Beshovlon qidirayotgan ADOLAT o‘zi BORMI?
Mamlakatimizda so‘nggi yillarda inson manfaatlariga e’tibor oliy qadriyat sifatida yanada oshdi. Yurtdosh¬larimizning turmush sharoitini yanada yaxshilash, xalqimizni rozi qilish maqsadida chuqur ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar olib borilmoqda. Ayniqsa, pensiya miqdori oshirilib, 2019-yildan ishlaydigan pensionerlarning pensiyasini to‘liq olish tizimi yo‘lga qo‘yilmoqda.
Ana shunday bir paytda Samarqand iqtisodiyot va servis instituti rahbariyati 2018-yilning 23-martida besh nafar nafaqa yoshiga yetgan xodimi — dotsentlar O‘.To‘xtamishev, X.Sa’dinov, o‘qituvchilar Sh.Abdurashitov, G.Markova hamda S.To‘xtayevni hech qanday ogohlantirishsiz lavozimidan ozod etadi. Bundan norozi bo‘lgan pedagoglar institutning birlashgan kasaba uyushmasi qo‘mitasining qarorini talab qiladi. Qarorni hech kim ko‘rsata olmagach, shu yerning o‘zida da’vogarlar va xolislar ishtirokida dalolatnoma tuzilib, imzo chekiladi.
Da’vogarlar Fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudiga murojaat qiladi. Sudning 2018-yil 10-maydagi qaroriga ko‘ra, Samarqand iqtisodiyot va servis instituti rahbariyatining O‘.To‘xtamishev va X.Sa’dinov bilan mehnat shartnomasini bekor qilish haqidagi buyrug‘i g‘ayriqonuniy deb topilib, da’vogarlarning ularni o‘z ishiga qayta tiklash va majburiy bekor yurgan kunlari uchun ish haqi hamda ma’naviy zarar undirish to‘g‘risidagi da’vo talablari sud tomonidan qanoatlantiriladi.
Biroq sud 2018-yil 14-maydagi qarori bilan Sh.Abdurashitov va S.To‘xtayevning, 16-maydagi qarori bilan G.Markovaning da’vo arizalarini qanoatlantirmadi. Bundan norozi bo‘lgan S.To‘xtayev va G.Markova Fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand viloyat sudiga murojaat qildi. Viloyat sudi apellyatsiya instansiyasining 19-iyundagi ajrimida institut rahbariyatining ishdan bo‘shatish to‘g‘risidagi buyrug‘i qonuniy deb topildi va pedagoglarning shikoyati qanoatlantirilmadi. Xullas, S.To‘xtayev va G.Markova¬ning murojaatlari yuzasidan Fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudining 14-maydagi hal qiluv qarori o‘zgarishsiz qoldirildi.
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudining 2018-yil 10-maydagi da’vogar X.Sa’dinovni ishga qayta tiklash to‘g‘risidagi qaroridan norozi bo‘lgan Samarqand iqtisodiyot va servis instituti rektori M.Po‘latov Fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand viloyat sudining apellyatsiya instansiyasiga murojaat qiladi. Ishni o‘rgangan apellyatsiya instansiyasining 2018-yil 12-iyundagi ajrimiga ko‘ra, Samarqand shahar sudining X.Sa’dinovning da’vo arizasi yuzasidan chiqarilgan 2018-yil 10-maydagi hal qiluv qarori bekor qilindi. Fuqarolik ishi yuzasidan yangi hal qiluv qarori chiqarildi. Unda javobgar — Samarqand iqtisodiyot va servis instituti rektorining da’vogar — X.Sa’dinovni ishdan bo‘shatish haqidagi buyrug‘i qonuniy deb topilib, X.Sa’¬dinovni ishga qayta tiklash va majburiy bekor yurgan kunlari uchun ish haqi hamda ma’naviy zararni undirish haqidagi da’vo talablarini qanoatlantirish rad etildi.
Bundan ruhlangan SamISI rektori M.Po‘latov Fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudining O‘.To‘xtamishevning da’vo arizasi bo‘yicha 2018-yil 10-mayda chiqargan qaroridan ham norozi bo‘lib, Fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand viloyat sudiga murojaat qiladi. Ish viloyat sudida o‘rganib chiqiladi va apellyatsiya instansiyasi ajrimiga ko‘ra da’vogar O‘.To‘xtamishevning talablari ham qanoatlantirilmaydi.
Shu o‘rinda savol tug‘iladi: nima uchun institut o‘qituvchilarining bir xil mazmundagi, bir xil muammoni hal etish bilan bog‘liq murojaati bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi nomidan ish ko‘ruvchi, insonlarning taqdiri uchun javobgar bo‘lgan adolat posbonlari — Fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand shahar va viloyat sudlari ikki xil qaror chiqardi? Nima uchun yuqori instansiya ikkita qarorni ham bekor qildi? Qaysi sudya xatolikka yo‘l qo‘ydi?
Pedagoglar haqiqat izlab Samarqand viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi E.Turdimovga ariza bilan murojaat qiladi. Ularning murojaatida ko‘rsatilgan kamchiliklarni o‘rganib, bartaraf etish va adolatni qaror toptirish maqsadida viloyat hokimligida tegishli mutaxassislardan iborat ishchi guruhi tuziladi va murojaat atroflicha o‘rganiladi.
Keling, yaxshisi, murojaat qiluvchilarning Samarqand viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi E.Turdimov nomiga yozgan shikoyat arizasini o‘rganish bo‘yicha Samarqand viloyat kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi raisi S.Rafiqovning bergan xulosasi, ya’ni ariza egalariga yo‘llagan javob xatiga ko‘z yugurtiramiz:
"Samarqand viloyati kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi kengashida, 2018-yilning 9-aprel kuni ro‘yxatga olingan 64-sonli murojaatingiz birlashma kengashi xodimlari tomonidan vakolat doirasida o‘rganib chiqildi.
Masalani o‘rganish jarayonida ma’lum bo‘ldiki, Samarqand iqtisodiyot va servis instituti rektorining 2018-yil 23-martdagi "Mehnat shartnomalarini bekor qilish to‘g‘risida"gi buyrug‘iga ko‘ra, kafedra mudiri Karimov Sohibnazar, professor-o‘qituvchilar To‘xtamishev O‘tan, Abdurashitov Shovqiddin, To‘xtayev Sobirjon, Suyunov Sayfullo, Markova Galina va Qayta tayyorlash va malaka oshirish markazi direktori Sa’dinov Xudoyqul bilan tuzilgan mehnat shartnomalarini bekor qilishda mehnat qonunchiligidagi bir qator normalarga rioya qilinmaganligi aniqlandi.
Ma’lum bo‘lishicha, ariza mualliflari bilan tuzilgan mehnat shartnomasini bekor qilish to‘g‘risidagi ogohlantirish xatlari xodimlar tomonidan qabul qilinmaganligi to‘g‘risida 2018-yil 23-yanvar sanasida 1-sonli bayonnoma va dalolatnoma tuzilgan.
Samarqand iqtisodiyot va servis instituti birlashgan kasaba uyushma qo‘mitasi rayosatining 2018-yil 15-mart 1-4 "O" sonli qarorida ish beruvchining, Mehnat kodeksining 100-moddasi 2-qism 7-bandiga asosan, mehnat shartnomasi bekor qilishga rozilik berishni so‘rab yozgan taqdimnomasi ko‘rib chiqilgan.
Mazkur yig‘ilish bayonnomasi O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi kengashining 2016-yil 19-apreldagi 2-11-sonli qarori talablariga zid ravishda rasmiylashtirilganligi aniqlandi. Ushbu qarorga asosan, masalasi ko‘rilayotgan xodim tegishli kasaba uyushmasi organi majlisida ishtirok etish huquqiga egaligi, kasaba uyushmasi organi xodimning majlisda ishtirok etishi uchun yetarli imkoniyat yaratishi lozimligi, xodimga yig‘ilish o‘tkaziladigan sana va joy haqida oldindan yozma ravishda (tilxat bilan topshirish yoki pochta orqali yuborish yo‘li bilan) xabardor qilinishi shartligi, xodim majlisda uzrli sabablarga ko‘ra ishtirok etmaganda, uni ko‘rib chiqish keyinga qoldirilishi va ish beruvchiga bu haqda ma’lum qilinishi, majlisni keyinga qoldirish qonunda ko‘rsatilgan muddat doirasida belgilanishi va mazkur muddat davomida xodimning ishtirokini ta’minlashning imkoni bo‘lmagan taqdirda, majlis uning ishtirokisiz o‘tkazilishi mumkinligi bel¬gilab qo‘yilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 102-moddasida ish beruvchi xodimlarni ommaviy ravishda ishdan ozod etish ehtimoli to‘g‘risida o‘z vaqtida, lekin kamida ikki oy oldin tegishli kasaba uyushmasi organi yoki xodimlarning boshqa vakillik organiga axborot taqdim etishi va ishdan ozod etish oqibatlarini yengillashtirishga qaratilgan maslahatli ishlarni amalga oshirishi, ish beruvchi, shuningdek, kamida ikki oy oldin har bir xodimning kasbi, mutaxassisligi, malakasi va mehnat haqi miqdorini ko‘rsatgan holda bo‘lajak ishdan ozod qilish to‘g‘risidagi ma’lumotlarni mahalliy mehnat organiga ham ma’lum qilishi shart qilib belgilab qo‘yilgan.
Ushbu holatda ish beruvchi O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 102-moddasini qo‘pol ravishda buzgan. Shunga ko‘ra sizlar bilan Samarqand iqtisodiyot va servis instituti rektori o‘rtasida tuzilgan mehnat shartnomasi mehnat qonunchiligi talablariga zid ravishda bekor qilinganligini ma’lum qilamiz.
Viloyat kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi kengashi raisi S.Rafiqov."
Ishchi guruh tarkibida bo‘lgan Samarqand viloyat bandlik bosh boshqarmasi davlat mehnat huquq inspektori G.Abdurahmonov va viloyat adliya boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i X.Bobanov ham murojaatni o‘rganish natijalari bo‘yicha xuddi shunday mazmunda xulosa bergan. Shu o‘rinda bizni bir savolning javobi qiziqtiryapti: masalani obdon o‘rgangan viloyat kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi kengashi va viloyat hokimligi ishchi guruhi a’zolarining fikri inobatga olinmayotganiga sabab nima?
Biz bu o‘rinda hakamlik qilish, kimgadir yon bosish yoxud biror-bir tashkilotning qarorini noto‘g‘ri deb hisoblash fikridan yiroqmiz. Chunki kimningdir taqdiriga ta’sir etuvchi qaror qabul qilish yuzaki, qo‘l uchida bajariladigan ish emas, buning uchun yetarli asoslar, dalillar bo‘lishi va albatta, yurtimizdagi mavjud qonunchilikka asoslanishi shart. Maqsadimiz uzoq yillar yosh avlodga ta’lim berib kelgan, mutaxassislar tayyorlashga hissa qo‘shgan o‘qituvchilarning murojaati tezroq yechim topishiga ko‘maklashishdir. Zero, ushbu pedagoglarning o‘nlab ilmiy maqolalari, uslubiy qo‘llanma va dars ishlanmalari, o‘quv adabiyotlari talabalarga asqotmoqda. Ayni tajribaga to‘lgan davrida ularning tajribasidan oqilona foydalanish institut jamoasiga balki foyda keltirar. O‘ylaymizki, tez orada ushbu masala tegishli sud-huquq organlari hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan chuqur o‘rganib chiqiladi va gazetamiz mushtariylari bundan xabardor etiladi.
Hakim JO‘RAYEV,
"Ma’rifat" muxbiri