XAVFSIZLIK TALABLARI
Qish faslida aholi tomonidan xavfsizlik talablariga javob bermaydigan qo‘lbola, nostandart gaz tarmoqlariga rezina shlang orqali ulanish, nosoz holatdagi dudburonlardan foydalanish hamda xonadon ichida ochiq olovdan foydalanish holatlarining uchrab turishi fuqarolarning is gazidan zaharlanishiga hamda havo va gaz aralashmasi chaqnashi natijasida jabrlanishiga va hattoki halok bo‘lishiga sabab bo‘lmoqda.
Is gazi xonadonlarimizda foydalanadigan tabiiy gazning to‘liq yonmasligi, ko‘mir va organik moddalarning chala yonishidan hosil bo‘ladigan gazdir. Is gazi inson organizmining nafas yo‘llari va nafas a'zolariga kuchli ta'sir ko‘rsatadi va nafas yo‘llari orqali organizmni xususan, markaziy asab tizimini zararlaydi.
Is gazidan qator organik moddalar sintez qiluvchi korxonalarda, garajlarda ventilyasiya yomon bo‘lganda, yangi bo‘yalgan, shamollatilmaydigan xonalarda, shuningdek, uy sharoitida tabiiy gaz yonib turganda va pechka qopqog‘i o‘z vaqtida yopilmaganida zaharlanish mumkin.
Bu mudhish hodisalarning asosiy sababi – aholining ko‘p hollarda xavfsizlik talablarini bilmasligi yoki ularga beparvolik bilan qarashi bilan bog‘liq bo‘lib qolmoqda. Xonadonlarda o‘rnatilgan gaz asboblariga belgilangan muddatlarda texnik xizmat ko‘rsatilmasligi natijasida gaz asboblarining foydalanishga yaroqsiz holatga kelib qolishi, gaz jo‘mraklari va gaz asboblaridan gaz sizib chiqishi natijasida portlash va gazdan zaharlanish holatlarini yuzaga keltiradi.
Husan MAMAJONOV, O‘zbekiston Davlat filarmoniyasi Turkiston saroiyi YXTTEB mutaxassisi, katta serjant.
Dilshod ANVAROV, Toshkent shahar FVB O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senatiga qarashli binolarida YoXTTEB mutaxassisi, katta serjant.