Nashrlar ichida “Rustami doston”dir
“Ma’rifat” gazetasida ilk maqolam 2015-yilning 4-mart sonida jurnalist Rayhona Xo‘jayeva hamkorligida e’lon qilingan edi. Garchi respublika miqyosidagi boshqa nashrlarda maqolalarim berib borilgan bo‘lsa-da, “Ma’rifat”dagi ilk chiqishim meni yanada izlanishga, ijod qilishga, fanimning ochilmagan qirralarini kashf etib, hamkasblarimga mahorat bilan yetkazib berishga qattiq undadi. Rayhona Xo‘jayeva, Shoira Boymurodova bilan shu maqsadda o‘quvchilar, bolalar ta’lim-tarbiyasi haqida 20 ga yaqin maqola tayyorladik, maqola yozish bahonasida qalamim ham ancha charxlandi.
Har safar gazeta kelganda, avval bir boshidan kuzatib chiqaman. Ayniqsa oltinchi sahifasini tezroq ochishga harakat qilaman. Kasbimizga doir metod, uslublar berib boriladigan bu sahifadagi yangiliklar bilan yaxshilab tanishib olib, o‘zimga ma’qulini darsimda foydalanish uchun yondaftarimga qayd qilib boraman. Gazetaning ijodiy ishlar e’lon qilinadigan sahifasini dam olish chog‘i o‘qiyman. Mahoratli jurnalist yoki ijodkor muallimlarning hayot haqiqatlari bitilgan ta’sirchan hikoya, fiqra, qatralarni mutolaa qilib, avval mag‘zini chaqib olaman. Keyin yozilish uslubini o‘rganish maqsadida yana qayta-qayta sinchkovlik bilan o‘qib chiqaman. Xullas, “Ma’rifat”, yoshligimdagi orzum — qalamkashlikdan ancha saboq berdi. Garchi jurnalist bo‘lmasam-da,
jurnalistlar bilan hamkorlik qilish
baxtiga, maqolani uddalab yoza bilish iqtidoriga muyassar etdi.
2016-yilning iyul oyida respublika boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari forumida qatnashish nasib etdi. Yurtimizning barcha go‘shalaridan tashrif buyurgan 400 ga yaqin ilg‘or va tajribali o‘qituvchilar ishtirok etgan bu anjuman unutilmas taassurotlar bilan esda qoldi... Hech esimdan chiqmaydi: o‘sha kuni Xalq ta’limi vazirligi tasarrufidagi xorijiy tillarga ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabi faollar zalida professor-o‘qituvchilarning ma’ruzalarini tinglash uchun hayajon bilan to‘planib turibmiz. Ko‘rkam zalning orqa o‘rindig‘ida o‘tirib, poytaxtda joylashgan bu muhtasham muassasani zimdan kuzatib turgandim. Kutilmaganda, yonimdagi bo‘sh o‘rindiqqa o‘rta yoshlardagi istarali bir ayol salom berib kelib o‘tirdi. Alik olib, yalt etib haligi ayolga yuzlandim. Forumda barcha ishtirokchilarning bo‘ynida beyjigi bor edi. Beyjik taqmagan bu ayolga “Siz shu maktabda ishlaysizmi?” dedim.
“Men “Ma’rifat” gazetasi muxbiri bo‘laman”, deb javob berdi muloyimlik bilan qarshimdagi juvon. Ishonmaysiz holatimni: o‘rnimdan bexos turib “siz, siz Rayhonami, Gulyuzmi”, deb hayajonlanib ketganimni o‘zim ham bilmay qoldim. “Men Nasiba Erxonova bo‘laman” deb o‘zini tanishtirganidan keyin, biroz hovurim bosildi. Nasibaxon bilan ancha suhbatlashdik. U kishining dolzarb, o‘qishli maqolalari bilan tanishligimni, umuman olganda, bu gazetaga bo‘lgan hurmat-e’tiborim haqida ancha suhbatlashdik, esdalik suratlarga tushdik.
U kishining telefonidan ilk bor qadrdon singlimga aylanib ulgurgan Rayhona Xo‘jayevaning suratlarini ko‘rdim. Shundan keyin Nasiba Erxonovaning ko‘magi bilan tayyorlangan anchagina maqolalarim gazeta sahifalaridan joy oldi.
2017-yil 14-yanvar sonida e’lon qilingan “Xonadonimiz o‘g‘loni — Vatanimiz posboni” deb nomlangan maqolam “Faslning eng yaxshi ijodkori” tanlovining “Samarali metodik material” nominatsiyasida g‘olib deb topildi. Yana bir dolzarb maqolam bois, “Eng ma’rifatparvar mushtariy” tanlovi g‘olibi ham bo‘ldim. Shu yili tahririyatga borib “Ma’rifat”imning dunyoga kelishini o‘z ko‘zim bilan ko‘rdim. Rayhona Xo‘jayeva, Dilshod Ro‘ziqulov, Zilola Madatova, tajribali ijodkor jurnalistlar Oybuvi Ochilova, Hulkar To‘ymanovalar bilan yaqindan tanishdim.
“Ma’rifat”ning sobiq muxbirlari Hulkar To‘ymanova, Dilshod Ro‘ziqulov, Xayrullo Abdurahmonov, Olim Jumaboyev, Gulyuz Orifjonova, Charos
Yoqubova, Sohiba Mullayeva, Rayhona Xo‘jayevalar va bugungi kunda gazetada o‘qituvchining, ta’lim-tarbiyaning zalvorli muammolarini ko‘tarib, unga to‘g‘ri, odilona yechim izlab kecha-yu kunduz tinmay izlanishdan charchamayotgan jurnalistlar Zilola Madatova, Niginabonu Shukurovalar shu vaqtga qadar 50 dan oshiq maqolalarimni tahrir qilib, gazeta sahifasida o‘qishli maqola bo‘lib chiqishiga katta hissa qo‘shdilar.
Oxirgi yillarda gazetada pedagoglarning dardi, tashvishi, kasbining mashaqqati ro‘yirost tilga olinmoqda. O‘zim ham 10 ga yaqin shunday tanqidiy maqola tayyorlaganman.
Shunday ekan, tan olib aytish kerakki, “Ma’rifat” respublika nashrlari ichida “Rustami doston” desam mubolag‘a bo‘lmas. Chunki uning yuragida qo‘rquv yo‘q, haqiqatni ayta oladigan nashr. O‘zining so‘zi, ovozi bor. Bu gazeta haqida qancha to‘xtalsam oz. Uning sifatlarini sanab berish uchun yana qancha bet qoralash kerak. Gazetaning vijdonli, halol, pok, izlanuvchan ijodkorlari eng yaqin og‘aynilarimday qadrdon bo‘lib qolgan. Hattoki, ular boshqa tahririyatga ishga o‘tib ketgan bo‘lsalar-da, bayramlarda, yaxshi kunlarda bir-birimizni tabriklab turamiz. Ayniqsa, mening maslahatgo‘yim, suyanchig‘im, boshimga musibat tushganda yo‘l-yo‘riq berib, ko‘nglimni ko‘tarib, meni qayta ijod qilishga undagan Hulkar opa To‘ymanovadan bir umr minnatdorman. Gazeta tarixi bilan yaqindan tanishganimda (“Ma’rifat” gazetasi 90 yoshda” ruknidagi barcha maqolalarni o‘qib) bir paytlar gazetaning sarboni, jurnalistlarning zabardast ustozi Halim Sayid ekanliklarini bilib oldim. Ko‘plab jurnalistlarni mahorat bilan tarbiyalagan bu ustoz “Boshlang‘ich ta’lim” jurnalida ham adolatli, tesha tegmagan chiqishlarga imkon yaratdi. Maqolalardagi sifat, mazmun, yangilikka boy metod-uslublar jurnal zamon bilan hamnafasligiga urg‘u beradi.
Men “Ma’rifat”da, uning ishchi-xodimlarida halollikni, mehr-oqibatni, jipslikni, hayotga muhabbat bilan qarashni, qolaversa, haqiqiy ijodkorlikni ko‘rdim. Bu birdamlik, bunday dunyoqarash 90 yil hukm surgan ekan, ilohim bundan keyingi dovonlarda ham tahririyat ostonasini ana shunday shukuh, ana shunday fayz-u barakot tark etmasin. Mening suyanchig‘im, dardkashim, panohgohim “Ma’rifat”im, umring boqiy bo‘lsin! Yaxshilikka, ezgulikka xizmat qilaver!
Dilnoza NARZULLAYEVA,
Vobkent tumanidagi
21-maktabning boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi