Kitobxonlikning zamonaviy usullari
(Toshkent davlat yuridik universiteti Axborot-resurs markazi misolida)
Kitobxonlikni targ‘ib qilish bugungi kunda murakkab masala. Bunga juda katta mehnat va ilm talab etiladi.
Agar kutubxona xodimining ilmiy salohiyati yuqori va izlanuvchan bo‘lsa, turli loyiha va qo‘llanmalar asosida istalgan kitobxonni kitob o‘qishga qiziqtira oladi.
Axborot texnologiyalarining rivojlanishi va uning jamiyatga ta’siri natijasida Axborot-kutubxona mutaxassislari ham aholining turli qatlamlarini o‘rganib chiqishga va shu asosida faoliyatiga qo‘shimcha yuklamalar qo‘shishga majbur bo‘lmoqda. Mutaxassis shunday harakatlarni amalga oshirmas ekan, unda kitobxonlikni targ‘ib qilishning an’anaviy usullaridan foydalanish qisman foyda keltirmasligi mumkin.
Yoshlar asosiy vaqtini ijtimoiy tarmoqlarga sarflagan bir vaqtda, kutubxona xodimi turli mavzudagi axborotlarni grafik ishlanmalar asosida yoshlar faol bo‘lgan tarmoqlar orqali yetkaza olsa, nafaqat foydalanuvchi, balki uning ijtimoiy tarmoqdagi do‘stlarini jalb qila olishi mumkin.
Toshkent davlat yuridik universiteti Axborot-resurs markazi xodimlari ham zamon bilan hamohang tarzda yoshlar orasida kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, ommaviy kitob o‘qishni targ‘ib qilish singari vazifalarni turli dasturlar, grafik ishlanmalar bilan ishlovchi turli internet sahifalardan samarali foydalangan holda bajarmoqda. Shular jumlasiga kutubxonada tashkil qilingan motivatsion ruhdagi “Siz uchun foydali” loyihasi, turli sanalarga bag‘ishlangan “Muhim sanalar” kasbiy yetuklikka erishgan va boshqalarga o‘rnak bo‘luvchi taniqli shaxslar hayoti va ijodiga oid “Professional” loyihalarini misol qilishimiz mumkin.
“Siz uchun foydali” loyihasining asosiy maqsadi – foydalanuvchilarga maqsadga erishish yo‘llari, kitob o‘qishning naqadar muhimligi va ahamiyatliligi, kamolotga erishishning natijalari haqida mutafakkirlarning insonni ruhlantiruvchi hikmatli so‘zlariga tayangan va foydalangan holda kitobxonlarga masofadan uzatiladi. Biroz murakkab va ijobiy ahamiyatga ega ushbu loyiha keng kitobxonlarni jalb qila oldi va axborotlarni kitobxonlarimiz ijtimoiy tarmoqlar orqali o‘z yaqinlariga ulashmoqdalar.
“Muhim sanalar” tadbiri esa xalqaro bayramlar, taniqli shaxslarning tavallud ayyomlari, xorij mamlakatlarining mustaqillik va konstitutsiya kunlariga bag‘ishlab keng va ijodiy yondashuv asosida tayyorlanadi. Ushbu axborot mahsuloti ham boshqa ijtimoiy tarmoqlarda turli foydalanuvchilar tomonidan tarqatiladi.
“Professional” loyihasi esa ma’lum qiyinchiliklarga qaramay tinmay bilim olib juda katta marralarga yetgan turli kasb vakillarining hayoti va ijodi haqida so‘z yuritadi. Bu kitobxonlar yanada ko‘proq bilim olishi, kitob o‘qishi va olgan bilimlarini boshqalar bilan ulashishiga sabab bo‘lmoqda.
Ushbu axborotlarni tayyorlashda turli axborot uzatuvchi sahifalar bilan bir qatorda mutaxassislarga “Adobe Photoshop”, “Movavi Video Editor”, “Canva Remove” singari grafik dizayn bilan ishlovchi dasturlar va veb sahifalar yordam bermoqda.
Universitet axborot-resurs markazi xodimlari pandemiya holatidan kelib chiqib aholini kasallik haqida axborotlar, infografikalar, video va foto mahsulotlar bilan ta’minlamoqda. Buning natijasi o‘laroq chet tilidagi axborotlarni kitobxonlar o‘zbek tilida va grafik ishlanmalar asosida oson qabul qilmoqda.
Umuman olganda, foydalanuvchilar bunday sifatli va noyob axborotlar, motivatsion va tavsiyaviy xarakterga ega ma’lumotlarga qiziqish bildirmoqda. Buning natijasida foydalanuvchilar soni oshishi bilan birga talab ham ortib bormoqda.
Ma’lumki, inson ong ostini uyg‘otish uning aqliy salohiyatini oshirishga urinish hisoblanadi. Kutubxona xodimlari ham ayni shu masalaga e’tibor qaratgan holda axborot tayyorlab, uzatmoqdalar. Natijada bu nafaqat universitet xodimlari, talabalarini, balki boshqa universitet xodim va talabalari, maktab o‘qituvchilari, adliya sohasi vakillari hamda turli kasb vakillarining qiziqishlariga sababchi bo‘lyapti.
Nozimjon YUSUPOV,
Toshkent davlat yuridik universiteti Axborot-resurs markazi axborot texnologiyalari bo‘yicha yetakchi mutaxasis, 3-darajali yurist