Onlayn fikr, mulohaza, taklif
Tahririyatimiz xodimlari telegram tarmog‘i orqali o‘qituvchilar bilan samarali hamkorlik o‘rnatishga urinmoqda. “Ma’rifat” mushtariylari” guruhi biz, gazeta xodimlariga maqolalarimiz haqidagi fikrlarni jonli tarzda qabul qilish, shuningdek, o‘qituvchilarni qiynab kelayotgan muammolar, ularning takliflari bilan yaqindan tanishish imkonini bermoqda. Onlayn muloqot va muhokamalar bilan sizni ham tanishtirib borish maqsadida “Mushtariy muhokamasi” nomli yangi rukn tashkil qildik. Bu rukn ostida o‘qituvchilarning telegram guruhida bildirgan eng dolzarb fikrlari, takliflari berib boriladi.
Aytish joizki, “Ma’rifat” mushtariylari guruhi tashkil etilganiga endigina 3 oy bo‘lganiga qaramay, biz mushtariylardan talaygina fikrlar oldik. Va ularga tayanib, 10 dan ortiq dolzarb mavzudagi maqolalar chop etildi. Jurnalist va mushtariylar hamkorligida o‘qituvchilarning ijod namunalarini qabul qilish tizimi ham ancha osonlashdi.
Dilfuza:
— O‘zbekiston tumanidagi Yakkatut qishlog‘ida yangi yil arafasida 9-MTM kapital ta’mirlanib, foydalanishga topshirildi. Buning uchun 4 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ sarflandi. Olti oy davomida ko‘rkam, shinam va barcha qulayliklarga ega MTM barpo etildi.
Gulchehra ASHUROVA:
— Termiz shahridagi 13-maktabning 5-sinf o‘quvchisi Guljahon Begimova Boku shahrida o‘tkazilgan xalqaro raqs festivalida 1-o‘rinni egalladi.
* * *
— Meni ushbu guruhga qo‘shgan insonga katta rahmat! “Ma’rifat” gazetasini ensiklopediyaga o‘xshataman. Gazeta orqali barcha savollarga javob olyapman. Ushbu nashrni har bir pedagog o‘qib borishi shart va lozim.
Dilbar NORMURODOVA:
— Termiz shahridagi 11-maktab psixologi Zilola Mengnorova “Yilning eng yaxshi psixologi” ko‘rik-tanlovining shahar bosqichi g‘olibi bo‘ldi.
Dilorom ANVAROVNA:
— O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tomonidan o‘tkazib kelinayotgan “Yosh kitobxon” ko‘rik-tanlovining respublika bosqichida Paxtachi tumanidagi 24-maktabning 8-sinf o‘quvchisi Mahliyo O‘roqova Prezident sovrini — “Spark” avtomashinasi bilan taqdirlandi.
Muhabbat XO‘JAYEVA:
— Men o‘qituvchilar uchun e’lon qilingan aksiyada ishtirok etib, 10 foizli imtiyozli kredit asosida “Lasetti 1” avtomashinasini sotib oldim. Boshlang‘ich to‘lov sifatida 10 700 000 so‘m to‘ladim. Birinchi oyi uchun 2 700 000 to‘lov qilish kerak ekan. O‘qituvchi ekanimdan faxrlanib ketdim.
Fotima KARIMOVA:
— Nimaga aksariyatimiz farzandimiz kelajagiga beparvomiz. Masjidning tahoratxonasiga ARISTON oberamiz-u, maktabning hojatxonasiga bittagina obdasta obermaymiz! To‘ylarda artistlarga pul qistiramiz, sinfga parda desa jonimiz chiqadi! Ishxonada bazm bo‘lsa, xodimlarga “eriymiz”, maktabdagi tadbirga kelganda o‘sha kuni ishimiz chiqib qoladi! To‘y qilsak, qo‘shni qishloqdagi kazo-kazolargacha mehmon qilamiz, bolamizning o‘qituvchisi esimizdan chiqib qoladi! Mahallada bitta boy mashina olsa, «qandini ursin», deymiz-u, o‘qituvchi olsa, «shartmikan, qorniga yemasdan mashina olish», deb piching qilamiz! Yilda bir marta ta’mirga pul yig‘ilsa «zakun»chiligimiz tutib qoladi, lekin bitmagan ishni «soqqa»sini berib bitirib, qonunni oyoqosti qilamiz! Kunda-kunora oshnalarni, ishimiz tushgan odamlarni choyxonaga oboramiz, ammo o‘qituvchini bir marta mehmon qilmaganmiz! Menga nima xizmat buyurarkan deb, boshlig‘imizning og‘ziga qarab turamiz-u, o‘qituvchi muammodan gapirsa, og‘ziga uramiz!
Lekin o‘qituvchI birovning muruvvatiga yoki puliga muhtoj emas! Ozgina QADR va E’TIBOR topsa, shuning o‘zi kifoya! Daftar, ta’mir, obuna, metallolom, gul, parda kabi chiqimlarga yig‘ilgan pul nimayam bo‘lardi! Nahot shu pulga qarab qolgan deb o‘ylasak o‘qituvchini. Azbaroyi kasbini sevganidan yoki shuncha yillik mehnati uvol bo‘lmasligi uchun ishlayapti o‘qituvchi! Mabodo shu chiqimlar ota-onalarga og‘irlik qilayotgan bo‘lsa, buni o‘qituv¬chigamas, o‘sha buyruq bergan TEPAdagilarga aytinglar!
Dildor NURMUHAMMEDOVA:
— Haqli savol tug‘iladi: nega ham maktabda, ham o‘quv kurslarida dars berayotgan ustozlarimizning ko‘rsatkichi ikki xil? Ya’ni, repetitorlikdagi o‘quv¬chilarining o‘zlashtirish darajasi maktabdagi o‘quvchilari¬nikidan yuqori.
* * *
Termiz tumanida maktab va sinf ta’miri uchun umuman pul yig‘ilmaydi. Mutasaddi xodimlarning o‘zlari kelib, har bir xona va zallarning holatini o‘rganishadi. Shunga ko‘ra, bo‘yoq va kerakli ashyolarni tarqatishadi.
* * *
— Onam o‘qituvchi bo‘lgani uchunmi gazetangizning muxlisiga aylanganman. Hozirgacha onamning daftarlari orasida gazetada chiqqan qimmatli tavsiyalar bor. Men uchun ham gazeta ustoz vazifasini o‘tagan. Ushbu nashr haqida biror nojo‘ya fikr eshitsam, yuragim og‘riydi. O‘tgan o‘quv yilida o‘qituvchilar bayrami arafasida onam haqida yozilgan maqola chop etilgan edi. Bu mening gazetadagi birinchi chiqishim bo‘lgan. O‘shanda onam ta’limda 38 yil ishlagan bo‘lsam, bu eng katta mukofotim bo‘ldi, degan edilar.
Yulduzoy:
— Repetitorlar maktabda ham dars beradi, lekin maktabda pul kam to‘lanadi, dars berishda cheklovlar ko‘p. Masalan, darsliklarning hammasi ham talabga javob bermaydi. Ayniqsa, aniq fanlarga alohida e’tibor berish kerak. Repetitorlikda darslik va dasturdan chiqib, qo‘shimcha manbalarga tayanib, mavzuni chuqurroq tushuntirish imkoniyati keng. Oddiy misol: ertalab maktabga kelib, sinfni darsga tayyorlayman, havosini alishtiraman, boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi bo‘lganim uchun partalarni, stol va eshiklarni xlor bilan artaman. Dars boshlanguncha sinfxonada o‘quvchilarga badantarbiya qildirishim, davomatni tekshirib, ma’lumotlarni filtr daftarga, so‘ng jurnalga ham yozib bo‘lgachgina darsni boshlashim kerak.
Dilfuza TURDIALIYEVA:
— Xususiy maktablar faoliyati bilan yaqindan tanishdim. Ulardan o‘rganadigan jihatlarimiz ko‘p ekan. Ota-onalar bilan hamkorlik juda mustahkam yo‘lga qo‘yilgan. Sinfda bolalar sonining ozligi juda yengillik berishini ko‘rdim.
Dilnoza AHMEDOVA:
— Zamonaviy maktab deganda yangi qurilgan, hali bo‘yoq hidi anqib turgan binoni tushunmaylik. Zamonaviy maktabda bolalarga ta’lim berayotgan o‘qituvchining bo‘shliq to‘ldirmagani yoki mikrohududni vaqtida nazorat qilmagani muhokama qilinmaydi. Zamonaviy maktabda o‘qituvchi o‘qishga kelmayotgan o‘quvchisi uchun gap eshitmaydi. Qog‘ozbozlikni maromiga yetkazmagani uchun cho‘chimaydi. Unda zamon bilan hamnafas, kamida 2 ta chet davlatida malaka oshirib kelgan ustozlar, hech bo‘lmasa, bir yilda bir marta yurtimiz kurortlarida dam olishga imkoni bo‘lgan, shu zamonaviy maktabga o‘zining shaxsiy mashinasida keladigan muallimlar bo‘ladi. Men zamonaviy maktab deganda shularni tushunaman. Masalan, mening maktabimga yangi bino qurish kerak. Mavjudlarini kapital ta’mirlash lozim. Lekin yuqori tashkilotdan moddiy yordam kelsa-yu menda tanlash imkoni bo‘lsa, birinchi navbatda jamoadagi hamma o‘qituvchilarni malaka oshirishga jo‘natardim. Uysiz yurgan o‘qituvchimga uy, eheeeee.....
Zilola MUHAMMADALI:
— Qog‘ozbozlik o‘qituv¬chilarni shunchalik o‘z domiga tortganki, undan qutulib chiqishga hatto o‘zlari ishonmay turishadi. “Ma’rifat” gazetasida “Muallim qadr topsa, ta’lim-tarbiya yuksaladi” sarlavhali maqolam e’lon qilingandan keyin yuz bergan holatlar sabab shunga iqror bo‘lgandim. Maqolada o‘qituvchining 23 ta hujjat yuritib kelayotganini tanqid qilsak, ba’zi maktab o‘qituvchilari o‘sha 23 ta hujjatni taxt qilishimiz kerak ekan, deb vahimaga tushishgan. Aslida bunga o‘sha maqolaning bir qismini ko‘chirib, tarqatgan internet saytlari ham sabab bo‘lgan edi.
Feruza KENESOVA:
— Fikrimcha, oliy o‘quv yurtida yaxshi bilim berilganda edi, xalq ta’limi tizimida pedagoglar bilan bog‘liq muammolar kamroq bo‘lardi. Amaliyotga kelgan talaba o‘qishga kirish uchun yaxshi repetitorga qatnaganini, ammo 4 yil davomida bor bilimini ham unutib yuborayotganini achinib gapirganlarni ham uchratdim.
“Poytaxtdan salom”:
— O‘quvchilarning kimyo, fizika, biologiya darslarini yaxshi o‘rganayotganiga shubham bor. Chunki asosan shu fanlardan maktablarga laboratoriya jihozlari juda zarur. Xalq ta’limi vazirligining hozirgi rahbariyati tashkiliy masalalardan asta-sekin ta’lim mazmuniga ham chuqur kirib boryapti. Hademay bu kabi muammolar o‘z yechimini topishiga ishonchimiz komil.
Yulduzoy:
— Boshlang‘ich sinflar uchun avvalgidek kuni uzayrtirilgan guruhlar qayta tiklansa, o‘rta maxsus ma’lumotli pedagoglarga ham bo‘sh ish o‘rinlari ochilardi. O‘quvchilar bilan ishlash imkoniyati kengayardi. Keyin “bo‘sh o‘zlash¬tiruvchi va iqtidorli o‘quvchi bilan alohida ishla” degan gaplarga o‘rin qolmasdi.
Qolaversa, maktablar sig‘imiga qarab o‘quvchi olishi kerak. O‘quvchilarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish haqida balandparvoz gaplar aytguncha bunga sharoit yaratish kerak. Shunda noqonuniy o‘qitishlarga ham barham berilar edi. Bu taklifni barcha boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari va ota-onalar, albatta, qo‘llab-quvvatlaydi.
“Ma’rifat” muxbirlari Zilola MADATOVA, Niginabonu SHUKUROVA tayyorladi.