Fors ko‘rfazida urush sharpasi
Eron va AQSh ziddiyati bugun ko‘pchilikni o‘yga toldirgan. Kuchayib borayotgan taranglik harbiy to‘qnashuvga aylanishi tasavvur qilib bo‘lmaydigan oqibatlarga olib kelishi mumkin. Bu borada bir-biriga zid qarashlar mavjud. Birinchisi AQSh prezidenti Donald Tramp ma’muriyati Eron AQShga qarshi ehtimoliy hujumlar uyushtirishga tayyorlanayotganini ta’kidlaydi, ammo bu iddao yuzasidan hozirga qadar aniq tafsilotlar oshkor qilinmagan.
Ikkinchi qarash — yuzaga kelayotgan inqirozda Vashingtonning o‘zi aybdorligi. Ajablanarli jihati yo‘q, Eron ayni shu qarashni ilgari suradi. Tramp ma’muriyati tanqidchilari ham aynan shunday fikrda. Bundan tashqari, AQShning yevropadagi ayrim muhim ittifoqchilari ham Trampning Yaqin Sharq siyosati bo‘yicha xavotirona fikrlar bildirmoqda. Ushbu qarashni ilgari surayotganlar prezident Tramp ma’muriyatining ayrim vakillari — milliy xavfsizlik masalalari bo‘yicha maslahatchi Jon Bolton yoki Davlat kotibi Mayk Pompeo — Tehron tuzumini o‘zgartirishni istamoqda, agar ular iqtisodiy sanksiyalar ish bermasa, ma’lum sharoitlarda harbiy chora istisno qilinmasligiga ishonishadi.
2015-yildagi xalqaro yadro shartnomasiga binoan olib tashlangan, ammo keyinchalik yana qayta joriy etilgan AQSh sanksiyalari Eron iqtisodiyotini holdan toydirmoqda. Eron esa dunyoga yadro dasturini qaytadan ishga tushirish bilan tahdid qilyapti. Prezident Tramp bir yil avval AQShni Eron yadro dasturini cheklash bo‘yicha erishilgan xalqaro bitimdan chiqargan va Tehronga qarshi keng ko‘lamli bosim o‘tkazish siyosatini boshlagan edi. Eron esa yevropa davlatlari va Rossiyani o‘ziga iqtisodiy ko‘mak ko‘rsatishga undamoqda. Agar ular mamlakatning cho‘kib borayotgan iqtisodiyotini saqlab qolish chorasini ko‘rmasa, u holda yadro bitimi bekor qilinishini ta’kidlamoqda. Bunday holat faqat prezident Tramp ma’muriyati manfaatiga xizmat qilishi mumkin. Har holda Tehronga qarshi kuch ishlatish uchun bahona paydo bo‘ladi. Endilikda ko‘p narsa Oq uy ichida davom etayotgan muhokama va rejalarga bog‘liqligicha qolmoqda.
Xalqaro matbuotda ketma-ket e’lon qilinayotgan maqolalardan prezident Trampning urushga ro‘yxushligi yo‘qligini anglash mumkin, lekin AQSh hukumati a’zolari bu borada yakdil fikrda emas. Hokimiyatga kelganidan boshlab Tramp AQShning xorijdagi harbiy harakatlarini qo‘llamasligi bilan ma’lum. Biroq AQSh harbiy kuchlari yoki bazalari hujumga uchragan taqdirda, prezident Trampning qo‘l qovushtirib o‘tirishiga ishonish qiyin. Bir vaqtning o‘zida Vashingtonning mintaqadagi ittifoqchilari — Isroil va Saudiya Arabistoni — Eronga qarshi davom etayotgan bosimlarni bir chetda turib olqishlayotgan bo‘lsa, Trampning yevropalik hamkorlari mavjud vaziyatdan tashvishga tushmoqda. Ana shunday keskin sharoitda Saudiya Arabistoni podshohi Salmon ibn Abdulaziz as-Saud arab dunyosi yetakchilarini Makkada favqulodda sammit o‘tkazishga chaqirdi.
Ayni damda Eron va AQSh o‘rtasida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan harbiy ziddiyatni 2003-yili boshlangan Iroq urushiga mengzaydiganlar talaygina. Biroq bu to‘g‘ri qiyoslash bo‘lmaydi. Eron Saddam Husayn Iroqidan juda katta farq qiladi. Saddam AQShga qarshi eskirgan oddiy qurollar bilan jang olib borgan bo‘lsa, Eron zamonaviy qurollar va ballistik raketalarga ega. 85 million aholining aksariyatini yoshlar tashkil qilishini hisobga olsak, har kim ham Eronga qarshi quruqlikda operatsiya boshlashga botina olmasligi ayon bo‘ladi. Urush boshlangan taqdirda ham, keng ko‘lamda olib borilmaydi. Buning o‘rniga, asosan suv va havoda harbiy harakatlar olib boriladi hamda Eronning qarshiligi ham ancha jiddiy bo‘ladi. Eron bilan urush butun Yaqin Sharqni olov ichida qoldirishi mumkin.
Donald Tramp prezidentlikka saylanganda AQShning tashqi siyosatiga jiddiy putur yetishini bashorat qilganlar ham bo‘lgan. Bugungi kunda Eron atrofida shakllanib kelayotgan vaziyat AQSh tashqi siyosatida ko‘p tomonlama inqiroz mavjudligini ko‘rsatmoqda: xalqaro bitimlarni xushlamaslik; mintaqaviy ittifoqchilarga haddan ziyod suyanish; uzoq vaqt AQSh hamkori bo‘lib kelgan NATO davlatlari bilan aloqalarning sovuqlashishi; hammasidan ham muhimi — Vashingtonning real strategik manfaatlarini aniqlay olmaslik va ilgari surolmaslik.
Dunyoda qudratli davlatlar raqobati oshayotgan, kuchiga kuch qo‘shilayotgan Xitoy va oyoqqa turayotgan Rossiyaga qarshi AQSh o‘z qurolli kuchlari salohiyatini kuchaytirishga tirishayotgan bir paytda Eron Vashingtonning strategik maqsadlarida qanday o‘rinni egallab turibdi? Eron global ta’sirga ega inqirozga sabab bo‘la oladimi? AQSh tashqi siyosati bo‘yicha ko‘plab tahlilchilar bu savolga yo‘q, deb javob beradi. Aksar ekspertlar Tehronni tiyib turish zarurligini ta’kidlaydi, ammo ochiq urushga sabab bo‘lishi mumkin bo‘lgan harakatlar hozircha kuzatilmayotganini aytadi. Mabodo urush boshlangan taqdirda ham, bu eronliklar va amerikaliklarning o‘z xatolari mevasi bo‘ladi.
E’tirof etish kerak, xalqaro sanksiyalar Eron Islom Respublikasini murakkab ahvolga solib qo‘ydi. Bir yil ichida inflatsiya ikki barobarga oshdi, uch oy ichida rialning dollarga nisbatan kursi 54 foizga tushdi. Mamlakatdagi vaziyat tarang. Bu yil Eron islom inqilobining 40 yilligini nishonladi. Avvaliga islomiy inqilob uzoq yashab qololmaydigandek tuyulgan edi, ammo u jon saqlab kelmoqda. Saylov ortidan saylov o‘tib, millionlab eronliklar liberal va konservativ siyosiy qarashlar qorishmasiga ega nomzodlarni tanlamoqda. Bora-bora hokimiyatga liberal shaxslar kelmoqda. Ammo ular hukumat tepasiga kelgandan so‘ng konservativ ruhdagi tuzumni o‘zgartira olmayotir. Konstitutsiyaga tayangan holda ulamolar, inqilob qo‘riqchilari va boshqa konservativ kuchlar, hokimiyatga kim kelmasin, deyarli barcha narsani o‘z nazorati ostida saqlab qolishga muvaffaq bo‘lmoqda. Oliy ruhoniyning obro‘si va ta’siri har qanday saylangan prezidentnikidan yuqoridir. Konservativ kuchlar esa hokimiyatni qo‘ldan chiqarib yubormaslik yo‘lida bor imkoniyatini ishga soladi.
Eron musulmonlarining 90 foizdan ziyodrog‘i shia mazhabiga mansub. Ular 1979-yili shoh tuzumini ag‘darib tashlab, butun Islom dunyosini larzaga solgan edi. Eron inqilobidan ruhlangan Livan va Fors ko‘rfazining ayrim qismlarida joylashgan mamlakatlar shialari o‘zining jamiyatdagi eng quyi qatlam ekanini tan olishni bas qilib, yanada ko‘proq nufuzga ega bo‘lishga intilmoqda.
G‘arb tomonidan qo‘llab-quvvatlangan shohning ag‘darilishini olqishlagan bo‘lsa ham, mintaqada yashovchi sunniylar bunday holatdan qattiq xavotirga tushdi. 1980—1988-yillar davomida Eron Iroq bilan qonli urush olib bordi. Har ikki tuzum ham jon saqlab qolishga zo‘r berib, harakat qildi. Ammo 2003-yili AQShning Iroqqa bostirib kirib, sunniy ozchiligi hokimiyatini parchalab tashlashi ortidan mamlakatni Eron qo‘llovini olgan shialar boshqarishga kirishdi. Islomiy Respublika ayollarning kiyinishiga qattiq turgani bilan Saudiya Arabistonidek ayollar huquqlarini qo‘pol ravishda oyoqosti qilmaydi. Eron ayollari bemalol biznes bilan shug‘ullanadi, mol-mulkka egalik qiladi, mashina haydaydi va muhim siyosiy amallarni egallagan. Joriy hukumat inqilobdan beri anchayin liberallashgan. Ehtimol, Oyatulloh Humayniy bunday holatga yo‘l qo‘ymagan bo‘lar edi, ammo aynan murosasozlik yillar mobaynida Islomiy Respublikani qulashdan saqlab keldi.
Bugun mamlakat ahli korrupsiya yuzasidan shoh davridagidan ko‘ra ko‘proq darg‘azab bo‘lmoqda. Mavjud tuzumga qarshi biror jiddiy ichki xavf yo‘qligidan Eron sokin ko‘rinadi. Biroq aksar omma tomonidan saylangan ojiz liberal hukumat va qudratli konservativ kuchlar o‘rtasidagi muvozanat abadiy davom etadi, deb o‘ylash juda ham mushkul. Humayniy Parijdan olib kelgan ayovsizlik, noaniqlik va qasoskorona kayfiyat bugun ancha bosilgan.
Liberallar va konservatorlar o‘rtasidagi mamlakatni boshqarish yuzasidan shakllangan mo‘rt murosa hali mavjud ekan, Humayniyning inqilobi jon saqlab qolaveradi. Prezident Jorj Bush hukumati Eronning mintaqadagi super kuchga aylanganini tan oldi. Biroq ushbu e’tirof Eronning manfaatlariga mutlaqo zid edi. Chunki shundan keyin Isroil va AQSh ma’muriyatlari Eronni dunyo tinchligiga eng katta xavf sifatida ko‘rmoqda. Yevropa Ittifoqi esa bu masalada umuman boshqacha fikrda. Ittifoq a’zolari Eronni ziddiyatli mamlakat, deya atash bilan bir vaqtda, AQSh sobiq prezidenti Barak Obama davrida erishilgan Eron yadro dasturi bo‘yicha kelishuvga amal qilishda davom etishni istaydi. Hozir Eron, aksar odamlar tasavvuridan farqli o‘laroq, murosa qilishga moyil davlatga aylangan.
Birgina imzo bilan AQSh prezidenti Donald Tramp Eronning yadroviy intilishlarini jilovlab turishga qaratilgan shartnoma kelajagini xavf ostiga solib qo‘ydi. Prezident shartnoma va uning tarafdorlariga qarshi shafqatsiz hujum kampaniyasini boshlab yubordi. Biroq Tramp shartnomaning o‘rnini bosuvchi muqobil siyosiy yechim taklif qilmadi. Uning ushbu harakati oqibatida rasmiy Vashingtonning eng yaqin ittifoqdoshlari bilan diplomatik munosabatlariga putur yetishi mumkin. Ayni vaqtda ba’zilar Trampning bu qarori Yaqin Sharq mintaqasiga yangi va yanada dahshatli urush olib kelishi ehtimolidan xavotirga tushdi.
2015-yili imzolangan Eron yadroviy dasturi shartnomasi hali butkul falajlanib qolgani yo‘q, lekin yashab qolish uchun ko‘makka muhtoj. Biroq mamlakat ichkarisidagi qudratli shaxslar Eronning nafaqat yadroviy dastur shartnomasidan, balki birato‘ la Yadro qurolini tarqatmaslik to‘g‘risidagi shartnomadan ham chiqib ketishini istamoqda.
Abduvali SOYIBNAZAROV, siyosiy sharhlovchi