Kashmir — tortishuvlar markazi
Kashmir Hindiston va Pokiston o‘rtasida bir necha o‘n yillardan buyon davom etib kelayotgan kelishmovchilik va bahs-munozaraning asosiy sababidir. O‘rtadagi ziddiyat qurolli to‘qnashuvga aylanib ketgan paytlarda, dunyo ahli atom urushi boshlanishidan xavotirga tushadi. Chunki bu ikkala davlat ham atom quroliga ega.
Jammu va Kashmir sobiq knyazligi hududining to‘laligicha yoki qisman kimga tegishliligi Pokiston va qisman Xitoy tomonidan ham bahsga sabab bo‘lib keladi. Pokistonda Jammu va Kashmir shtatining Hindiston nazorati ostidagi qismi bosib olingan hudud sanaladi. Pokiston nazoratidagi Kashmir hududi esa Ozod Kashmir va Gilgit-Boltiston deb yuritiladi. O‘z navbatida, Xitoy ham aholisi kam, ammo strategik muhim hudud — Aksaychin va baland tog‘li hududlarni egallagan. 70 yildan oshibdiki, Hindiston tarkibidan Pokistonning ajralib chiqishi ortidan yuzaga kelgan Kashmir muammosi hal etilmaydi. Qorli tog‘lar bilan o‘ralgan Kashmir jannatmonand o‘lka deb ta’riflanadi. Ammo so‘nggi 20 yil ichida bu hudud uchun yuzaga kelgan nizolarda 40 mingdan ziyod insonning yostig‘i quridi.
Hindiston Islomobodni ayirmachi jangarilarni qo‘llab-quvvatlashda ayblasa, Pokiston Hindiston kuchlari Kashmir-dagi musulmonlarga bosim o‘tkazib, aholi noroziligiga sabab bo‘lgan, deydi.
Hindistonning Kashmir muammosini tinch yo‘l bilan hal etish borasidagi sa’y-harakatlariga ulkan qadam sifatida qaraladi. Biroq Kashmirdagi Hindiston boshqaruviga qarshi kurashib kelayotgan, bir necha ayirmachi guruhlarni o‘zida birlashtirgan Birlashgan Jihod Kengashi ayni harakatlarni rad etadi.
Kashmir tufayli Hindiston va Pokiston ikki marotaba urushgan. Ammo tomonlar, Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga a’zo bo‘lganidan beri o‘rtadagi nizolarni, xususan, Kashmir mojarosini tinch yo‘l bilan hal etish istagini namoyon etmoqda.
Biroq 2019-yilning 14-fevral kuni “Jayshi Muhammad” terrorchilar tashkiloti a’zolarining Hindiston harbiylar avtokolonnasiga hujumi natijasida 45 nafar hind askarining halok bo‘lishi munosabatlarning taranglashuviga olib keldi. Hatto Hindiston va Pokiston bir-birining pozitsiyasiga zarba berish uchun harbiy samolyotlarni ishga soldi. Pokiston Bosh vaziri Imron Xon rasmiy murojaat bilan chiqdi. U Islomobod Dehli bilan tinchlik muzokaralari o‘tkazilishi tarafdori ekanini, harbiy javob choralari faqatgina agressiya harakatlari boshlangan taqdirda qo‘llanilishini ma’lum qildi. Xon hind tomonini Kashmirdagi qo‘poruvchilik yuzasidan hamkorlikda tekshiruv o‘tkazishga chaqirdi.
Bu voqealarni 1971-yili ikki davlat o‘rtasida boshlangan urushdan keyin qayd etilgan eng xavfli vaziyat, deb baholash mumkin. Dunyo jamoatchiligi Dehli va Islomobodni muzokaralar stoli atrofida o‘tirishga, yuzaga kelgan keskinlikni muloqotlar orqali yumshatishga chaqirmoqda. Jumladan, Xitoy, AQSh, Rossiya, Kanada, Turkiya, BMT bosh kotibi Antonio Guterresh ikki davlat o‘rtasida vositachilik qilishga tayyor ekanini bildirdi. Ammo Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi Dehli va Islomobodga uchinchi taraf kerak emasligini, o‘zaro til topishib olish uchun yetarli imkoniyatlar mavjudligini ma’lum qildi.
G‘arblik ekspertlar tomonlarning yadro qurolini ishga solishiga unchalik ishonmasa-da, shunday xavf yuzaga kelishini ham inkor etmayapti. Ularning fikricha, Hindiston va Pokiston o‘rtasidagi keskinlik aviazarba berish, artilleriya otishmalari hamda maxsus kuchlarning amaliyotidan nariga o‘tmaydi. Eng asosiysi, yadro aslahalarini ishga tushirishga Pokistonning ham, Hindiston tomonining ham xohishi yo‘q.
2017-yili ham Kashmirda taranglik yuzaga kelgan. O‘shanda ayirmachilar federal parlamentning quyi palatasi uchun o‘tkazilgan saylovlarga qarshi boykot e’lon qilgan. Buning ortidan tartibsizliklar boshlangan. Politsiya va namoyishchilar o‘rtasidagi to‘qnashuvlarda 8 kishi halok bo‘lib, yuzlab kishilar qo‘lga olingan. Saylovlar barbod bo‘lgan: 70 dan ortiq saylov uchastkalari hujumlar tufayli muddatidan avval yopilgan. Ovoz berish jarayonida saylovchilarning atigi 7 foizi ishtirok etgan. Politsiya namoyishchilarni tarqatib yuborishga uringan, unga javoban odamlar tartib posbonlarini toshbo‘ron qilgan. Natijada politsiya ko‘zdan yosh sizdiruvchi gaz qo‘llagan, ayrim holatlarda o‘t ochilgan.
Kashmir mojarosi 1947-yildan buyon davom etib keladi. O‘shanda Britaniya Hindistoni ikki qismga bo‘lingan. Islom diniga e’tiqod qiluvchilar alohida davlat — Pokistonni tashkil etgan. Chegaralar shoshilinch belgilangan. Musulmonlar Pokiston hududiga, hindular va sikhlar Hindistonga tartibsiz ko‘chirilgan. Bu jarayon qonli xunrezliklar bilan kechgan. Yuz minglab kishilarning halok bo‘lishiga, 12 milliondan ortiq odamning boshpanasiz qolishiga sabab bo‘lgan. Mamlakat ikkiga bo‘lingach, musulmonlarning uchdan ikki qismi Pokistonga o‘tgani, qolgan qismi Hindistonda ekani ma’lum bo‘ldi. Kashmir hukmdori mintaqa aholisining 90 foizi musulmon bo‘lishiga qaramay, Angliya parlamentining Hindiston mustaqilligi to‘g‘risidagi qonuniga asoslanib, Kashmirni Hindiston tarkibiga kiritishga qaror qiladi. Bu qaror Pokiston tomonidan qabul qilinmaydi. Bu o‘z navbatida ikki mamlakat o‘rtasida qurolli to‘qnashuvlarga sabab bo‘ldi. Natijada Kashmir ikkiga bo‘linadi. Ya’ni, hududning 86 ming kvadrat kilometrini Pokiston, 130 ming kvadrat kilometrini Hindiston nazorat qiladi. Hindiston nazoratidagi hudud Jammu va Kashmir shtati deb yuritiladi. Buyuk Britaniya mustamlakasi davridan buyon Kashmirning mustaqilligi tarafdorlari bo‘lmish milliy harakatlarning faollashuvi esa masalani yanada murakkablashtirdi.
Tarixga murojaat qilsak, har ikki davlat Kashmir uchun ikki marta katta urush olib borgan. Birinchi Hind-Pokiston urushi 1947-yilning 22-oktabriga o‘tar kechasi boshlandi. 1965-yilning aprelida ikkinchi Hindiston-Pokiston urushi boshlandi.
Har ikki mamlakat turli bloklarga a’zoligi sabab bu nizolar mintaqadagi boshqa davlatlarni ham qamrab olish xavfi paydo bo‘ldi. Toshkent ularni yarashtirish maydoniga aylandi. 1966-yilning 11- yanvarida Pokiston prezidenti Muhammad Ayyub Xon va Hindiston bosh vaziri La’l Bahodur Shastri tomonidan Toshkent deklaratsiyasi imzolangan va ikki mamlakat o‘rtasida davom etayotgan qurolli nizolarga barham berilgan edi. Ularning har ikkisi kuchli siyosatchi edi. Asli harbiy bo‘lgan Muhammad Ayyub Xon harbiy to‘ntarish orqali davlat tepasiga kelgan va referendum orqali o‘z hokimiyatini mustahkamlab olgan edi. Shastri esa mustaqil Hindistonning Javoharla’l Nerudan keyingi ikkinchi rahbari edi. Muzokaralar oson kechmadi. Tomonlar bir-birlarini ayblar ekan, qurolli mojarolar uchun mas’uliyatni o‘z zimmalariga olishni istamasdi. Biroq Toshkentdagi diplomatik sa’y-harakatlar samarasiz kechmadi.
O‘shanda Toshkent deklaratsiyasi mintaqaning siyosiy va diplomatik tarixida unutilmas voqelik sifatida tan olingan edi. Tinchlik shahrida deyarli bir hafta (3—10 yanvar kunlari) muzokaralar davom etdi. Oxir-oqibat tinchlik bitimi imzolanganidan keyin, xursandlikka yuragi dosh berolmay, Shastrining vafot etgani ham ayni haqiqat. Shastrining Hindiston bayrog‘i yopilgan tobutini Pokiston prezidenti ham aeroportgacha kuzatib qo‘ydi. Hindistonning mashhur siyosatchisi sharafiga Toshkentda ikkita yodgorlik — byust va haykal o‘rnatilgan.
Imzolangan hujjatga ko‘ra, tomonlar o‘z qurolli kuchlarini avvalgi holatga qaytardilar. Ikki mamlakat o‘rtasida savdo-iqtisodiy aloqalar qayta tiklandi. Buning samarasi o‘laroq, siyosiy doiralarda “ Toshkent ruhi” degan ibora ishlatila boshlandi. Toshkentning obro‘si nafaqat Osiyo qit’asida, balki jahonda ancha yuksakka ko‘tarildi.
To‘g‘ri, oradan olti yil o‘tib, ya’ni 1971-yili Hindiston va Pokiston o‘rtasida yana qurolli to‘qnashuv bo‘lib o‘tdi. Buning oqibatida Pokiston sharqiy mintaqasini boy berdi va uning o‘rnida Bangladesh davlati paydo bo‘ldi. 1971-yilning dekabrida Hindiston va Pokiston o‘rtasida yangi bitim imzolandi. Ammo shunga qaramay, ikki mamlakat o‘rtasida muntazam qurolli nizolar chiqib turadi. Shu sababli ham bu ikki mamlakatning ShHTga a’zoligi mavjud muammolarning bartaraf etilishiga xizmat qilishi shubhasiz.
Taxminan 120 tadan yadroviy jangovar kallakka ega ikki davlat o‘rtasida 2002-yili ham yadro urushi yuz berish xavfi vujudga kelgandi. O‘shanda bunga terrorchilar tomonidan Hindiston parlamentida sodir etilgan qo‘poruvchilik sabab bo‘lgan. Oqibatda ikki davlat o‘z chegaralariga 500 ming nafargacha harbiy xizmatchini joylashtirgan. O‘shanda yadro urushini Moskva va Vashington to‘xtatib qolgan. Rossiya Hindiston bilan, AQSh Pokiston bilan muzokaralar olib borgan. Bugungi kunda, afsuski, Rossiya va AQShning Hindiston-Pokiston mojarosini tartibga solishda birga harakat qilishiga umid qilmasa ham bo‘ladi.
Shuni ham yoddan chiqarmaslik kerakki, Kashmir muammoning yagona sababi emas. Olimlarning fikricha, sayyoramizdagi birinchi yadro urushi suv uchun boshlanishi mumkin va u Rossiya va AQSh o‘rtasida emas, balki Hindiston va Pokiston o‘rtasida boshlanishi ehtimoli mavjud. BMTning Gamilton(Kanada)dagi suv zaxiralari, atrof-muhit va salomatlik instituti xodimlari Hindiston yarimorolida ichimlik suvi yetishmasligi juda jiddiy muammo ekanini aytmoqda. Ularning fikricha, Hind daryosi havzasi istalgan vaqtda portlashi mumkin bo‘lgan suv «bombasi» hisoblanadi. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, oxirgi yillarda yarimorolda suv zaxiralari uchun nizo avj oldi. Yaqinda Hindiston Hind daryosi bo‘yicha ikki tomonlama komissiya ishi yakunlanishini ma’lum qildi. Bu komissiya Hindiston va Pokiston o‘rtasidagi suv munosabatlarini 1960-yildan boshqarib kelgan. 1960-yili davlatlar Hind suvlari haqida kelishuvni imzolagandi.
Kelishuv doirasida Hindiston Hindning uchta sharqiy irmog‘idan, Pokiston esa ikkita g‘arbiy irmog‘i va Hindning o‘zidan foydalanish huquqini olgandi. Olimlarning fikricha, Hindiston va Pokiston o‘rtasida bu masala bo‘yicha yakdil fikrning yo‘qligi yaqin kelajakda ular orasida urushga sabab bo‘lishi mumkin.
Hindiston bilan Pokistonning o‘zaro yadro zarbasini yo‘llashi oqibatlari o‘rganib chiqilgan. Har ikki tomondan 50 tadan raketa otilsa, portlash, yong‘in va radiatsiya tufayli urushning birinchi haftasidayoq kamida 20 million kishi qurbon bo‘ladi. Bu albatta dahshat. Birinchi jahon urushida bundan oz odam halok bo‘lgandi. Lekin atom bombalarining vayronkorlik harakati shu bilan tugamaydi: yong‘inlar, yadro portlashi oqibatida kelib chiqqan olov tutun aralash qo‘ziqorindek shakl yasab, osmonga ko‘tariladi; radio-aktiv zarralar stratosferaga tushadi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, Hindiston-Pokiston o‘rtasidagi yadroviy mojaro atmosferaning yuqori qatlamiga 6,5 tonna radioaktiv materialni chiqaradi; qurum va qorakuya quyosh nurini to‘sib qo‘yadi. Yer yuzasidagi o‘rtacha yillik haroratni sezilarli darajada pasaytiradi. Havoning sovib ketishi o‘nlab yillarga cho‘zilishi mumkin. Dunyodagi hozirda mavjud bo‘lgan don zaxirasi umumiy ehtiyojni uzog‘i bilan 100 kungina qondira oladi. Zaxira tamom bo‘lgach, Hindiston va Pokiston o‘rtasidagi yadro urushi oqibatida yuzaga kelgan yadroviy qish sayyoramiz aholisining qariyb uchdan bir qismini ochlikka mahkum etadi.
Abduvali SOYIBNAZAROV, siyosiy sharhlovchi