Bu kunlar, albatta, o'tib ketadi
Inson yoshligida, odatda, maktabda, oliygohga kirish va unda ta’lim jarayonini yakunlash bosqichida imtihon topshiradi. Bunday paytlarda tayyorgarlik qizg‘in bo‘ladi: nimani bilamiz, yana nimalarni bilishimiz kerak, imtihondan o‘tish uchun muhimi nima?.. Keyin hayot imtihonlari boshlanadi. Hayotiy imtihonlar to‘laqonli kishini har kuni sinovdan o‘tkazadi va uning savollari ham zalvorli: “Sen ota-onangga yaxshi farzandmisan?”, “Sen risoladagi ota yoki ona bo‘la oldingmi?”, ”Sen yaxshi mutaxassismisan?”, “Sen jamiyatda o‘zgalarga namunamisan?”, “Sening boshqalarga foydang tegyaptimi?”…
Bugun butun boshli kishilik jamiyati uchun sinov-imtihon davri boshlandi, insoniyat ko‘rinmas yov, sinovdard – koronavirus infektsiyasi bilan kurashmoqda. Kurashning ham shakli o‘zgacha: qo‘lingga qurol olib “yov”ni otib tashlolmaysan yoki uning tirillab turgan pulemyoti yo‘qki, ko‘ksingni tutib boshqalarni qutqarsang yoki atom stantsiyasi emaski, aql bilan uni yashirincha izdan chiqarsang…
Ha, “boshi isitmada bo‘lgan Yer shari“ga, uning gultoji bo‘lgan inson zotiga bugungi kunning imtihoni og‘ir keldi. Shoir aytganidek,
Bu yengil havoda uchar og‘ir dard,
Har yutum nafasda xavotir endi.
Xudo bandasiga qo‘ydi nozik shart:
Qo‘lingdan kelgani duodir endi.
Oddiy hayotiy tashvishlar, turmushdagi yumushlar, faqat o‘zimiz bilangina bog‘liq bo‘lgan muammolar bir qadar chekindi go‘yo. To‘g‘rirog‘i, “Bugun qaysisini kiysam ekan?” yoki “Tushlikka nima yesam ekan-a?” kabi dumbul tashvishlar xayolida beparvo yurishlar ham bir qadar barham topdi. Irqidan, millatidan, ijtimoiy kelib chiqishidan, yoshi, mansabi, turmush tarzi, yashash sharoitidan qat’i nazar, tafakkuri but odamlar faqat bitta masala atrofida birlashmoqda: yer yuzida inson zotini va uning sog‘lom turmush tarzini saqlab qolish shart.
Aksariyatimiz hushyor tortdik: vijdon va o‘zligimiz oldidagi imtihon boshlandi. Shu kungacha bosgan qadamlarimizning qay biri savobga yetakladi-yu, qay biri bizni inson shaklidan toydirdi…
“Har yomonning bir yaxshisi, har yaxshining bir yomoni bor”, deydi oqillarimiz. Inchunun, bugungi sinovli kunlar ham qaysidir ma’noda barchamizni tarbiyalamoqda. Ijtimoiy tarmoqlardan birida “Bir shingil kulgu” o‘qib qoldim. Unda shunday deyiladi: “Uyda qoling. Uyda qoling. Ana uyda qoldim. Uyda qolib qarasam, mening bitta oydek xotinim, ikkita shirin-shakar farzandim bor ekan. Ha, ha, haaaa.” Negadir, bu hazil menga tabassum bag‘ishlamadi. Bilasizmi, nega? Biz insoniy, yanayam aniqrog‘i, sharqona tarbiya, odob-ahloqdan ancha yiroqlashgan ekanmiz…
Ana qarang, qanday soz: vujudimizda, shuurimizda mudrab yotgan inja tuyg‘ular uyg‘ondi, insoniy fazilatlarga erk berdik: oilaviy kitobxonlikni boshladik, hovlidagi daraxtlar-u ishkom toklarigacha shakl oldi, dam-badam bozorlarda izg‘imasak ham bo‘lar ekan. Aslida, ro‘zg‘orda ham “eplasak, elakda suv turar” ekan. Oila davrasida tinch o‘tgan har bir kunga shukrona aytyapmiz, oyog‘imiz ostida yanchilganini hatto sezmaganimiz – bahor chechaklarini deraza ortidan kuzatyapmiz, mitti jonlarda hayot nafasi naqadar shirinligini his etyapmiz. Sabr, qanoat qilmoqda hikmat ko‘pligini yurak-yurakdan anglab boryapmiz…
Biz kasbimiz taqozosi bilan hamma joyda, har qanday vaziyatda ham o‘qituvchimiz, ustoz-murabbiymiz. Bugungi kunning ilg‘or texnika tizimlari har birimizni hamkasblarimiz bilan, qadrdon o‘quvchilarimiz-u izdosh talabalarimiz bilan bog‘lanish, dars jarayonini masofali yo‘lga qo‘yish imkonini berdi. Masofali ta’limda moodle.uz platformasida, online, offline shakllarida videodarslar, audiodarslar, hatto teledarslar o‘tishni boshlab yubordik. O‘zbek o‘qituvchisiga ongi shuurini, ilmini yana va yana ezgulik yo‘lida yo‘naltirish imkoniyati yaratildiki, buning uchun sarosimalarimizni bartaraf etgan, qo‘l qovishtirib o‘tirmasligimizni ta’minlash chora-tadbirlarini belgilab bergan mutasaddilarning borliklariga shukr qilamiz.
“O‘zbekistonda hech bir inson, hech bir oila davlatimiz va jamiyatimiz e'tibori va g‘amxo‘rligidan chetda qolmaydi!” Yurtboshining bu gaplaridan otam g‘amxo‘rligini sezdim, onamning mehrli qo‘llari tafti o‘tdi peshonamga go‘yo... Hayotning katta yo‘lida dilbandlarim, o‘quvchilarim, talabalarim, hamkasblarim bilan turibman. Bir tanish mehr yugurdi qalbimga... Ortimga boqsam, suyanchim, yupanchim, qudratlim–O‘zbekiston turibdi: “Bu kunlar, albatta, o‘tib ketadi!” deya mardona.
Vujudimga jon, ruhimga tetiklik indi: men ham har qanday kuningda senga yelka tutishga tayyorman, yurtim!
Dilorom Yo‘ldosheva, BuxDU dotsenti