Tirikchilik farzand tarbiyasidan ustunmi?
Kun tartibida doim turishi kerak bo‘lgan mavzu, inson tafakkuri, xulqi, odob-axloqini tanazzuldan saqlab turadigan eng samarali vosita, bu – tarbiya, ma’naviyat va ma’rifatdir. Aynan shu uch omil to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilgan muhitda farzandlar tarbiyali, oqil va bilimli bo‘lib voyaga yetadi, oila mustahkam, jamiyat ibratli bo‘ladi.
Xalqimiz qadimdan ta’lim-tarbiya masalasiga juda katta e’tibor qaratibgina qolmay, uni asrlar davomida e’zozlab qadriyat darajasida shakllantirgan.
Xalq orasida “Hech bir ota-ona farzandiga yomonlik tilamaydi, kelajakda yaxshi xulqli, kasb-hunarli, el havas qiladigan insonlar bo‘lib yetishishini istaydi”, degan ibratli gap bor. Maqsad, istak juda yaxshi, lekin uni amalga oshirish uchun amaliy harakatlarni ba’zan yoddan chiqarib qo‘yamiz. Tirikchilik, uy-ro‘zg‘or tashvishalarini bahona qilib, ta’lim-tarbiyani “o‘z yo‘liga bo‘laveradi” deya ish tutamiz.
Bola ma’lum davr va muhitda shakllanib bo‘ladi. Agar uning fe’l-atvori, o‘y-fikrida salbiy jihatlarni ko‘rsak o‘ksinamiz. Nari borsa ikki og‘iz do‘q-po‘pisa bilan nasihat qilgan bo‘lamiz. Lekin vaqt ancha o‘tib ketgan bo‘lsa-chi?
Alloma Imom G‘azzoliy shunday deydi: “Bolalar ota-onalariga berilgan omonatdir. Bolaning qalbi har qanday naqsh-u tasvirdan xoli bir qimmatbaho gavhardir. U qanday naqsh solinsa, qabul qiladi, qayoqqa bukilsa, egiladi. Agar yaxshilikka o‘rgatilsa, shu bilan o‘sadi va dunyo-yu oxiratda saodatga erishadi…
Albatta, hayotda yanglish qadamlar, adashishlar, xatolar bo‘ladi. Lekin bola tafakkuriga bolalikdan to‘g‘ri tarbiya, ma’rifiy g‘oyalar singdirilgan bo‘lsa, u albatta bu xatolarni tezda tuzatib oladi, kelajakda uni takrorlamaslikka intiladi.
Xalqimizning necha-necha asrlar osha shakllanib zavol topmagan hayotiy tushuncha va qadriyatlariga asoslangan g‘oyalar yosh avlod tarbiyasining asosini tashkil etmog‘i kerak. Soddaroq aytganda, har bir insonning yurish-turishi, oilasida ibratli muhit yaratishi, farzandlarining ana shu muhitda ulg‘ayib voyaga yetishi, avvalo ularning ma’naviy qiyofasiga, o‘y-fikri tozaligiga bog‘liq emasmi!?
Davlatimiz rahbari joriy yilning 19-yanvar kuni ma’naviy-ma’rifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirishga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida shunday ta’kidlab o‘tgan edi: “Agar jamiyat hayotining tanasi iqtisodiyot bo‘lsa, uning joni va ruhi ma’naviyatdir. Biz yangi O‘zbekistonni barpo etishga qaror qilgan ekanmiz, ikkita mustahkam ustunga tayanamiz. Birinchisi – bozor tamoyillariga asoslangan kuchli iqtisodiyot. Ikkinchisi – ajdodlarimizning boy merosi va milliy qadriyatlarga asoslangan kuchli ma’naviyat”.
Biz yuqorida so‘z yuritgan tarbiya ma’naviyatning ajralmas qismi. Ma’naviyatni, tarbiyani qadriyat deb bilar ekanmiz, ularni turli tashqi ta’sirlardan himoya qilmog‘imiz ham kerak. Aytaylik, tafakkuri, muomalasi, o‘y-fikrlari ibratli ota-ona farzandlariga yaxshi tarbiya beradi. Lekin bolalar ko‘cha-ko‘y, mahalla, maktab va umuman atrofdagi insonlar hayotini ko‘radi, ular bilan ham munosabatga kirishadi, ta’sirlanadi. Qolaversa, globallashuv davrida internet, qo‘l telefoni kabi ko‘plab aloqa vositalarida sanoqsiz lavhalar, videorolik va shu kabilar tinimsiz berib borilmoqda. U yerdagi salbiy axborotlar hatto tasavvur va fikr doirasi haminqadar kattalar bilan birga hali yosh bolalarga kuchli ta’sir ko‘rsatishi tabiiy.
Tasavvur qiling, hali hayot tajribasi yo‘q, tahlil qilaolmaydigan bolalar ongiga bular qanday ta’sir ko‘rsatadi? Ularning telefon yoki internetdan foydalanish jarayonini doim nazorat qilish imkoni bo‘lmaydi. “Olmaning bo‘shini qurt yeydi” deganlaridek, bilimsiz kishining ko‘ngli xurofotga moyil bo‘ladi. Shu o‘rinda oila va maktabdagi ta’lim-tarbiya eng kuchli qurol bo‘lib xizmat qila oladi. Tafakkuri, bilimi ezgulikka yo‘g‘rilgan bolalar esa turli salbiy voqea-hodisalar, axborotlar ta’siriga tushib qolmaydi. Oqni qoradan ajrata biladi.
Buyuk mutafakkir Jaloliddin Rumiyning shunday hikmatli so‘zlari bor: “Tilingdan oldin qalbingni tarbiya qil. Chunki so‘z qalbdan kelib chiqadi”. Ya’ni, tarbiyada avvalo tafakkurni, ongni tarbiyalamoq kerak. Ko‘ngli ezgulik bulog‘idan to‘yingan, yaxshi amallarga yo‘naltirilgan avlodlar kelajagimiz tayanchi bo‘lib qolaveradi.
Uljamol ISLOMOVA,
Jarqo‘rg‘on tumanidagi 17-maktab direktorining
o‘quv ishlari bo‘yicha
o‘rinbosari