Yaqin Sharq tinchligi – olam tinchligi
Bugun qanday shiddat bilan o‘zgarib, qarama-qarshilik, xavf-xatar kuchayib borayotgan notinch zamonda yashayotganimizni kuzatish va anglash qiyin emas. Urush alangalanayotgan mamlakatlar aholisi o‘zi yo‘l qo‘ygan qo‘pol xatolarning, aniqrog‘i, birovlarning nog‘orasiga o‘ynashning jabrini tortyapti.
Yaqin Sharq va Afg‘oniston kabi urush olovi so‘nmayotgan hududlar safiga Iroq, Sudan, Misr, Liviya, Suriya, Mali kabi mamlakatlar qo‘shilib, notinchlik, beqarorlik o‘choqlari yildan-yilga ko‘payayotgan ekan, bu hol dunyoga uyg‘oq boqayotgan, sog‘lom fikrli har bir insonni tashvishlantirmay qo‘ymaydi.
Ayniqsa, Arab davlatlaridagi qurolli ixtiloflar katta moliyaviy zarar keltirdi. Ta’kidlanishicha, Yaqin Sharq mintaqasining qator davlatlari iqtisodiy inqiroz yoqasiga kelib qolgan. Jahon banki rahbari o‘rinbosari Mahmud Muhiddinning ma’lum qilishicha, 2010—2018-yillari Suriya, Liviya va Yamanda kechgan ixtiloflardan arab olami 900 mlrd dollar talofat ko‘rgan.
Siyosatchilar bejiz “Yaqin Sharq tinchligi” — olam tinchligi iborasini ishlatmaydi. Chunki Ikkinchi jahon urushidan keyin boshlangan Isroil-Arab mojarosi asta-sekin boshqa davlat va mintaqalarda zanjir reaksiyasini keltirib chiqardi. Prezident Donald Trampning bir necha o‘n yildan beri davom etib kelayotgan AQSh siyosatidan voz kechib, Isroilning okkupatsiya qilingan Jo‘lan tepaligi ustidan suverenitetini tan olish haqidagi qarori esa vaziyatni yanada taranglashtirdi. Isroil bu hududni 1967-yili olti kunlik Isroil-Arab urushi paytida Suriyadan tortib olgan. 1981-yili Isroil Jo‘lan tepaligini anneksiya qilganini e’lon qilgan, ammo xalqaro hamjamiyat bu qadamni tan olmagan. Trampning fikricha, mazkur plato «Isroil davlati va mintaqaviy barqarorlik uchun strategik va xavfsizlik jihatdan o‘ta muhim»dir.
Suriya poytaxti Damashqning janubi-g‘arbidan 60 kilometr uzoqdagi bu hudud maydoni taxminan 1200 kvadrat kilometrga teng. Hudud Isroil va Suriyaning haligacha texnik jihatdan urush holatida qolishiga sabab bo‘layotgan omillardan biri hisoblanadi. BMT Isroilning Jo‘lan tepaligi ustidan anneksiyasini 1981- yildagi 497-sonli rezolyutsiyasi bilan «qonuniy kuchga ega emas» deb topgan.
Xalqaro hamjamiyat Donald Trampning mazkur qarorini qoraladi. “Shubhasiz, bunday chaqiriqlar Yaqin Sharqda shusiz ham keskin bo‘lib turgan vaziyatni izdan chiqarishi mumkin. Har qanday holatda ham bunday fikr Yaqin Sharqda barqarorlikni ta’minlash borasidagi maqsad va vazifalarni amalga oshirishga xizmat qilmaydi, buning aksi bo‘ladi”, dedi Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov.
Bundan uchta maqsad ko‘zlangan. Birinchisi, bu masalada AQShni nafaqat asosiy, balki yagona ittifoqchi sifatida ko‘rishi kerak bo‘lgan Isroilni o‘ziga yanada bog‘lab olish. Ikkinchi maqsad — arab dunyosini parchalab tashlash. Kimdir bo‘ysunadi va jim bo‘ladi. Bu esa uni AQShga yaqinlashtiradi va arab dunyosining bu masaladagi birligini zaiflashtiradi. Uchinchi maqsad — Suriyaga va uning Rossiya bilan hamkorligiga zarba berish. Qolaversa, 9-aprel kuni bo‘lib o‘tadigan saylovlarda Binyamin Netanyaxu boshchiligidagi Likud partiyasining yana hukumat tepasida qolishiga yordam berishi mumkin.
“Yevroittifoq AQSh prezidenti Donald Trampning qaroriga qaramasdan, ilgarigidek Jo‘lan tepaliklarini Isroilning hududi deb tan olmaydi, — deydi YI diplomatik xizmati vakili Mayya Kosyanchich. «YIning fikri o‘zgargani yo‘q. Yevroittifoq xalqaro huquqqa mos ravishda 1967-yili bosib olingan hududlar, jumladan, Jo‘lan tepaliklari ustidan Isroil suverenitetini tan olmaydi va ularni Isroil hududining bir qismi deb ko‘rmaydi».
Arab davlatlari ligasi Isroil bosib olgan Jo‘lan tepaliklariga nisbatan Suriyaning huquqini to‘laligicha qo‘llab-quvvatlaydi”, dedi tashkilot bosh kotibi Ahmad Abul G‘ayt. Uning so‘zlariga ko‘ra, Suriyaga tegishli Jo‘lan ustidan Isroil suverenitetining tan olinishi buning boshqalar uchun ham majburiy ekanligini anglatmaydi. «Arab davlatlari ligasi Isroil bosib olgan Jo‘lan tepaliklariga nisbatan Suriyaning huquqini to‘laligicha qo‘llab-quvvatlaydi, bu masalada rezolyutsiyalarga asoslangan aniq qarashimiz mavjud», dedi Abul G‘ayt. U Jo‘lan tepaliklari xalqaro huquq, BMT Xavfsizlik kengashi rezolyutsiyalariga muvofiq Suriyaning bosib olingan hududi hisoblanishini ta’kidladi.
Trampning o‘zi ushbu qarorga kelish borasida uzoq o‘ylanganini aytdi.
«Men bunday qilish to‘g‘risida uzoq o‘ylandim, bu AQShning barcha prezidentlari uchun og‘ir qaror bo‘lgan, hech qaysi prezident buni qilmagandi», dedi Tramp FOX Business telekanaliga bergan intervyusida.
Jo‘lan tepaliklari Isroil va Suriya chegarasida joylashgan tog‘li platodir. Uning uchdan ikki qismini 1967-yildan buyon isroillik harbiylar nazorat qiladi. Jo‘lanning ahamiyati uning tabiiy-geografik xususiyatlari bilan xarakterlanadi. Platoning o‘rtacha balandligi dengiz sathidan taxminan ming metr baland. Jo‘lan tepaliklarining g‘arbiy qismi O‘rta Yer dengizi qirg‘oqlaridagi pasttekisliklar bilan bog‘langan. Bu tekisliklarni platodan turib osongina o‘qqa tutish mumkin. Suriya chegarani surish kerak deb ko‘rsatayotgan tog‘ etaklari dengiz sathidan 200 metr pastda joylashgan. Bu tekisliklarni yuqoridan qilinadigan hujumlardan himoya qilib bo‘lmay qoladi. Isroilga Jo‘lan tepaliklari kerakligining yana bir sababi shundaki, undan oqib tushadigan daryo va irmoqlar mamlakat ehtiyoji uchun zarur bo‘lgan ichimlik suvining asosiy manbalaridan (uchdan bir qismi) hisoblanadi. Isroilliklar agar bu hudud Suriyaga berib yuborilsa, suv manbalari to‘sib qo‘yilishi yoki shunday tahdid vujudga kelishidan xavfsirashadi.
Endi Isroil—Falastin, Isroil—Suriya, Isroil—Livanning yechilmagan muammolari sirasiga Isroil—Eron ziddiyatining qo‘shilish ehtimoli paydo bo‘ldi. Eronning Fors ko‘rfazi va Yaqin Sharqda oshib borayotgan ta’sirini jilovlash, harbiy salohiyatini tiyib turish uchun AQSh, Isroil va Saudiya Arabistoni boshliq xalqaro ittifoq yuzaga kelishi borasida ham ma’lumotlar paydo bo‘lyapti.
Yaqinda Isroilning yuqori lavozimli harbiylaridan biri, general Gadi Eyzenkot Saudiyaga tegishli Elaph gazetasi bilan suhbatda josuslik ma’lumotlarini Saudiya bilan almashishga tayyor ekanini aytdi. “Eron masalasida biz Saudiya Arabistoni bilan yakdilmiz”, dedi u.
Saudiya va Isroil o‘rtasidagi munosabatlar taraqqiy etmoqda. Bir tarafdan bu «vaziyat taqozosi bilan barpo bo‘lgan koalitsiyadir». 2003-yili Iroqda Saddam Husayn hokimiyati ag‘darilar ekan, sunniy arablar o‘zlariga yangi xatar paydo bo‘lganini sezib qolishdi. Iroqning asosan shialardan iborat yangi hukumati Tehron bilan yaqin aloqalarni yo‘lga qo‘ydi. Iroq shialari qo‘shni Suriyada Asad rejimini qo‘llab-quvvatlay boshladi. Eronning Rossiyaga qo‘shilib Suriyada Asad rejimini qo‘llab-quvvatlashi Tehron foydasiga o‘ynadi.
Suriya orqali Tehron O‘rta Yer dengiziga o‘zi uchun muhim strategik yo‘l yaratdi. Sunniylar esa bu bilan Eronning Arab Yaqin Sharqining yuragiga kirib kelish ehtimolidan xavotirga tushgan. Eron va Saudiya o‘rtasidagi raqobat aslida strategik asosga egadir.
Isroilliklar Suriyani mintaqa kelajagining «laboratoriyasi» deb bilishadi. Shuning uchun ham Isroil valiahd shahzoda Muhammad bin Salmonning harakatlariga xayrixohlik bilan qaramoqda. Ammo Isroil va Saudiya Arabistonining hamkorligi qanchaga cho‘zilishi mumkin? Bu savolga bir tomonlama javob berish mumkin emas. Agar Saudiya va Isroil munosabatlari yaxshilansa, unda Falastin masalasida ham ijobiy o‘zgarish bo‘lishi kerak. Saudiyaliklar Isroilni ochiq tan olish uchun ayni masala hal qilinishi lozim degan qarashida sobit qolmoqda. Ammo AQShning Quddusni Isroilning yagona, ajralmas va bo‘linmas poytaxti sifatida tan olishi va elchixonasini Tel-Avivdan Quddusga ko‘chirishi Saudiyaning Isroil bilan ochiq tarzda yaqinlashishiga yo‘l bermaydi.
Falastin davlatchiligini kafolatlaydigan tinchlik muzokaralari boshlanmas ekan, Saudiya va Isroil munosabatlari yoki «ittifoqchiligi» soyada qolib ketaveradi. Pardalar ortida qanday o‘yinlar kechmasin, Saudiya Arabistoni va Isroil munosabatlaridagi muzliklar asta-sekin eriyotgani sezilmoqda. Bu, ayniqsa, taxt vorisi shahzoda Muhammad bin Salmonning yaqinda AQShning “The Atlantic” nashriga bergan intervyusida yaqqol ko‘zga tashlandi. «Yahudiylar hech bo‘lmaganda o‘z tarixiy vatanida milliy davlat qurishga haqlimi?» degan savolga valiahd: «Har bir millat tinch yashash huquqiga egaligi, falastinliklar va isroilliklar o‘z yerlariga ega bo‘lish huquqiga ega ekanliklariga ishonaman», deb javob qaytardi. «Lekin, — deydi shahzoda so‘zini davom ettirib, — biz barqarorlikni ta’minlash uchun tinchlik shartnomasi tuzmog‘imiz, aloqalarni yaxshilashimiz zarur».
Misr va Iordaniya Isroil bilan allaqachon tinchlik ruhidagi shartnomaga ega. Aksariyat kuzatuvchilar 16 yil oldin Saudiya Arabistoni homiyligida tashkil qilingan Arab Tinchlik Tashabbusini qirollik tashqi siyosatidagi eng yirik burilishlardan biri deb bilardi. Mazkur tashabbus ikki o‘rtada mavjud turli ixtiloflarni bartaraf qilish orqali Isroil bilan to‘la tinchlik shartnomasi imzolash, qochoqlar muammosiga adolatli yechim topish va Sharqiy Quddus hududida Falastin poytaxtini tashkil qilishni nazarda tutardi. Faqat buning uchun 1967-yilgi Olti kunlik urushdan oldingi chegaralar hisobga olinishi lozim edi. Biroq Arab Tinchlik Tashabbusi butun mintaqa kelajagini o‘zgartirib yubora oladigan ta’sirga ega bo‘lishiga qaramay, qog‘ozda qolib ketdi.
Albatta, so‘zlar emas, asl vaziyat muhim. So‘zlar esa asl vaziyatning in’ikosi, xolos. Ikki davlat o‘rtasidagi aloqalar bugun ilib qolgani yo‘q. Prezident Obamaning Yaqin Sharqdan chetlanish strategiyasi ortidan mintaqada ta’sir doirasini mustahkamlab olishga uringan Eron Isroil va Saudiya Arabistonini birdek xavotirga solmay qo‘ymagan. Ikkala davlat ham Eronning yadroviy dastur bo‘yicha shartnomasiga qarshi. Bundan tashqari, har ikkala davlat ham rasmiy Tehronning nafaqat Suriyada, balki butun mintaqada yoyilib borayotgan ta’siri kamayishini istaydi.
Isroil shu paytga qadar rasmiy Ar-Riyod bilan aloqalari mustahkamlanayotganini yashirmagan. Saudiya Arabistoni esa bu masalada vazminlikni qo‘ldan boy bermaslikka harakat qiladi.
Muzlar eriyotgani aniq. Biroq mintaqada tinchlik hukm surishi uchun Isroil-Falastin mojarosi kabi uzoq vaqtdan beri yechim topmay kelayotgan muammolarga barham berish zarur.
Abduvali SOYIBNAZAROV, siyosiy sharhlovchi