor etgan.
AQSh kabi Rossiya ham Afg‘onistonda osoyishtalik o‘rnatilishidan manfaatdor. Moskva Afg‘onistonda yovlashayotgan barcha tomonlar bilan muloqotga kirishish imkoniga ega bo‘lgani sababli pozitsiyasi ancha mustahkam. U Kobulda ta’siri butun mamlakatga yoyiladigan kuchli hokimiyat o‘rnatilishini istaydi. Chunki, birinchidan, Rossiya Markaziy Osiyo davlatlari bilan chegaradosh bo‘lib, mintaqadagi beqarorlik unga ham ta’sir qilmay qolmaydi. Ikkinchidan, yetishtirilayotgan va noqonuniy eksport qilinayotgan afg‘on qoradorisining katta qismi Rossiyaga o‘tmoqda. Boshqa tomondan, AQSh ta’siriga qarshilik ko‘rsatish Rossiya tashqi siyosatining asosini tashkil etadi. Shu nuqtayi nazardan, Moskva anchadan beri toliblar bilan mavjud aloqalarini yashirmayapti. G‘arb tahlilchilarining fikricha, bu aloqalar do‘stona maslahatlar bilan cheklanmaydi. AQSh Rossiyani toliblarga qurol-yarog‘ yetkazib berishda to‘g‘ridan-to‘g‘ri ayblayapti. Biroq Kremlning Kobul hukumatiga ta’siri ancha kam. Rossiya bu o‘rinda Qo‘shma Shtatlarga raqobatchi bo‘lolmaydi. Har holda toliblar amaldagi hukumatni Vashingtonning “qo‘g‘irchog‘i”, deb ataydi.
Urushga juda katta mablag‘ sarflayotgan, iqtisodiyot ustunlari chirib borayotgan rasmiy Vashington 17 yillik afg‘on urushiga chek qo‘yish va Afg‘onistondan o‘z qo‘shinlarini olib chiqib ketish ahdida qat’iy. Buning isboti o‘laroq, o‘tgan yil yakunida prezident Tramp Afg‘onistondagi qo‘shinlari sonini deyarli teng yarmiga qisqartirish, u yerdan minglab harbiylarni olib ketish rejasini bayon qilgan. 2014-yilgi ommaviy chiqish ortidan Afg‘onistonda qoldirilgan xorijiy ittifoq qo‘shinlarining soni hozir 13 mingdan ortiqroq. Ularning asosiy qismini esa aynan amerikalik harbiylar tashkil etadi.
Muzokarachi tomonlar o‘z mamnunliklarini izhor etayotgan bir paytda ularning «yutuqlari»ni savol ostiga olayotgan ekspertlar ham yo‘q emas. Ularga ko‘ra, afg‘on mojarosi allaqachon global ahamiyat kasb etib bo‘lgan va uning yechimi ham shunga yarasha keng qamrovli sa’y-harakatlarni talab qiladi. «Amerika o‘zining siyosatini o‘zgartirmaguncha, urushga va Afg‘onistondagi harbiy ishtirokiga chek qo‘ymagunicha mintaqa davlatlari, shu jumladan, Rossiya va Xitoy “Tolibon”ni qurol bilan ta’minlashi mumkin, bu AQShning havodagi ustunligiga tahdid soladi. O‘ylaymanki, bu kun yaqin», deydi toliblar rahbariyati bilan mustahkam aloqaga ega Nazar Muhammad Mutmain “Payam-e-Afghan TV” telekanaliga bergan intervyusida.
Yaqinda “Bi-bi-si” o‘tkazgan tadqiqotga ko‘ra, toliblar bugungi kunda Afg‘oniston hududining 70 foizida faol harakat qilmoqda. Boz ustiga, 2014-yili xalqaro kuchlarning sezilarli qismi mamlakatdan olib chiqilgach, toliblarning ta’siri kengaydi. Bir vaqtning o‘zida “Islom davlati” terrorchi tashkilotining faolligi oshdi. Biroq bu mustaqil jarayon, har holda toliblarning bu tashkilot bilan do‘stlashgan joyi yo‘q. Keyinchalik Rossiya tomoni ham IShID va Markaziy Osiyo bilan bog‘liq yana bir jiddiy xavotir bilan o‘rtaga chiqdi.
Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov «IShID Markaziy Osiyo va butun mintaqada yoyilish uchun Afg‘onistonni o‘zining platsdarmiga aylantirishga urinayotgani»ni bayon qildi. «IShID Markaziy Osiyoga kirdimi, kira oladimi yoki bu Moskvaning mintaqadagi ta’sirini kuchaytirishga qaratilgan o‘yinimi?», degan savol so‘nggi yillarda qator ekspertlar e’tiborini o‘ziga qaratgan mavzulardan biri bo‘ldi.
Albatta, IShIDning Afg‘onistonda borligi rost. Bu allaqachon ortiqcha isbot-dalil talab qilmaydigan voqelikka aylangan. Guruh 2015-yil yanvar oyida Afg‘onistonda o‘zining Xuroson viloyatiga asos solganini e’lon qilgan. Terrorchi tashkilot buning ortidan qator zo‘ravonliklarga qo‘l urgan. Tinch aholini qatliom etgan. Afg‘onistonning turli shaharlarida portlashlar uyushtirgan. Hatto ta’lim markazlari, masjid va maqbaralarni ham nishonga olgan. Ammo shunda ham, guruh a’zolarining soni va kuchi borasidagi fikrlar bir xil emas. Chunki hech kim IShID Xuroson qanoti jangarilarining aniq sonini bilmaydi. Ularning bugun nimaga qodir ekani, qanday qurol-yarog‘lari borligi va yirik portlashlarni uyushtirish uchun kimdan ko‘mak olishi hanuz ma’lum emas. Ammo guruh o‘tgan uch yil ichida butun Afg‘oniston bo‘ylab kamida mingga yaqin insonning umriga zomin bo‘lgan qator hujumlarni uyushtirdi. Ular asosan Afg‘onistonning ikki sharqiy viloyati — Nangarxor va unga qo‘shni Ko‘narda faol. Terrorchi to‘da jangarilari so‘nggi yillarda Afg‘onistonning Markaziy Osiyo davlatlariga yaqin ayrim shimoliy mintaqalarida ko‘rinish bergan. Ayni shu hududlar Rossiya va Markaziy Osiyo davlatlarining xavotiriga sabab bo‘lib keladi. Ular IShID guruhining aynan shu yerdan turib o‘z faoliyatini mintaqaga yoyishi mumkinligidan tashvishda.
Ammo guruhning Afg‘oniston shimolidagi salmoqli mavqeyi haqida so‘z yuritish noo‘rin. Bunga, bir tomondan, toliblarning qarshiligi, boshqa tarafdan, Yaqin Sharq qatori butun dunyoda IShIDning mavqeyi zaiflashgani sabab. Xalqaro koalitsiya va Rossiya havo hujumlari natijasida Suriya va Iroqda ko‘p sonli jangarilar o‘ldirilgan. Bosib olgan hududlarining deyarli barchasini boy bergan IShID Afg‘onistonda ham jiddiy yo‘qotishlarga uchragan. O‘tgan uch yil ichida amerikaliklarning havo hujumlarida “Xuroson qanoti”ning to‘rt yetakchisi (amiri) ham o‘ldirildi. Ammo Afg‘oniston sharqida guruh hanuz faol. Afg‘oniston prezidenti Muhammad Ashraf G‘ani o‘tgan yili mart oyida Toshkentda o‘tkazilgan xalqaro anjumandagi chiqishida IShIDchilarning sonini taxminan ikki ming nafar dedi. Oradan muayyan vaqt o‘tdi. Bugun bu raqamlar o‘zgargani tayin. Ulardan aksariyati asli pokistonlik bo‘lgan sobiq toliblardir. Yana, ularning saflarida mahalliy afg‘onlar, Markaziy Osiyoliklar, oz bo‘lsa-da, hindlar, eronliklar, uyg‘urlar ham bor.
IShID Markaziy Osiyoda jiddiy hujum uyushtirishga qodir, deyishga hali erta. Biroq Shanxay Hamkorlik Tashkilotining mintaqaviy aksilterror bo‘linmasi ijroiya qo‘mitasi «Suriyada omon qolgan IShID jangarilarining 90 foizi Afg‘onistonga o‘tgan»ini ta’kidlagan.
Abduvali SOYIBNAZAROV, siyosiy sharhlovchi