«Dars soatlarining ko‘pligi o‘quvchini charchatib qo‘ymoqda»
Malika TOShEVA, Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 112-IDUMning boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi:
— Men rahbarlik qilayotgan 2-sinfda 28 nafar o‘quvchi bor. O‘quvchilarimning o‘zlashtirishi ham, bilimi ham yaxshi, hammasi bir-biridan a’lochi. Ulardan ko‘nglim to‘q. Meni o‘ylantirayotgan masala boshqa. Nega 31 yoki undan ortiq o‘quvchiga rahbarlik qilayotgan o‘qituvchining maoshi 100 foiz to‘lanadi-yu, o‘quvchisi 30 nafardan kam sinf rahbariga 80 foiz beriladi? Axir, o‘qituvchi 1 bolaga ham, 30 bolaga ham bir xil ta’lim beradi, hamma o‘quvchiga birdek jon kuydiradi...
Noila LUQMONOVA, Samarqand shahridagi 17-maktabning boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi:
— Rahbarligimdagi sinfda 50 nafar o‘quvchi bor. O‘qituvchining vazifasi ta’lim berishdangina iborat emas, bolaga tarbiya ham berishi kerak. O‘qituvchi o‘quvchi ma’naviyati, axloqi uchun javobgar. Balki o‘zimga shunday talabni qo‘yganim uchun ham o‘quvchilarim soni ko‘pdir. Lekin 20—25 nafar bola o‘qitayotgan o‘qituvchining ham, menga o‘xshab 45—50 nafar o‘quvchi tarbiyalayotgan ustozning ham maoshi bir xil. O‘quvchilarimning soni ularning darsni o‘zlashtirishiga salbiy ta’sir qilmasligi uchun intilaman. Dars jarayonida zamonaviy texnologiyalardan samarali foydalanib, mavzuni yaxshiroq tushuntirishga urinaman. Ammo og‘zaki so‘rashga kelganda, biroz qiyin bo‘ladi, 50 bolaga bir daqiqadan vaqt ajratsam ham dars soati yetmaydi. Imkon boricha bola nutqiga, ko‘proq og‘zaki gapirishiga e’tibor qarataman. Hamma o‘quvchilarim ham birdek a’lochi emas, bu tabiiy. O‘zlashtirishi past bolalar bilan ko‘proq shug‘ullanaman.
Yana shuni ham aytish kerakki, boshlang‘ich sinf o‘quvchilariga bir kunda 5-6 soat dars ko‘plik qiladi. Dars soatlarining ko‘pligi o‘quvchini charchatib qo‘yadi. Mana hozir shanba kuni darslar olib tashlangan. Haftaning boshqa kunlari dars ko‘pligi bolalarga og‘irlik qilyapti.
Zilola RAHMONOVA tayyorladi.