Bezovta dunyo iztiroblari yoxud qurollanish poygasi
Bugun dunyoni ummonda chayqalib turgan ulkan kemaga qiyoslash mumkin. Ayniqsa, yirik davlatlarning o‘z ta’sir doirasini kengaytirish uchun u yoki bu mintaqada olib borayotgan kurashlari, yadro qurollarini takomillashtirayotgani ko‘pchilikni xavotirga solib qo‘ydi. AQSh va Rossiyaning O‘rta va qisqa masofaga uchadigan raketalar shartnomasidan chiqishi vaziyatni yanada chigallashtirdi. Myunxenda o‘tkazilgan xavfsizlik muammolari bo‘yicha xalqaro anjumanda ham ushbu mavzu kun tartibida markaziy o‘rinni egallagani bejiz emas.
Hozirgi paytda dunyoda harbiy xarajatlar oshib bormoqda. 2017-yil yakunlariga ko‘ra, jahon bo‘yicha jami harbiy xarajatlar 1,739 trillion dollarni tashkil etgan. Bu sovuq urush tugaganidan buyon mutlaq rekord hisoblanadi. AQSh ushbu poyganing rekordchisi. 2002-yildan 2017-yilgacha Qo‘shma Shtatlar harbiy sohaga 2,8 trillion dollar sarflagan. 2017-yili bu borada hech bir davlat AQShga yetolmagan — 610 milliard dollar. Bu butun dunyodagi harbiy xarajatlarning 35 foizini tashkil etadi.
2018-yilning iyulida AQSh prezidenti Donald Tramp Yevropa bo‘ylab safari doirasida NATO a’zolarini harbiy xarajatlarni ikki baravarga — yalpi ichki mahsulotning ikki foizidan to‘rt foizga oshirishga chaqirdi.
2019-yil 2-fevral kuni AQSh Rossiya bilan tuzilgan O‘rta va kichik masofalarga mo‘ljallangan raketalarni yo‘q qilish to‘g‘risidagi shartnomadan chiqdi. Bunga javoban Rossiya ham mazkur shartnomadagi ishtirokini vaqtincha to‘xtatishini ma’lum qildi. “The New York Times” gazetasida AQShning NATOdagi elchisi Key Beyli-Xatchinsonning “Agar O‘rta va kichik masofadagi raketalarni yo‘q qilish to‘g‘risidagi bitim bekor bo‘lsa, Rossiyani ayblang” sarlavhali maqolasi e’lon qilindi.
Muallifning ta’kidlashicha, Rossiya uzoq vaqtdan buyon O‘rta va kichik masofadagi raketalarni yo‘q qilish to‘g‘risidagi bitim bilan taqiqlangan raketalarni joylashtira boshlagan. Raketalarni ishlab chiqarish 2000-yilning o‘rtasida boshlangan, biroq bitimni bekor qilishga moyillik 2007-yildayoq paydo bo‘lgan. O‘shanda Rossiya prezidenti Vladimir Putinning Myunxen xavfsizlik bo‘yicha konferensiyasidagi nutqida raketalar bo‘yicha bitimga putur yetkazish istagi bo‘y ko‘rsatgan.
Rossiyadan farqli ravishda, AQSh raketalar bo‘yicha bitim va qurol-yarog‘lar ustidan nazorat bo‘yicha boshqa xalqaro majburiyatlarga qat’iy rioya qilmoqda, deb yozadi muallif. Beyli-Xatchinsonning umid bildirishicha, Kreml bitimga rioya qilishga qaytadi va uning tegishli talablariga javob bermaydigan 9M729 raketasini yo‘q qiladi.
Ammo Rossiyaning e’tirozlari ham yetarli. NATOning bepisandlarcha Rossiya chegaralari tomon kengayayotgani, xalqaro masalalarda Moskva pozitsiyasini inkor etishga qaratilgan urinishlar Rossiyani strategik raketa qurollarini rivojlantirishga undamoqda.
Shu o‘rinda O‘rta va qisqa masofaga uchadigan raketalar shartnomasi tarixiga nazar tashlasak. 1987-yil sentabrda Vashingtonda SSSR tashqi ishlar vaziri Eduard Shevardnadze o‘tkazgan muzokaralarda nihoyat murosaga kelindi. O‘sha yilning 8-dekabr kuni Vashington shartnomasi imzolandi va 1988-yil 1-iyundan kuchga kirdi.
Shartnomaga ko‘ra, tomonlar o‘rta (1000—5,5 ming km) va kichik (500—1000 km) masofalarga mo‘ljallangan barcha ballistik va qanotli raketa majmualarini yo‘q qilish hamda kelgusida bunday raketalarni ishlab chiqarmaslik, sinovdan o‘tkazmaslik va joylashtirmas-likka kelishishdi. Hujjatga muvofiq, tomonlar uch yil ichida 500 dan 5,5 ming kilometrgacha masofaga mo‘ljallangan barcha uchirish qurilmalari va raketalarni yo‘q qilishi lozim edi. Hujjatda raketalarning yo‘q qilinish jarayoni ikki tomon inspektorlari tomonidan kuzatib turilishi ko‘zda tutilgandi.
Shartnoma kuchga kirganidan so‘ng oradan 18 oy o‘tgach, har ikki tomon kichik masofaga mo‘ljallangan barcha raketalarini va ularni uchirish qurilmalarini yo‘q qildi. Uch yil davomida esa O‘rta masofaga mo‘ljallangan raketalar ham yo‘q qilindi. 1991-yilning iyuniga kelib shartnoma bajarildi: SSSR 1846 ta raketa majmuasini (ularning yarmiga yaqini ishlab chiqarilgan, lekin jangovar navbatchilikda bo‘lmagan raketalar), AQSh esa 846 ta majmuani yo‘q qildi.
2007-yil 15-fevralda Rossiya qurolli kuchlari bosh shtabi boshlig‘i, general Yuriy Baluyevskiy Sharqiy Yevropada AQShning raketaga qarshi mudofaa tizimlari joylashtirilishiga javoban barcha shartnomaviy-huquqiy tizim qayta ko‘rib chiqilishini bildirdi. U, xususan, Rossiya bir tomonlama tartibda O‘rta va kichik masofalarga mo‘ljallangan raketalarni yo‘q qilish to‘g‘risidagi shartnomadan chiqishi mumkinligini aytdi.
2013-yil iyunda Putin SSSRning o‘rta masofaga mo‘ljallangan raketalardan voz kechish haqidagi qarorini «kamida bahstalab», deb ta’rifladi va Rossiyaning shartnomadan chiqishi ehtimoli haqida gapirdi. 2014-yil iyulida AQSh prezidenti Barak Obama Vladimir Putinga yozgan maktubida Rossiyani O‘rta masofaga mo‘ljallangan raketalarni sinovdan o‘tkazishda aybladi. AQSh tomonining ta’kidlashicha, Rossiya 2008—2011-yillari shartnomani buzgan holda 500 kilometrdan uzoqqa uchuvchi qanotli raketani sinovdan o‘tkazgan. 2017-yili Amerika nashrlarida taqiqlangan raketa allaqachon joylashtirilgani haqida yozildi. Rossiya rasmiylarining ta’kidlashicha, bu raketaning ta’sir masofasi 500 kilometrdan kamroq. Rossiya tomonining fikricha, AQSh Yevropada raketalarga qarshi mudofaa qurilmalarini o‘rnatish bilan shartnomani buzmoqda. Bu qurilmalardan O‘rta va kichik masofaga mo‘ljallangan raketalarga o‘xshash qanotli raketalarni o‘rnatishda foydalanish mumkin.
Qurollanish poygasining iqtisodiy oqibatlari har doim ayanchli bo‘lgan. Dunyoni 70 yil davomida o‘zining “tinchliksevar” siyosati va harbiy qudrati bilan zir titratib kelgan SSSR parchalanib ketishining sabablaridan biri ham qurollanish poygasi edi.
O‘tgan davr mobaynida ommaviy qirg‘in qurollari yanada ko‘plab ishlab chiqarildi va takomillashtirildi. Natijada XX asrning 80-yillari oxiriga kelib to‘plangan yadro qurollari zaxirasi 50 ming megaton trinitritoldan oshib ketdiki, bu Ikkinchi jahon urushida qo‘llangan barcha turdagi portlovchi qurollardan 10 ming marta ko‘p demakdir, yoki boshqacha aytganda, mavjud 65 mingdan ziyod yadro portlagichi bilan Yer yuzi aholisini 50 marta yo‘q qilib tashlash mumkin. Yoki sayyoramizdagi har bir kishi boshiga 3,5 tonnadan portlovchi modda to‘g‘ri keladi.
XX asrning keyingi o‘n yilliklarida yadroviy qurollanish poygasining avj olishi tufayli, dunyo porox to‘ldirilgan bochkaga o‘xshab qoldi. Bu, albatta, katta-katta mablag‘lar evaziga amalga oshirildi. O‘tgan asrning 80-yillari boshida bir yilda dunyo bo‘yicha qurollanishga 600–700 mlrd dollar mablag‘ sarflangan bo‘lsa, shuning taxminan 450–500 mlrd dollari AQSh bilan SSSR hissasiga to‘g‘ri kelgan. Ikkinchi jahon urushi tufayli dunyo oltin zaxirasining 72 foizini o‘z qo‘lida to‘plagan AQSh atom monopoliyasiga egalik qilgan holda qurollanish poygasini boshlab berdi. Uning maqsadi mazkur qurollanish poygasiga SSSRni jalb qilish va uni kelajakda iqtisodiy tanazzulga uchratish edi.
Moskva oldida ikki yo‘l turardi: biri AQShning jahonda eng qudratli mamlakat ekanini tan olish; ikkinchisi iqtisodiy qashshoq bo‘lishiga qaramay, qurollanish poygasiga qo‘shilish va o‘zini jahon sotsializm sistemasini himoya qiluvchi birdan-bir qudratli davlat sifatida ko‘rsatib, hukmronlikka da’vogarlik qilish. Rahbariyat ikkinchi yo‘lni tanladi. Qurollanish poygasining avj oldirilishi dunyo bo‘yicha bir qancha muammolarni keltirib chiqardiki, bularning ijobiy yechimini topish insoniyat oldidagi qiyin masalalardan biri bo‘lib qoldi. Jumladan, savodsizlik, ekologiyaning buzilishi, uy-joy tanqisligi, oziq-ovqat yetishmasligi va boshqa muammolar kelib chiqdi. XX asrning 90-yillariga kelib sayyoramizda 960–980 mln kishi savodsiz edi, 2 mlrd kishi to‘yib ovqat yemadi, 2 mlrd kishi kasalliklarga chalindi, 1 mlrd kishi boshpanasiz qoldi. Ochlik va yalang‘ochlik sababli kuniga 40 ming bola hayotdan ko‘z yumdi. Ishlab chiqarilgan yadroviy qurollarning ba’zilarini pulga chaqadigan bo‘lsak, quyidagi raqamlar kelib chiqadi; 1 ta qiruvchi “F–14” samolyotini ishlab chiqarishga ketgan mablag‘ga 9 ta maktab; 1 ta “MX” strategik ballistik raketasini ishlab chiqarishga ketgan mablag‘ga o‘rtacha kattalikdagi beshta shifoxona; zamonaviy tank mablag‘iga 36 oilaga har biri 3 xonadan iborat turarjoy qurib berish mumkin. Bitta “Traydent–2” tipidagi strategik ballistik raketaning puliga 16 mln bolani bir yil davomida o‘qitish va ovqatlantirish mumkin edi. Yoki bitta atom kreyserining puliga bitta shaharni elektr energiyasi bilan ta’minlab turish; 1 ta avianosets puliga 1 ta GES qurish mumkin. 1989-yilning oxirida SSSR qurolli kuchlarining umumiy soni 4,5 mln kishi edi. Bu borada Xitoydan (4,1 mln) ham o‘zib ketgandi. Dalalarda nima uchun 100 minglab traktor va kombaynlar ishlamay turgani, SSSRning AQSh, Kanada va Avstraliyadan bug‘doy sotib olgani ham yuqoridagi omillar tufayli edi.
SSSR kimyo sanoati korxonalari 1990-yilning boshigacha 50 ming tonna zaharlovchi modda ishlab chiqargan. Vaholanki, butun insoniyatni zaharlash uchun 100 tonna iprit yoki lyuizitning o‘zi yetarli. Harbiy kimyogarlarning ta’kidlashicha, kimyoviy qurolning bu ulkan zaxirasini yo‘qotish uchun Rossiya o‘nlab yillar va milliardlab mablag‘ sarflashiga to‘g‘ri keladi. 1990-yilgacha Amerikada 5 marta nashr etilgan “Sho‘rolarning harbiy qudrati” kitobida qayd qilinishicha, harbiy texnika, qurol-yarog‘ va o‘q-dorilarning asosiy turlarini ishlab chiqarishda SSSR amerikaliklarni ortda qoldirib ketgan. 1989-yilning apreligacha xorijdagi harbiy bazalarda: Mo‘g‘uliston, Polsha, Vengriya, Chexoslovakiya va Germaniyada 672 ming sho‘ro askari va zobiti bo‘lgan. Xuddi shu paytda AQShning xorijdagi harbiy bazalariga 305 ming amerikalik harbiy xizmatchi joylashtirilgandi.
MRB ma’lumotlariga ko‘ra, SSSR har yili Afg‘oniston, Kuba, Angola, Efiopiya, Vetnamdagi tuzumlarni ushlab turish uchun katta miqdorda bepul harbiy yordam bergan. Bu xalq uchun turgan-bitgani zarar edi. Bepul yordam tashqi siyosatda kutilgan natijani bermadi. Misr, Somali, Gana “sotsialistik yo‘nalish”da biroz yurgach, butkul kapitalistik taraqqiyot tomon burildi. SSSR esa chuv tushib qolaverdi.
Yuqoridagi tahlillar shuni ko‘rsatib turibdiki, SSSRni iqtisodiy jihatdan halokatga olib kelgan va SSSR xalqlarining nochor ahvolda yashashining asosiy sababi qurollanish poygasi edi. Umid qilamizki, dunyoning harbiy-siyosiy jihatdan eng qudratli davlatlari murosa yo‘lini topadi va sayyoramizdagi tinchlikka raxna soladigan nizolar sodir bo‘lmaydi.
Abduvali SOYIBNAZAROV