Navoiydan ilhomlanib, Gyotedan hayratlanib...
Qadim Nurotaning betakror kengliklari o‘ziga xos. Bu dala-yu dashtlarda tarixda ne-ne misli ko‘rilmagan jang-u jadallar ro‘y bermagan, ne-ne chavandozlar ot o‘ynatib dovruq taratmagan deysiz?
Mashinamiz Soykechar qishlog‘idan burilib kichik dovondan oshgach, Suvliq qishlog‘ida to‘xtaydi. Bu atroflarda obihayot nomiga mengzab aytiladigan qishloqlar ko‘p. Soykechar, Sovuqbuloq, Jombuloq, Ko‘kbuloq, Suvliq. Suvliq deganda — ikki ma’no, biri soylardagi buloqlarning liq to‘laligi va ikkinchisi esa, tog‘lar ustidan qaraganda qishloqdagi ikki soy qo‘shilib, xuddi yuganning ot og‘ziga solinadigan suvlig‘i kabi ko‘rinishini anglatar ekan. Bildimki, yerli xalq azaldan otga oshno, chavandozlikning sir-asrorini yaxshi biladi.
Bu qishloqda Mamarajabovlarni ko‘pchilik ziyoli murabbiylar oilasi deb biladi. Doniyor Mamarajabov turmush o‘rtog‘i Robiya Qurbonova bilan 35 yildan ortiq maktabda dars bergan.
— O‘zim asli Nurobod tumanidagi Nurbuloq qishlog‘ida tug‘ilganman, — deydi Robiya opa. — Turmush o‘rtog‘im bilan Buxoro davlat pedagogika institutida birga tahsil olib, ko‘ngil qo‘yib turmush qurdik. Oliygohni tugallab Nurobod tumanidagi Sho‘rcha qishlog‘ida, keyin esa Nurotada Suvliq qishlog‘imizga kelib o‘rta maktabda xo‘jayinim matematika, men esa nemis tili fanidan dars berdik. U paytlar qaynotam va qaynonam
hayot edi. Qaynonam erta vafot etdi. Qaynilarimning hayotda munosib o‘rnini topishlarida turmush o‘rtog‘im ikkalamiz bosh bo‘ldik. Padari buzrukvorim Qo‘shmon ota bilimli shifokor edi. Oilamizda Safiya opam, akalarim Abdunazar, Abdurazzoq va ukalarim Abduvali, Abdubayit o‘qituvchilik kasbini tanlashgan. O‘zbek o‘z udumiga munosib xalq, mana hozir bir qishloq nevaralar ardog‘idamiz, nafaqada ham qishloqning quvonch va tashvishlaridan chetda emasmiz.
Olmon tili
mo‘jizasi
Robiya opa qishloq yoshlarida nemis tiliga chinakam muhabbat uyg‘ota oldi. Sobiq tuzum davrida chet tillar nomigagina o‘qitilgani sir emas. Ammo til go‘zalligi va sehrini o‘quvchilar qalbiga singdirish, til jozibasiga mehr uyg‘otish oson ish emas. Suvliq qishlog‘i viloyat markazidan 150 km, tuman markazi Nurotadan 55 km olisda Qoratog‘ biqinida joylashgan. Robiya opaning astoydil mehnati tufayli ko‘p yillar davomida Suvliq qishlog‘idan butun boshli nemis tili va adabiyoti shaydolari jamoasi
yetishib chiqdi.
— Olmon tili asrlar qa’rida dunyo tamadduniga hissa qo‘shgan so‘zlashuv tilidir, — deydi xalq ta’limi a’lochisi, “Sog‘lom avlod” ordeni sohibi Robiya opa. — Nemis tili taraqqiyot tili, falsafa, iqtisod va san’at, boy adabiyot tili hamdir. Qolaversa, asrlar bo‘yi buyuk Yohann Volfgang fon Gyote, Fridrix Hegel, Immanuil Kant, Lyudovik Feyerbax, Fixte va Yung bir qator ulug‘ siymolar ijod qilgan til hamdir.
Gyote olmon tilining keng qamrovi va badiiy ilmiy imkoniyatlarini 60 yil davomida bitgan o‘zining shoh asari “Faust” fojianomasida, “Yosh Verterning iztiroblari” va bir qancha asarlarida namoyon qila olgan. Biz dars bergan davrlarimizda til o‘rgatish dasturlari ham ancha jo‘n edi. Ammo birgina tog‘lar tubidagi Suvliq qishlog‘idan 25 nafar nemis tili shaydolari yetishib chiqqanidan bir qishloq murabbiyasi sifatida faxrlanaman. Ularning ba’zilari qishloq xo‘jaligi sohasida bo‘laturib ham nemis tilini puxta o‘zlashtirishdi. Elchixona, xalqaro muassasalarda faoliyat olib borishyapti. Men ularning kelgusida O‘zbekiston — Olmoniya aloqalarining rivojiga katta hissa qo‘shishiga ishonaman. Garchand nemis tilini o‘quvchilarimga o‘rgatsam-da, mudom Navoiydan ilhomlanganman, Gyotedan hayratlanganman.
Suvliqlik olmonshunoslar
Robiya opa ta’lim va tarbiya bergan Suvliq qishlog‘idagi nemis tili shaydolari asosan mustaqillikdan keyin o‘z iqtidorlarini namoyon qila boshlashdi. Birgina ko‘p yillar qishloqda oddiy zootexnik bo‘lib ishlagan Rahmonqul aka Sattorov va Soliha opaning 9 farzandidan 7 nafari nemis tilini o‘rganib, hayot yo‘llarini tanlashdi.
“Iltifot eting, Robiyaxonim, fidoyiligingizga bosh egaman!”
— Chindan-da, qadim Oqtov va Qoratov etaklariga tutashib ketgan Nurotaning qadimiy kengliklari olis yevropaliklarni rom etgan, — deydi Toshkentdagi Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati(GIZ)ning ma’sul xodimi Oydin Sattorov. Ular avvalo, qishloq yoshlarining xorijiy tillarni puxta o‘zlashtirganliklariga qoyil qolishdi. Qolaversa, o‘zbek mehmondo‘stligi bo‘yicha biz ularni tug‘ilgan go‘shamizga taklif etdik.
Nemislar tabiiy turmush tarzi, so‘lim tabiat, asrlar osha saqlanib qolgan urf-odatlarimizni ko‘rib, o‘zbeklarning odamgarchiligidan, O‘zbekistonning go‘zalligidan hayratlanishadi.
Suvliq qishlog‘iga 2001-yilda dastlab Fransiyadan do‘stim Kristof Antonining ota-onasi tashrif buyurdi. Keyin esa Germaniyaning Rostok universiteti professori janob Yoaxim Risse va Kristofning o‘zi ham qishloqqa kelib suvliqliklar mehmoni bo‘lishadi.
— Kunlarning birida oddiy ro‘zg‘or ishlari bilan band edik, — deydi Robiya opa. Hovlimiz eshigida bir xorijlik odam paydo bo‘ldi. “Men Bonn shahridan Rudolf Krauze bo‘laman, — dedi u hayajonlanib. — Siz nemis tiliga muhabbat uyg‘otgan o‘quvchilaringiz janob Doniyor va Oydinni yaxshi taniyman. O‘zbekistonning eng chekka qishlog‘ida nemis tilini, buyuk Gyote, Shiller, Gegelning ona tilini targ‘ib etganingiz uchun, nemis xalqiga hurmat-ehtirom ko‘rsatganingiz, fidoyiligingiz oldida bosh egaman, — dedi olmoniyalik
mehmon. Ochig‘i, bunday e’tirofni dabdurustdan kutmagan edim. Men uni shunchaki turist shekilli deb o‘ylagandim. Turmush o‘rtog‘im bilan mehmonni uyga taklif qildik. U mening o‘quvchilarim Doniyor va Oydinjon bilan yaxshi tanish ekan, ular orqali Suvliq qishlog‘imiz va mening dars o‘tish uslubimgacha eshitib, oxiri yuzma-yuz muloqotda bo‘lish va qishlog‘imizni ko‘rish uchun Bonn shahridan so‘rab topib kelibdi. Hozirda u Germaniya Ч O‘zbekiston qo‘shma korxonasida mas’ul lavozimda ishlaydi. Nafaqada bo‘lsam-da, hali bardamman, o‘qituvchilarga bugungi e’tibordan juda mamnunman, — deydi Robiya opa. — Afsuski, bugun qishloqdagi 24-umumta’lim maktabida nemis tili, umuman xorijiy tilidan dars beruvchi muallim yetishmaydi.Taraqqiyot esa shu qadar ildam odimlayapti. Olmoniya bugun dunyoning eng rivojlangan mamlakatlaridan biridir. Nemis tili O‘zbekiston uchun nafaqat Olmoniya, balki nemiszabon mamlakatlar bilan diplomatik aloqa, siyosiy-iqtisodiy hamkorlik, adabiyot va san’at, taraqqiyot uchun hamkorlik vositasi hamdir.
Bu til Gyote, Shiller, Hegel yaratgan boy asarlar zavqini tuyishingiz, Albert Enshteyn ilmiy ixtirolarini o‘rganishingizga imkon yaratadi.
O‘ljaboy QARSHIYEV