Madaniy meros – dunyo xalqlari bilan muloqotga yo’l
O‘zbekiston tarixi – qadimiy obidalari, noyob qo’lyozmalari, asori-atiqalari bilan butun dunyo tarixchilari, tadqiqotchilari va turistlarni o’ziga jalb qilib keladi. Ushbu madaniy merosni o’rganish, asrash va ommalashtirish maqsadida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan 2017-yildan beri o’tkazib kelinayotgan “O‘zbekiston madaniy merosi – Yangi Renessans asosi” deb nomlangan Beshinchi kongress ishini boshlaydi.
Dastlabki kongress 2017-yil may oyida Toshkent va Samarqand shaharlarida “O‘zbekiston madaniy merosi – xalqlar va mamlakatlar o‘rtasida muloqotga yo‘l” shiori ostida o’tgan. Ilk kongress yakunida dunyoning 40 dan ortiq mamlakatidan tashrif buyurgan 300 nafardan ortiq olim va mutaxassislar ishtirokida O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, asrash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyatini taʼsis etish bo‘yicha deklaratsiya qabul qilindi. Ana shu masalada O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Miromonovich Mirziyoyevga murojaatnoma yo’llangandi.
Butunjahon jamiyatining kongresslari 2018-yilda Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida, 2019-yilda Toshkent, Termiz, Buxoro va Samarqand shaharlarida bo’lib o’tgan. Shu yilning oxirlarida yuzaga kelgan koronavirus tahlikasi bois, 2020-yilning dekabr oyida to‘rtinchi kongress karantin cheklovlari doirasida, faqat Toshkent shahrida o‘tkazildi.
2021-yilning 13–21-sentyabr kunlari Toshkent, Xiva va Nukus shaharlarida O‘zbekiston bo‘yicha Butunjahon jamiyatining tadbirlar bo‘lib o‘tadi. Xalqaro anjumanda dunyoning 46 mamlakatidan 350 dan ziyod olim va mutaxassislar – yetakchi sharqshunoslar, qur’onshunoslar, ekspertlar, tadqiqotchilar, qo’lyozmalar va miniaturalar bo’yicha mutaxassislar ishtirok etadi. O’tgan davr mobaynida O‘zbekiston madaniy merosini tadqiq etish borasida juda katta ibrat ishlar amalga oshirishildi. Jumladan, “O‘zbekiston madaniy merosi dunyo to‘plamlarida” loyihasining qamrovi samadorligi yil sayin ortib bordi.
Mazkur loyihadan ko‘zda tutilgan maqsad O‘zbekiston hududida yaratilgan yoki Vatanimizga bevosita aloqador bo‘lgan, vaziyat taqozosiga ko‘ra dunyoning turli hududlariga borib qolgan, xorijdagi muzeylar, kutubxonalar va shaxsiy kolleksiyalarda saqlanayotgan madaniy meros obidalari haqida maʼlumotlar to‘plash, ularni o‘rganish va kitob-albomlarga kiritishdan iborat.
Bu yo‘nalishdagi ishlarni amalga oshirish maqsadida ayni paytga qadar dunyoning 20 ga yaqin mamlakatlariga ilmiy safarlar uyushtirildi. Turli muzeylar, kutubxonalar, ilmiy-maʼrifiy maskanlar, shaxsiy kolleksiyalardan O‘zbekistonga aloqador o‘n mingdan ortiq turli eksponatlar, tarixiy ashyolar, amaliy va tasviriy sanʼat namunalari, uy-ro‘zg‘or buyumlari, qo‘lyozmalar aniqlandi. Ushbu topilmalar haqida “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida” turkumidan 35 ta kitob-albom nashr qilindi. Ushbu kitob-albomlar mazmunini o‘zida aks ettirgan hujjatli filmlar yaratildi va namoyish qilindi. Kitob-albomlarning taqdimot marosimi nafaqat mamlakatimizda, balki dunyoning turli qitʼalarida o‘tkazildi. O‘zbek, rus va ingliz tillarida chop etilgan mazkur kitoblar yurtimizdagi hamda butun dunyodagi ikki yuzdan ortiq kutubxonalar va ilmiy-maʼrifiy maskanlarga tarqatildi.
Biz bu yilgi kongress doirasidagi O‘zbekiston madaniy merosi haftaligi o‘nga yaqin uchrashuv va konferensiyalar, 11 ta ko‘rgazma, 15 ta taqdimot, yangi filmlar namoyishlari, tarixiy obidalar, madaniy maskanlarga sayohatlar, badiiy dasturlarni o‘z ichiga oladi. Anjuman o‘ziga xos munozaralar, qiziqarli bahslar, ilmiy kashfiyotlar, yangicha topilmalarga boy bo‘ladi.
13–14-sentabr kunlari Toshkentda bo’lib o’tadigan kongress yakunida ishtirokchilar anʼanaviy tarzda O‘zbekiston Respublikasi prezidentiga murojaatnoma yo‘llashadi. Kongressdan so‘ng ishtirokchilar Madaniy meros haftaligi Urganch va Nukus shahrlarida davom etadi. Unda “Markaziy Osiyoning barqaror rivojlanishi uchun ijtimoiy va gumanitar fanlar orqali hamkorlik va tajriba almashinuvi”, “Zavonaviy ijtimoiy-gumanitar fanlar rivojida Markaziy Osiyo ilmiy va madaniy merosining hissasi”, “Markaziy Osiyo merosi rivojida savdo, ilmiy va madaniy aloqalarning o‘rni”, “Markaziy Osiyo madaniy merosi – mintaqadagi muloqot va hamkorlikning mustahkam asosi” singari shoʻbalarda ish olib boradi. Unda o‘nlab mamlakatlardan kelgan olimlar yuzga yaqin maʼruza bilan ishtirok etishadi.
Shuningdek, anjuman ishtirokchilari O‘zbekistondagi butunjahon merosi obyektlarini saqlash va restavratsiya qilish bo‘yicha xalqaro maslahat kengashining birinchi yig‘ilishida ham ishtirok etishlari mumkin. Unda yurtimizda YUNESKOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan tarixiy obidalarni saqlash va restavratsiya qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar, qo‘lga kiritilgan yutuqlar va muammolar yuzasidan fikr yuritiladi.
Bundan tashqari, Xiva shahrida TURKSOY tashkilotiga aʼzo mamlakatlar madaniyat vazirlari doimiy kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi. Unda turkiy tilli davlatlar madaniyat vazirlari qardosh xalqlar va millatlar o‘rtasida do‘stlik, madaniy aloqalarni mustahkamlash, mushtarak merosimizni asrash va o‘rganish, bu boradagi hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha fikr almashadilar.
Nukus shahrida esa O‘zbekiston Respublikasi turizm va sport vazirligi tashabbusi bilan YUNESKO hamkorligida “Arxeologiya va turizm: salohiyatni belgilash va merosni boshqarish” mavzusida xalqaro arxeologiya konferensiyasi o‘tkaziladi.
Ozarbayjon milliy gilam muzeyi direktori, san’atshunoslik fanlari nomzodi Shirin Yashar qizi Melikova kelayotgan Kongress tashkilotchilariga quyidagi fikrlarini bildirdi:
– Zamonaviy O‘zbekistan – madaniy makonda o‘z o‘rni tobora topib borayotgan, shu bilan birga tarixiy anʼanalarni saqlash va targ‘ib etishda dunyo miqyosida o‘rnak ko‘rsatayotgan mamlakat. O‘zbekiston, shu bilan birga xalqaro uchrashuvlarni tashkil etishda eng qulay va mehmondo‘st maskan. Bugungi kongress ham bu o‘lkaning boy va betakror madaniyatiga qiziquvchi insonlarni birlashtirish uchun mustahkam ko‘prik vazifasini o‘taydi
Anjuman ishtirokchilari shuningdek, I.Savitskiy nomidagi Qoraqalpog‘iston davlat sanʼat muzeyi, Jonbosqalʼa, Ellikqalʼa, Tuproqqalʼa singari tarixiy yodgorliklarni ziyorat qiladilar. Shu kuni Nukus shahrida xalqaro baxshichilik sanʼati Ikkinchi festivalining ochilish marosimi ham o‘tkaziladi. Anjuman ishtirokchilari festivalda ishtirok etib, o‘zbek milliy baxshichilik sanʼati va dunyo folklorining eng nodir durdonalaridan bahramand bo‘lishlari, “Jahon madaniyati sivilizatsiyasida baxshichilik sanʼatining o‘rni” mavzusidagi ilmiy anjumanda ham qatnashishlari mumkin.
O‘zbekiston Madaniy merosi haftaligi ishtirokchilari bir hafta davomida bo’lgan ilmiy anjumanlarda xalqimizning boy va bekror madaniyati bilan tanishishlari va bir olam taassurotlar bilan o‘z vatanlariga tanitishda hissalarini qo’shadilar.
Nazokat Ibragimova