Niagara sharsharasi haqida siz bilmagan ma’lumotlar
Niagara sharsharasi dunyodagi eng go‘zal, tabiiy joylardan biri sifatida ma’lum. Tabiatning ushbu mo‘jizasini ko‘rish uchun har yili minglab sayyohlar tashrif buyuradi.
E’tiboringizga ushbu ajoyib sharshara haqida qiziqarli ma’lumotlarni taqdim etmoqchimiz:
Niagara sharsharasi ikkita asosiy sharsharadan iborat: “ Taqa” (Horseshoe Falls) nomi bilan mashhur Kanada sharsharasi va AQSh hududidagi sharshara (American Falls).
Niagara sharsharasi 10 ming yil oldin muzlik davrida muzliklarning erishi natijasida vujudga kelgan.
Niagara sharsharasidagi suvning yashil rangda bo‘lishi ko‘p miqdordagi tuz va katta favvora tufayli yemirilgan mahalliy tuproqning o‘ziga xosligiga bog‘liq. Uning tarkibida juda ko‘p ohak mavjud.
Tabiiy eroziya tufayli sharsharaning balandligi har yili bir futga kamayib bormoqda. Bu 50 yildan so‘ng sharshara yo‘q bo‘lishi mumkin deganidir.
Niagara sharsharasi bo‘ylab ikkita avtomobil ko‘prigi qurilgan. Ular: Rainbow Bridge va Whirlpool Rapids Bridge.
Rainbow Bridge ko‘prigi sharsharaning pastki qismidan bir necha yuz metr pastda joylashgan. U yerdan sharsharaning eng chiroyli manzarasini ko‘rishingiz mumkin.
Qo‘shma Shtatlardagi ichimlik suvining 20 foizi ushbu sharshara orqali o‘tadi.
Shu paytga qadar juda ko‘p odamlar Niagara sharsharasini zabt etishga harakat qilishdi. Ammo ularning aksariyati o‘lim yoki jarohat olish bilan yakunlandi. Bugungi kunda odamlarning turli davrlarda sharsharani zabt etishga harakat qilgan voqea-hodisalari yozilgan maxsus arxiv mavjud.
Hozirgi vaqtda sharsharaga maxsus sayohatlar uyushtirilmoqda. Odamlar mingan kema sharsharaning ostiga qadar suzib bora oladi. Bunday sayohatlar 1846-yildan boshlab amalga oshirilmoqda.
Niagara sharsharasining pastki qismidan ko‘ri-
nadigan jigarrang manzara bir necha tonna suv
tushishi natijasida tuproqning ko‘tarilishi tufayli
yuzaga keladi.
Sharsharadan tushgan baliqlarning 90 foizi omon qoladi.
“Niagara” nomining kelib chiqishi to‘g‘risida olimlar o‘rtasida bir necha fikr mavjud. Ulardan birida sharshara nomi mahalliy qabilalarning “Ongniaahra” so‘zidan kelib chiqqanligi aytiladi. Mazkur so‘z
“Yerning ikkiga bo‘linadigan nuqtasi” degan ma’noni anglatadi.
Niagara sharsharasi haqida va uning manzarasidan foydalanilgan bir nechta film yaratilgan. Ular: Merilin Monro va Jozef Kotten ishtirokidagi “Niagara”, “Supermen II” (1980), “Niagara: mo‘jizalar, afsonalar va sehr”, “Karib dengizi qaroqchilari” filmlari va boshqalar.
Har yili 25 million sayyoh sharsharani tomosha qilish uchun tashrif buyuradi.
Qozoq tilidan
Nodirbek YO‘LDOSHEV
tarjimasi.