“Mehnat bozoridagi raqobat mutaxassislarni saralaydi...”
Auditoriya muhiti professor-o‘qituvchiga bevosita bog‘liq. U jarayonni boshqaruvchi, muvofiqlashtirib, ma’ruza o‘quvchi, mavzu tushuntiruvchi, amaliyot jarayonlarida ham deyarli shunday.
Bugun talablar o‘zgargan
Auditoriyaga kirgan o‘qituvchi o‘qitish uslubini o‘zgartirmasa, o‘zini ham, talabani ham qiynab qo‘yadi. Yoshlar juda talabchan, sezgir, axborot olishda ularda hech qanday muammo yo‘q. Talabalar bilimli, dunyoqarashi keng, islohotlar va yangiliklardan xabardor, o‘z sohasini yaxshi biladigan va yangi bilimlarga yo‘naltira oladigan professor-o‘qituvchilarni darrov ajratib olishadi. Ana shunday ustozlar qo‘lida tarbiyalangan talaba-yoshlar ertaga o‘qishni bitirgach, sohaning egasi, ishlab chiqarishda o‘z o‘rniga ega raqobatbardosh kadr bo‘lib yetishishi mumkin.
Prezident OTM vakillari bilan o‘tgan videoselektor yig‘ilishida oliygohlar oldida turgan asosan, 4 ta ustuvor vazifani belgilab berdi: OO‘Y boshqaruv kengashi faoliyatini kengaytirish, kafedralar faoliyatini takomillashtirish, OTMning ish beruvchilar bilan integratsiyasi, ilmiy salohiyatni oshirish va nihoyat yana bir muhim yo‘nalish — moddiy-texnik bazani mustahkamlash. Shuningdek, Vazirlar Mahkamasidagi ayrim vakolatlarning Oliy ta’lim vazirligiga o‘tkazilishi yoki vazirlik vakolatlarining OTM muassasasi kengashiga berilishi e’tirof etishga arzigulik yangiliklardir. Ta’lim sifatini oshirishning muhim jihati bu moddiy-texnik baza, ilmiy va pedagogik salohiyat va AKTlarni joriy etish bilan belgilanadi.
O‘tgan yillar davomida tizimda talabalarni o‘qishga qabul qilish, o‘qishni tiklash, rasman o‘qituvchini ishga olish yo tanlovlardagi ishtiroki yoki xorijiy OTMlar bilan hamkorlik masalasiga ruxsat olish uchun tegishli yuqori tashkilotlardan javob kutilardi. Bir so‘z bilan aytganda, bu jarayonlarda ba’zi to‘siqlar mavjud edi. Ayni kunda OTMlarga taqdim etilayotgan vakolatlar ayrim tushunmovchiliklar va muddat kutishlarning oldini oladi. Endilikda kafedralar o‘z yo‘nalishlari bo‘yicha dunyoning yetakchi ta’lim muassasalari kafedralari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni hech kimning ishtiroki va ruxsatisiz amalga oshirishlari mumkin.
Bitiruvchilarning ish bilan bandligini ta’minlash har doim tizim oldidagi muhim masalalardan biri bo‘lib kelgan. Ishlarning tizimli yo‘lga qo‘yilishi, ya’ni aniq bir mexanizm asosida olib borilishi, bitiruvchi, OTM mutasaddilari va ish beruvchilar o‘rtasidagi ayrim tushunmovchilik va noroziliklarning ham oldini oladi.
Bugungi globallashgan zamonda ilg‘or tajribalar asosida bitiruvchilar bandligini ta’minlash borasida 3 bosqichli tizim joriy etilmoqda.
Birinchi bosqich – talabaning OTMga keladigan davrigacha bo‘lgan payt. Bunda maktabning yuqori sinflaridayoq bitiruvchilar ertaga qaysi kasbni egallashi, qaysi oliygohga hujjat topshirishini aniq bilishi kerak. Yoshlarning qiziqishi, iqtidori, salohiyati bo‘yicha o‘sha hududlarning prognoz ko‘rsatkichlari, qaysi mutaxassislar, kasblar, sohalar va yo‘nalishlarga talab va ehtiyoj borligi, o‘sha yo‘nalishlarda OTMga kirish uchun imtiyozli, maqsadli kvotalar ajratilganligi monitoring qilib boriladi. Misol uchun aytsak, bugun qaysi hududlarga veterinariya va chorvachilik sohasi bo‘yicha qanday mutaxassislarga talab va ehtiyoj bor, o‘sha hududga kvota ajratilishiga qanday imkoniyatlar yaratilgan? Deylik, Buxoro viloyatining Qorako‘l tumani uchun, Andijon viloyatining Marhamat tumani yoki Qoraqalpog‘iston Respublikasining Nukus shahri uchun imtiyozli va maqsadli qabul parametrlari mavjud.
Kvotalar berilishi shu kungacha umumiy xarakterga ega edi. Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, shuningdek, Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasiga shu bo‘yicha maxsus takliflar kiritdik.
Ikkinchi bosqich — talabalarning ta’lim olayotgan davri. Bunda talaba o‘qishning birinchi 6 oyligidan boshlab ish beruvchi bilan biriktiriladi. 1- va 2-kurslarda talaba va ishlab chiqaruvchi korxona yo tashkilot o‘rtasida munosabat tiklanadi. 3-kursda OTM tomonidan bu jarayon buyruq bilan rasmiylashtiriladi. Prezidentimiz aytganidek, bu jarayonda talaba bitirgach, uning bandligi 100 foiz ta’minlanishi mumkin. Shu kungacha o‘quv rejasi va dasturlarida asosiy maqsadimiz nazariy ta’lim bo‘lgan. Auditoriyadagi o‘quv jarayonida faqat professor-o‘qituvchi emas, talaba ham faol ishtirok etishi, ustozlari ko‘magida mustaqil izlanishlar olib borishi, ya’ni mas’uliyatni u ham o‘z zimmasiga olishi kerak.
Uchinchi bosqich esa o‘z-o‘zidan ma’lumki, talaba o‘qishni bitirganidan keyingi davrni o‘z ichiga oladi.
Hududlar o‘rganilib, bitiruvchi o‘zi yashab turgan manzili bo‘yicha ishga yuboriladi. OTM shu asosda o‘zining bitiruvchilari monitoringini yuritadi. Keyingi 3–5 yil davomida yoshlar o‘z mutaxassisliklari bo‘yicha qayerda ishladi, ish beruvchi tashkilot yosh mutaxassisga qanday munosabatda bo‘ldi, tayyorlagan mutaxassisimiz ishlab chiqaruvchi bilan ishlab keta oldimi, bilim va malakasi yetarli bo‘ldimi, qanday muammolarga uchradi va hokazo savollar o‘rganilib, tahlil etib boriladi. Biz mana shu monitoringni yuritish orqali OTMda yana qanday mutaxassisliklarga talab bor, qaysi yo‘nalishlarni ochish va yanada rivojlantirish, qanday sohalarni chuqurroq egallashimiz kerak, degan savollarga ham bevosita javob olamiz. Tayyorlagan mutaxassisi uchun ish beruvchi tashkilot yoki korxona OTMga baho beradi. Bu bozor munosabatlari talab qilayotgan jonli jarayon.
Ta’limni ishlab chiqarish bilan bog‘lashning asosiy sababi ham shunda.
Joriy yilning 14-iyun kuni Samarqand veterinariya meditsinasi institutida bitiruvchi kurs talabalari uchun “Ochiq eshiklar kuni” tadbiri bo‘lib o‘tdi. Institutning bu yilgi 1600 nafardan ziyod bitiruvchisi biotexnolog, zooinjener-muhandis, veterinariya laboratoriyalari, diagnostik markazlarda ishlaydigan mutaxassis, ilmiy-tadqiqot institutlari mutaxassisi, ya’ni ilmiy-pedagogik kadrlardir.
Tadbirda bitiruvchilar va ularga ish taklif etuvchi tashkilotlar, jumladan Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tasarrufidagi viloyatlar boshqarmalari va muassasalari vakillari, respublikamizdagi ilmiy-tadqiqot institutlari, chorvachilikning turli yo‘nalishlariga ixtisoslashgan xo‘jaliklar mutasaddilari, SamVMI qoshidagi akademik litsey va texnikumlar, shuningdek, filiallardan vakillar ishtirok etdilar.
Bugun ish beruvchilarning talablari ancha yuqori. Globallashuv zamonida qaysi kasblar yoki mutaxassislarga talab oshgan bo‘lsa, mehnat bozoridagi raqobat ham shu yo‘sinda kuchayib boraveradi.
Ish beruvchilar uchun talabalarning amaliyoti, stajirovkasi, vaqtinchalik ishga joylashtirilishi, ularning qiziqishlari va kasbiy yaroqliligi haqidagi ma’lumotlarni o‘zida jamlagan ma’lumotlar bazasini shakllantirish borasida oliy ta’lim muassasasida bugun aniq tizim yo‘lga qo‘yilgan.
Tadbirda jami 467 ta shartnoma imzolandi, ya’ni 467 nafar talaba ish bilan ta’minlandi.
Yoshlarning sifatli bilim olishi va o‘z navbatida mehnat bozorida o‘rnini topishi va ularni yuqori malakali kadr sifatida tayyorlash borasida hali o‘z yechimini topmagan muammolar borligini inobatga olsak, bunday tadbirlarning nechog‘li ahamiyatli ekanini anglaymiz.
Prezident videoselektorida ta’kidlangan yana bir dolzarb, eng og‘riqli masala, ya’ni talabalar turarjoyi muammosi xususida ham to‘xtalib o‘tmoqchiman. Talabalar hayoti bir hududda o‘tadi, o‘qiydi, amaliyot o‘taydi, ishlaydi, umuman bitta joyda yashaydi, deyish mumkin. Shunday ekan hukumat tomonidan berilayotgan imtiyoz va imkoniyatlar bu boradagi muammolarimizni bartaraf etadi, deb umid qilamiz.
Muhimi, imkoniyat va imtiyozlardan to‘g‘ri foydalanish.
Abdug‘ani ELMURODOV,
SamVMI o‘quv ishlari
bo‘yicha prorektori