Ma’rifatning baland qanoti
1992-yil. Ayni jazirama yoz. O‘sha totli xotiralarimni hozir ham hayajon bilan eslayman. Ikki yil o‘qishga kirolmadim, endi uchinchi yili ham hozirlanib, biroz hadiksirab turgan kunlarim. “Bu yilgi imtihon boshqacha bo‘larkan, deyishyapti, qo‘rqma, qizim, ko‘nglim sezib turibdi, shu yil, albatta, kirib ketasan”. Rahmatli padari buzrukvorim bilan hujjat topshirish uchun Samarqandga otlanarkanmiz, yo‘l-yo‘lakay shunday dalda bergan edi. Otamning gapi to‘g‘ri chiqdi, birinchi bor test asosida o‘tkazilgan imtihondan eng yuqori natija bilan mustaqillikka erishganimizdan roppa-rosa bir yil o‘tib, nihoyat, talabalik baxtiga muyassar bo‘ldim. Samarqand davlat universiteti O‘zbek filologiyasi fakultetiga o‘qishga kirdim. Bu mustaqillikning menga uzatgan ilk tansiq mevasi edi.
Shu tariqa, men katta hayotga istiqlol shodiyonalari, keng imkoniyatlari bilan bab-baravar qo‘l ushlashib kirib keldim va hali-hamon uni o‘zimniki, o‘zimni esa uniki sifatida yonma-yon yashab, vasfini kuylab kelmoqdaman. Endi bilsam, otam o‘sha yillardayoq o‘zi o‘qituvchi bo‘lgani uchunmi, bilmadim, birgina o‘git bilan mening hayotimni to‘g‘ri o‘zanga burib yuborgan ekan: “Sen menga o‘xshab o‘qituvchi bo‘lgin, ukang Orif esa bir yil o‘tib, jurnalistikaga boradi. Men sizlarning opa-uka shoirlar ekaningizdan faxrlanaman”.
Bu oltin o‘gitga rioya qilganim, ona tili va adabiyot o‘qituvchisi bo‘lganim uchun taqdirdan minnatdorman. Dorilfununda bizga juda katta ilm darg‘alari, alloma insonlar saboq berishdi, tilning, so‘zning totini anglatishdi. So‘zning quli, oshig‘i bo‘lib dunyoga kelganimizni his ettirgan ham aynan o‘sha ma’rifat bo‘sag‘asi hisoblanadi. “Talabalar sozida vatan”, “Vatanim deb seni uyg‘ondim” nomli tanlovlarda birinchi o‘ringa munosiblik, birin-sirin she’riy to‘plamlarim chop qilinishi, respublika ijodkorlarining Zomin seminaridagi muvaffaqiyatli ishtirokim va u yerdagi buyuk ustozlar e’tirofi, ustoz shoiramiz, O‘zbekiston xalq shoiri Halima Xudoyberdiyevaning “Yoshlik” jurnalida she’rlarimga oq yo‘l tilab duo berishi... O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasiga a’zo bo‘lgandagi tam-tam hislar armug‘oni... Ayniqsa, 2018-yil 22-noyabr kuni, nihoyat, o‘z uyimga ko‘chib kirgan kunim... Olamda eng katta quvonch nima, bilasizmi, o‘z uyingning kalitini yoningda
olib yurish. Kim nima desa desin, men shunday hisoblayman. 20 yillik imtiyozli kredit asosida berilgan uyimga ko‘chib kirgan kun — mening qaytadan tug‘ilishim bo‘lgan, bu sana yuragimga naqsh bilan o‘yib yozib qo‘yilgan. Dunyoda mavjudot borki, boshini suqishga uyi bo‘lishini istaydi, hatto qush ham tumshug‘ida cho‘p tashib, oshyon quradi o‘ziga. Dorilomon istiqlol sharofati bilan bugun menga o‘xshab vatan ichida vatanli bo‘lganlarning soni-yu sanog‘i yo‘q.
Meva isli vatanim bergan va berayotgan olamshumul imkoniyatlar nafaqat mening hayotimni gulga o‘radi, balki mamlakatimizdagi barcha insonlar, barcha muallimlar, ta’lim sohasi xodimlariga ham olam-olam quvonchlar, yengilliklar, imtiyozlar ola keldi. Shu o‘rinda yana bir voqeani aytmasam bo‘lmaydi.
2017-yilning sentabr oyi o‘rtalari edi chamamda, qiyg‘os ochilgan paxta dalasidamiz, terimga chiqqanimizga endi bir hafta bo‘lgan. Egilib-bukilavergandan belim qaqshab og‘riydi. Oyoqlarimga og‘riq tushganidan yurmasam, bir odim ham bosmasam, deyman. Bir kuni nimadir ro‘y berdi, hali kun peshinga og‘ib-og‘masidan hamma allanechuk g‘imirlab, alanglab, paytavasiga qurt tushib qoldi.
— Bugun hammamiz uyimizga ketamiz, endi maktabda yotmaymiz, borib tuguningizni tugib turinglar, kechqurun ketamiz, — dedi shoshib allaqayerga borib kelgan direktor muovini dabdurustdan. — Prezident o‘qituvchilarni paxta terimidan ozod qilibdi.
Avvaliga hammaning nafasi ichiga tushib ketdi, angrayib qoldik, hech ishongimiz kelmas edi bu gapga. Bir fursat o‘tib oyog‘imdagi og‘riq ham qo‘yib yubordi, chopa-chopa maktabga keldim, yerga to‘shalgan ko‘rpa-yostiqlarimni tugunga tugarkanman, hech o‘zimda emas edim, dam yig‘lar, dam kular, dam ingrar edim, hayajonim bo‘g‘zimgacha toshib kelardi. Shu kuni hayajondan olam bir qalqib ketdi, nazarimda, yo‘lida maromli ketayotgan
quyosh ham ortiga bir qayrilib qarab qo‘ygan bo‘lsa, ajab emas. Chunki chinakamiga tarixiy voqea ro‘y bergandi. Biz muallim xalqi bu kushoyishli kunni hech qachon unutmaymiz, ilmni najot deb bilgan Prezidentimizdan to so‘nggi nafasgacha minnatdormiz.
Shayx Najmiddin Kubrodan “Muhabbatning qanoti balandmi, ma’rifatningmi?”, deb so‘rashganida, “Ma’rifatning qanoti ko‘p baland”, deb javob bergan ekan. Ma’rifat bulog‘i esa maktabdir. Ko‘rar ko‘zlarning nuri ham maktab. Shu bois, maktab va ta’lim-tarbiya masalasi davlatimizning ko‘z qarog‘idagi dolzarb masalalardan biri bo‘lib qoldi. Tizimga bo‘lgan e’tibor oshdi, o‘qituvchilarga g‘amxo‘rlik kuchaydi. Atrofimizda o‘qituvchi bo‘laman deganlarning son-sanog‘i kun sayin ortib bormoqda. Boshqa sohada ishlayotganlarning qo‘shimcha tahsil olib, maktablarga ishga joylashayotganiga barchamiz guvohmiz. Maoshi kamligidan erkak ustozlarning deyarli ko‘pchiligi tijorat sohasiga o‘tib ketishgani hech kimga sir emas. Bugun ularning barchasi yana o‘zining issiq joyiga qaytib kelishmoqda. Chunki endi sharoitlar yaxshilandi, o‘qituvchining ko‘kragiga shamol tegdi, maoshi ham, maqomi ham anchayin yuksaldi.
Bugun men faoliyat ko‘rsatayotgan Ishtixondagi 35-umumiy o‘rta ta’lim maktabi tumanning naq yuzi desa bo‘ladi. Tashkil etilganiga oz emas, ko‘p emas, roppa-rosa 60 yil bo‘lgan maktabimiz yosh jihatidan ham, o‘quvchilar qamrovi jihatidan ham hududdagi eng katta ta’lim dargohi hisoblanadi. Bu yerda jami o‘zbek, tatar, turk, koreys, rus, arab, ozarboyjon, lo‘li, qoraqalpoq kabi 9 millat vakillarining 1900 nafarga yaqin farzandlari ta’lim-tarbiya oladi. Ikki smenada o‘zbek va rus tillarida ta’lim beriluvchi maktabimizda ayni kunda 127 nafar pedagog xodimlar mehnat qilib kelishadi. Ular orasida 5 nafari oliy va 30 nafari birinchi toifali o‘qituvchilardir. 2018- yili 4 nafar o‘qituvchi “Eng yaxshi fan o‘qituvchisi” tanlovida g‘olib bo‘lishdi. Ingliz tili fani o‘qituvchisi Komil Murodov bu tanlovning viloyat bosqichida birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Bahorgi attestatsiya imtihonlarida bir guruh o‘qituvchilarimiz yuqori malaka toifalarini qozonib qaytishdi. Endi ular — Nurali Qodirov, Dilorom Tursunova oliy toifali, Hayotjon Temirov, Erkin Hazirov, Xolida Rahimova, Nasiba Uzoqova, Hasan Abilov, Zopir Sunnatovlar esa
birinchi toifali o‘qituvchilar safiga qo‘shilishdi.
— Mustaqillik imkoniyatlari hamma qatori
mening hayotimni ham o‘zgartirib, shodlikka to‘ldirib yubordi, — deydi maktab psixologi Qandolat G‘aniyeva. — Ma’lumotim yo‘q bo‘lsa-da, bir olam orzularim bor edi. Maktabga dastlab oddiy kotiba bo‘lib ishga kirganman. Yillar davomida sidqidildan mehnat qildim, ishdan ayrilmagan holda, Samarqand davlat universiteti psixologiya fakulteti sirtqi bo‘limida tahsil oldim. Mana, hozir maktabimizning yetakchi psixologi bo‘lib faoliyat yurityapman. Bu baxtni, to‘kislik quvonchini menga tuhfa qilgan mustaqilligimiz bo‘ldi, hurmatli Prezidentimiz imzo chekkan qator-qator farmon-u qarorlar bo‘ldi.
2021-yilda boshlang‘ich sinf o‘quvchilarining o‘qish savodxonligini baholash xalqaro PIRLS loyihasiga 60 ta mamlakat ichida mamlakatimiz ilk marotaba jalb qilindi. Ushbu xalqaro tadqiqot dunyoning turli mamlakatlarida tahsil oluvchi boshlang‘ich sinf (4-sinf) o‘quvchilarining matnni o‘qish va tushunish savodxonligini baholaydi. Aprel oyida maktabning 4-“B”, 4-“E” sinf o‘quvchilari mazkur loyiha tajriba-sinovlarida ishtirok etish uchun qur’a tashlash yo‘li bilan tanlab olindi. 4-“B” sinf rahbari Soliyeva Gulnora opa bu jarayonni shunday izohlaydi.
— Xalqaro miqyosdagi dastur bo‘lgani uchun avvaliga qo‘rqib ketganman. Bolalar bilan birgama-birga ota-onalar ham, o‘zim ham, baravar uch oy tayyorlandik. Sinovda nafaqat o‘quvchilar,
ularning ota-onalari, maktab rahbarlari, o‘qituvchilar ham birdek imtihonga tortildik, so‘rovnoma tarqatilib, maktabda o‘qitish usullari hamda uy sharoitida o‘quvchilarning bilim olishi, tasavvur olami, fikrlash qobiliyati, bilimini amaliyotda qo‘llay olish darajasi tahlil qilindi. Men ushbu dasturdan ko‘p yangi bilimlar o‘rgandim va keyingi faoliyatimda ulardan, albatta, keng foydalanaman.
Shuningdek, maktabimizda har yilgi fan olimpiadalarining tuman, viloyat bosqichlarida muvaffaqiyatli ishtirok etgan o‘quvchilarimiz ham ancha-muncha. 2019-2020-o‘quv yilida Zarnigor Toshtemirova maktabni oltin medal bilan tugatdi. 2020-2021-o‘quv yilgi bitiruvchilardan Marjona Sayfullayeva, Zarnigor Abduahadova, Sabrina Ibodova oltin, Maftuna Ro‘ziqulova, Diana Haydarova, Gulnora Po‘latovalar esa kumush medal bilan maktabni tugallashdi. 9-sinf o‘quvchisi A’zamjon Usmonov “Kenguru” xalqaro matematika olimpiadasida muvaffaqiyatli qatnashib, sertifikat bilan taqdirlandi.
Sport bilan shug‘ullangan o‘g‘il-qiz hayotning turli sinov va qiyinchiliklariga chidamli bo‘lib voyaga etadi. Sportni hayot maqsadi deb bilgan o‘quvchilarimiz orasida 7-“D” sinfdan Umidjon Qosimov o‘tgan yili Qozog‘istonda o‘tkazilgan xalqaro boks musobaqasida 1-o‘rinni qo‘lga kiritdi. Yana uch nafar o‘quvchi qizlarimizdan Gulsevar G‘aniyeva, Sanobar Bozorboyeva, Lyaysan Yamkulina boks bo‘yicha o‘smir qizlar o‘rtasidagi musobaqada faxrli 1-2-o‘rinlarni olib qaytishdi. Shuningdek, ayni kunlarda Dubay shahrida yoshlar va o‘smirlar o‘rtasidagi Osiyo chempionati bellashuvlarida tumandan 4 nafar, maktabimidan esa 2 nafar o‘quvchi ishtirok etishmoqda. Albatta, biz ularning chiqishlarini hayajon va umid bilan, duo bilan kuzatib turibmiz.
Jadid bobolarimizning ma’rifat tarqatuvchi “Oyina”, “Taraqqiy”, “Shuhrat” kabi nashrlari bo‘lgan. Ilm-ma’rifat bongi bo‘lgan bu matbuot nashrlarining ilk sonlaridayoq ular shunday yozishgan edi: “Maktab dunyodagi binolar ichida eng qadrlisi va muqaddasidir”. Shu o‘rinda bizning shu yil, so‘nggi 4 oyda yangidan ta’mirlanib, ko‘rsa ko‘z ishonmaydigan holga keltirilgan maktabimiz binosi haqida ham aytib o‘tmasak bo‘lmaydi.
Avgust oyida ishga borgan ilk kunimiz edi, yap-yangi darvozadan hatlab kirarkan, azbaroyi hayrat barmog‘imizni tishlab qoldik: “Shu ko‘rib turganimiz, nahotki, o‘zimizning maktabimiz bo‘lsa...”. Ko‘z o‘ngimizda tubdan boshqacha manzara, go‘yoki ertaklardagi qasrdan kam bo‘lmagan mahobatli bino qad rostlagan edi. Uch korpusli shinam va keng hovliga plitkalar yotqizilgan, keta-ketguncha tungi chiroqlar o‘rnatilgan. Maktabga endilikda uchta darvoza orqali kiriladi. Eski eshik-derazalar tubdan zamonaviy, yap-yangisiga almashtirilib, qo‘shimcha sinfxonalar paydo bo‘libdi. Har bitta sinfxona
videokameralar bilan jihozlangan.
— Maktabimiz ta’mirlandi deb emas, yangidan qurib berildi, deb bemalol ayta olaman, — deydi maktabimiz direktori Marat Toshtemirov. — Kutubxona, oshxona, sport zali uchun dushxona va qo‘shimcha sinfxonalar yangidan qurildi, hovli va binolar ta’mirdan chiqarildi. Ilgari elektr energiya zaifligidan tarmoqda tez-tez uzilish bo‘lardi. Shu bois, 3 fazali tok liniyasi uchun ishlaydigan yangi transformator o‘rnatildi. Qish uchun isitish tizimi ham butkul yangilanmoqda. Hukumatimiz bularning hammasi uchun 4 mlrd 322 mln so‘m ajratib bergan. Biz 35-maktab jamoasi davlatimiz rahbariga bizni o‘ylagani, kamtarin mehnatimizni ulug‘lagani uchun katta rahmatlar aytamiz. Bu jamoamizga Mustaqilligimizning 30 yillik bayramidan benihoya ulkan armug‘on bo‘ldi. Eng ulug‘, eng aziz bayramimiz bo‘lgan Istiqlol shodiyonasi, qalbimizga quvonch solgan shukuhli kunlar barchamizga
muborak bo‘lsin!
Mehnat... Inson... Vatan... Ana shu mushtaraklikda yuraklarda yurt taqdiriga mas’ullik, vatanparvarlik ulg‘ayadi. Mehnatimiz, shu yurtga daxldorligimiz tufayli biz kasbimizga, kelajak taqdiriga tobora mustahkam rishtalar bilan bog‘lanaveramiz. Yurishga yo‘l izlaymiz, aytishga so‘z...
Ha, maktab Navoiy bobomiz ta’biri bilan “Olam uyida kamol kasb etguvchi” qutlug‘ dargohdir. Bu vatanda, bu dargohda yurak bilan, vijdon bilan mehnat qilmasak, gunoh.
Har onim vatan
Quyosh bilan odim otar jonim ichidagi yo‘l,
Fatvo oldi toledan qonim ichidagi yo‘l,
So‘z istaydi qanotli, onim ichidagi yo‘l,
Tilimning taronasi — sayronim Vatan!
Ilmning pog‘onasi — hayronim Vatan!
G‘oziylaring qonida qalqding necha bor,
Valiylaring shonida balqding necha bor,
Naqshbandiy naqshi dilda —“Dil ba yor...”,
Ko‘pdir vallomati — mardonim Vatan!
Xoslar maqomati — sirdonim Vatan!
Mo‘g‘ul olov sochib keldi yovqur balo,
Bobolarim quvg‘in bo‘ldi, dilida vola,
Biri Shomga ketdi, birisi Karbalo,
Yog‘iylar toptagan payhonim — Vatan!
G‘aznadagi Abu Rayhonim Vatan!
Qalamga sig‘mading — kalomga sig‘mading-ku,
Yetti iqlim aro — olamga sig‘mading-ku,
Samolar siqqan qalb — xonamga sig‘mading-ku,
Hislarimda yashar shoyonim — Vatan!
So‘zda yozolmagan dostonim — Vatan!
Teva yetaklab borar yillarning qo‘ng‘irog‘i,
Hil-hil pishib yetilar senda ilm chorbog‘i,
Hosilini teryapman, yo‘qdir hech adog‘i,
Ilm pishgan tuproq — xirmonim Vatan!
Buyuk ipak yo‘li — karvonim Vatan!
Podshoh o‘zi, ammo g‘urbatda g‘arib,
Bobur giryon Hindistonga yo‘lini solib,
Ibn Sino Hamadonning vaziri bo‘lib,
Kulmadi hech dili vayronim Vatan!
Bobur yegan qovun — armonim Vatan!
Pirining yetagin o‘par Temur bobo,
Mir Saidni boshda tutar Temur bobo,
Oyog‘in uchida yotar Temur bobo,
Iymonli, ixlosli sultonim Vatan!
Pirlarim — qirq bir chiltonim Vatan!
Doroni yetaklab cho‘lga ketar Shiroq,
To‘rt yon yetti kunlik yo‘lga ketar Shiroq,
Topmadi chora yolg‘ondan yaxshiroq,
Kerak yerda rost-u yolg‘onim Vatan!
Balolardan boshi omonim Vatan!
Yo‘l qistadi, ketdim olis safarlarga,
Sabil jonni qo‘yib xavf-u-xatarlarga,
Avjimni xarjladim kunbotarlarda,
Bo‘ldi toti yo‘q zamonim Vatan!
Sog‘inchdan rangi somonim Vatan!
Sog‘inch kapalagim kirar rangdan rangga,
Makon toti sizib borar jondan tanga,
Nonga to‘ydim, lekin to‘ymadim vatanga,
Ichimdagi ichim — nihonim Vatan!
Bori mushkulimning osoni Vatan!
Ko‘ngilni senga qush qilib uchirdim,
Tuprog‘ing suvda jonimga ichirdim,
Firoqdan o‘zimni kechirmay...kechirdim...
Sog‘ligim, sihatim, darmonim Vatan!
Tabassumim, kulgim, xandonim Vatan!
“Masnaviy”dan dars oldim Mavlono eshigida,
Ko‘nglimni ulg‘aytirdim tasavvuf beshigida,
Va’z eshitdim shoirdan muridlar eshligida,
Voizimsan — tili biyronim Vatan!
“Shabbi arus” — to‘lgan paymonim Vatan!
Saljuq podshosidan o‘tin so‘rar Rumiy,
Dargohning ming bir ishin ko‘rar Rumiy,
Kunyada Shamsini izlab yurar Rumiy,
Yo‘q, der Shamsday yoronim Vatan!
Qoldi quyoshsiz osmonim Vatan!
Meram bog‘larida Balxni qo‘msaydi u,
Oftob oshiq bo‘lgan Sharqni qo‘msaydi u,
Balxda bola bo‘lib chopib yursaydi u ...
Bolalik — obakidandonim Vatan!
G‘urbat bolasining har oni Vatan!
Tarixni yoritar Zardusht “Avesto”si,
Yillarni yetaklar ezgu falsafasi,
Qonimizda qaynar shomon jazavasi,
Qalbimdagi otash — iymonim Vatan!
Meros e’tiqodim — shomonim Vatan!
Zulayho ismidan Yusufim, deb yondim,
Oshiqlar xasmidan Yusufim, deb yondim,
Yona-yona oxir Haqqa yo‘lim soldim,
Ishqsan — Zulayhoning joni Vatan!
Yusufga ko‘z tikkan Kan’oni Vatan!
Ka’ba shayxi kibr-la xorga, xasga do‘ndi,
Maqomidan indi, zumda pastga do‘ndi,
Riyozatlar chekib yana Xosga do‘ndi,
Olloh do‘sti — shayx San’onim Vatan!
Nafs pog‘onasi — narvonim Vatan!
Yog‘iy Turkistonni tutday kallakladi,
Andijonda o‘lim hukmi jarangladi,
Mamadali eshon dorda salangladi,
Yurt deb ketdi joni arzonim Vatan!
Millat eri — Dukchi eshonim Vatan!
Mavlo quyib turdi ilmning moyidan,
Dong taraldi Termiziy, Buxoriy shonidan,
Hadis uzvdir Qur’onning jonidan,
Muhaddis olimlar — shonimsan Vatan!
Ilmning piligi, moyisan Vatan!
Navoiyni o‘qib so‘z kayfini totdim,
Jumanbulbul baytalini bir qo‘bizga sotdi,
Fozil Yo‘ldosh “Alpomish”ni
qirq kun kuylab yotdi...
Shig‘ildir so‘z bog‘i larzonim Vatan!
Shoirlarim — baxshi so‘zonim Vatan!
Buyuk shohlar uxlaydi Shohizindada,
Suyuk shohlar uxlaydi Shohizindada,
Tirik shohlar uxlaydi Shohizindada,
Islom otam — shoh-u shohonim Vatan!
Hurriyat me’mori — xoqonim Vatan!
Quyoshning ko‘zgusi Samarqandim noni,
Meva isli Vatan — jonimning jononi,
Qulog‘imga azon aytgan Ishtixonim –
Guldan to‘n bichganim — bo‘stonim Vatan!
Ko‘zim yumsam joyi rostonim Vatan!
Muhabbat TO‘XTASHEVA,
Ishtixon tumanidagi
35-maktab o‘qituvchisi,
O‘zbekiston yozuvchilari uyushmasi a’zosi