30 yillikka 30 kitob
Аlisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan “30 yillikka 30 kitob” nomli kitoblar taqdimoti o‘tkazildi.
Tadbir O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 30 yilligi munosabati bilan hamda buyuk mutafakkir ajdodimiz Аbu Mansur Moturidiy hayoti va ilmiy-maʼnaviy merosini keng jamoatchilikka yetkazish maqsadida tashkil etildi.
Unda O‘zbekiston zaminidan yetishib chiqqan olimlar hayoti va ilmiy merosini o‘rganishga bag‘ishlangan 10 ta risola, zamonaviy islomshunoslik masalalariga doir 6 ta kitob, 6 ta aqida matnlari, shuningdek, turli mavzularga oid o‘quv-uslubiy qo‘llanmalar taqdim etildi. Jumladan, Imom Moturidiy “Taʼvilot al-Qurʼon” asari 29-juzi, Mulla Аli Qori “Sharh al-Fiqh al-akbar”, Burhoniddin Marg‘inoniy “Hidoya” asarlarining o‘zbek tilidagi ilmiy-izohli tarjimalari va “Moturidiylik” ilmiy-maʼrifiy jurnalining nishona soni ham namoyish etildi.
Tadbir davomida ishtirokchilar Imom Moturidiy ilmiy merosi hamda moturidiylik taʼlimotining ahamiyati yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bayon qildi. Jumladan, Turkiyadagi Saljuk universiteti Imom Moturidiy markazi direktori Rejep Tuzju “Taʼvilot al-Qurʼon” asarining o‘zbek tiliga tarjima qilinishi musulmon olamida ulkan ahamiyat kasb etishini taʼkidlagan holda, ushbu xayrli ishga bosh-qosh bo‘lgan O‘zbekiston hukumati hamda Markaz ilmiy jamoasini tabrikladi.
Yuqori ruhda o‘tgan ushbu madaniy-maʼrifiy tadbirda xorijlik olimlar bilan bir qatorda, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi kabi bir qator muassasalarning vakillari va ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Shohsanam MAHMUDOVA,
“Ma’rifat” muxbiri