Nima uchun mahalla raislari saylovini maktab o‘tkazishi kerak?
Bugun ta’lim islohotlari haqida qaysi bir yurtdoshimiz bilan suhbatlashmang, keyingi yillarda o‘qituvchi nufuzi yuksalgani, ular majburiy mehnatdan, ortiqcha qog‘ozbozlikdan ozod bo‘lganini ta’kidlaydi. Aslida ham shundaymi? Savolni bu tarzda qo‘yishimizga bir murojaat sabab bo‘ldi.
Nodirjon Komilov (ismi-familiyasi shartli) ismli fuqaro “Facebook” ijtimoiy tarmog‘ida quyidagicha fikr qoldirgan.
— Toshkent maktablari mahalla saylovini o‘tkazishga mas’ul qilib qo‘yilgan. Shundan xabardormisizlar? Nima uchun mahalla raislari saylovini maktab o‘tkazishi kerak? Bu qachon tugaydi? Ushbu masalani ko‘tarib chiqa olasizlarmi?
Vaziyatga aniqlik kiritish uchun Xalq ta’limi vazirligi mutaxasisilariga murojaat qildik. Vazirlik axborot xizmati mavzu bo‘yicha quyidagi ma’lumotlarni berdi:
— O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 14-avgustdagi PQ-3907-sonli qaroriga ko‘ra quyidagilar taqiqlandi:
— xalq ta’limi xodimlarini xizmat majburiyati bilan bog‘liq bo‘lmagan ishlarga, majburiy mehnatga, shu jumladan, tuman va shaharlar hududlarini obodonlashtirish hamda ko‘kalamzorlashtirish ishlari, mavsumiy qishloq xo‘jaligi ishlari hamda boshqa turdagi ishlarga jalb qilish;
— xalq ta’limi xodimlarini ularning kasbiy faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan yig‘ilishlar va boshqa tadbirlarga jalb qilish, ularning bosma nashrlarga majburan obuna bo‘lishini tashkil etish;
— xalq ta’limi muassasalari faoliyatini qonun hujjatlarida nazarda tutilmagan asoslarga va o‘rnatilgan tartibga rioya etmagan holda tekshirish.
Yuqoridagi talablar buzilgan hollarda davlat organlari va tashkilotlari rahbarlari tegishli tartibda javobgarlikka tortilishi qat’iy ogohlantirildi.
Xayrullo ABDURAHMONOV tayyorladi.