“Sen “zo‘r”sanda, bilmagan so‘zingni ishlatasan!
Inson hayotida muhim ahamiyatga ega bo‘lgan davrlar, shaxslar, makonlar bo‘ladi. Mening hayotimdagi shunday joylardan biri bu – “Ma’rifat” gazetasi tahririyati.
2013-yilning kuzida ish o‘rganish niyatida “Ma’rifat” gazetasiga keldim. Salkam yuz kishilik jamoa, qaynoq muhit meni ham o‘z bag‘riga oldi. Ustozlardan, tajribali aka-opalardan jurnalistika sir-asrorlarini o‘rgana boshladim.
U yerga kelguncha o‘zimni daho hisoblab yurganim bir varaq maqolamni “lolazor” qilib tahrirlab berishganda o‘z nihoyasiga yetdi. Bildimki, hali ancha ko‘p o‘qib-o‘rganishim kerak ekan.
O‘shanda institutda to‘rtinchi kursda o‘qirdim, soham jurnalistika emasdi. Har kuni tushlikkacha o‘qishda bo‘laman, undan keyin tahririyatga chopaman. O‘sha payti “Ma’rifat” haftada ikki marta chiqardi. Har songa biror kichik material berishga intilaman. Ilk chiqishlarim ibratli hayotiy voqealar bayoni edi, keyinchalik jiddiy, tahliliy materiallar yoza boshladim.
Bir voqea hech yodimdan chiqmaydi. Vazirlik o‘tkazgan matbuot anjumaniga borib material yozib keldim. O‘sha kuni “vyorstka” edi. Materialim songa qo‘yildi. Kechqurun uyga borib bir narsa esimga tushib qoldi. Tadbirda so‘zga chiqqan bir amaldorning familiyasi o‘rniga otasining ismini yozib yuboribman. U huquqni muhofaza qilish organi boshliqlaridan biri edi. Kechasi bilan ming xil variant o‘ylab chiqdim. Eng kulgilisi, gazetaning hamma nusxasini sotib olmoqchi bo‘lganman. Tasavvur qiling, 66 ming nusxa gazetani sotib olishga o‘sha paytda men talaba faqirda pul qayerdan bo‘lardi? Alqissa, ertasiga ertalab ishga keldim. Yangi gazeta kelgan. Maqolam chiqqan sahifani ochib o‘qidim. Ha, rostan ham men familiya o‘rniga sharifini qo‘yib yuborgan ekanman. Endi o‘zimni qo‘yarga joy topolmayman. Biror formali odam ko‘rinsa rangim o‘chadi. Ichimda o‘ylaymanki, “O‘sha amaldor materialimni o‘qigan, katta xato ketganini ko‘rib meni javobgarlikka torttiradi”. O‘ylay-o‘ylay oxiri gazetalar binosining uchinchi qavatidagi gazetada ishlaydigan hamqishloq akamning yoniga tushdim. Holatni aytdim. “E, qayg‘urma, u odam xursand bo‘ladi, otasini hurmat qilib familiyasining o‘rniga qo‘yganingga, odatda ko‘plar o‘zi atay hujjatini shunday qilib rasmiylashtiradi” dedi. Ko‘nglim biroz joyiga tushgandek bo‘ldi. Keyin o‘zimga o‘zim shart qo‘ydim. “Endi tadbirlarda biror odamning sharifini yozib olmayman, faqat ism va familiyasini yozib olaman”.
Maqolaga sarlavha tanlash, tahrir qilish, bir masalani ko‘tarish asnosida bir necha muammolarni ham qo‘shib ketish kabi jurnalist uchun muhim narsalarni tahririyatga qatnab yurgan dastlabki paytlarda o‘rgandim.
O‘qishni tamomlashim bilan “Ma’rifat” gazetasiga ishga qabul qilindim. Tahririyatda bo‘lgan o‘sha paytdagi qaynoq muhitni hali hamon sog‘inaman, qo‘msayman.
Aytish mumkin bo‘lgan yana muhim bir fakt bor. Qayerga ishga borsam “Ma’rifat”da ishlaganimga yutuq sifatida qaralgan. “Bu ish ko‘rgan, bu maktab ko‘rgan” deyishadi.
“Ma’rifat”ga ish o‘rganishga qatnab yurgan paytlarim bir kuni tahririyatda rahmatli ustoz Mahmud Sa’diyni ko‘rib qoldim. Yugurib yoniga bordim. Salom-alikdan so‘ng “Ustoz, siz Shukur Xolmirzayevning do‘sti bo‘lgan ekansiz, siz haqingizda esselarida yozgan, shundan sizni taniyman” dedim.
“Ha-a, Xolmirzayev emas Sholoxov de. Sen ham jontoqmisan deyman hovliqib gapirishingdan” deb kuldi ustoz. Shundan keyin ustozning xonasiga kunora kirib turadigan bo‘ldim. Yozgan maqola, hikoyalarimni o‘qib bering deb qo‘llariga tutardim. Shunday kunlarning birida ustoz men yozgan bir maqolani qo‘liga olib biroz tikilib turdi-da, materialdagi bir so‘zni “Shuning ma’nosi nima?” deb so‘radi. Har narsani bilaman deb karillab yurganim bir zumda puchga chiqdi. Sekingina aytdimki, “Ustoz, bilmas ekanman”. Ustoz kinoya bilan “hih” deb kulib qo‘yib maqolamni qo‘limga tutqazarkan “Sen “zo‘r”sanda, o‘zing bilmagan so‘zniyam ishlataverasan maqolangda” deb kinoya qildi.
Badanim muzlab ketdi, yonimdagi hamkasblardan uyaldim. Lekin bu menga katta dars bo‘ldiki, shundan keyin nimaiki yozsam yonimda izohli lug‘at turadigan bo‘ldi.
Furqat ALIMARDON