Tahririyаt mutasaddilardan munosabat kutmoqda!
2018-yil davomida “Ma’rifat” gazetasi sahifalarida 200 dan ortiq tanqidiy-tahliliy maqola chop etildi. 2017-yilda bu raqam 80 dan oshiqroq edi.
Gazeta 2018-yil boshidanoq jamiyatda o‘qituvchi-pedagoglar obro‘sini oshirish, ularga qo‘shimcha imtiyoz va qulayliklar yaratish, moddiy manfaatdorligini yaxshilash, qog‘ozbozlik va majburiy mehnatga barham berish mavzularida bong urib, bu borada aniq taklif va tavsiyalarni ilgari surdi. “Muallim qadr topsa, ta’lim-tarbiya yuksaladi” (Z.Madatova, 17-yanvar), “O‘qituvchi hujjati, samarasi qog‘ozdami yoki amalda?” (Sh.Boymurodova, 24-fevral), “Majburiy mehnat tugadi, o‘qituvchi endi ozodmi?” (Sh.To‘raxo‘jayeva, 21-aprel), “O‘qituvchiga erkinlik bering!” (A.Nizamova, 28-aprel), “Nega o‘qituvchiga imtiyoz yo‘q?” (X.Abdurahmonov, G.Orifjonova, 13-iyun), “Maktabdagi tekshiruvlar, ta’lim sifatiga qanchalik foyda keltirmoqda?” (A.Nizamova, 14-iyul) kabi maqolalar shular jumlasidandir. Ta’lim tizimida ildiz otgan bunday muammolar mutasaddilarning e’tiboridan chetda qolib kelayotgan yoki ularga qarshi ko‘rilayotgan choralar ta’sirchan emas edi.
Prezidentimizning “Yoshlarni ma’naviy-axloqiy va jismoniy barkamol etib tarbiyalash, ularga ta’lim-tarbiya berish tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori (2018-yil 14-avgust) va “Xalq ta’limini boshqarish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni (2018-yil 5-sentabr) asosida pedagog xodimlar qator imtiyoz va qulayliklarga ega bo‘ldi, oylik maoshi sezilarli darajada oshirildi. Jamiyatda ularning nufuzini yuksaltirish bo‘yicha aniq vazifalar belgilandi. Ayni paytda “O‘qituvchi maqomi to‘g‘risida”gi qonun loyihasi tayyorlanmoqda.
Gazetada ko‘tarilayotgan tizimli muammolarni hal etish bo‘yicha davlat miqyosida me’yoriy-huquqiy hujjatlar qabul qilinayotgan bir paytda qator mutasaddi tashkilotlarning matbuotga e’tiborsizligi, sahifalarimizda e’lon qilinayotgan maqolalarda keltirilgan muammolarni bartaraf etishga panja ortidan qarayotgani yoki ko‘rib-ko‘rmaslikka olayotgani taassuflanarlidir.
2018-yilning birinchi yarmida xalq ta’limi tizimidagi muammolar bo‘yicha 18 ta aniq manzilli tanqidiy maqola e’lon qilingan. O‘quv-ishlab chiqarish majmualarida maktab o‘quvchilariga kasb-hunar o‘rgatish borasida yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklar bo‘yicha “O‘quvchilar qachon kasb-hunar o‘rganadi? Yoki o‘quv-ishlab chiqish majmualaridagi muammolar bartaraf etiladimi?” (O‘.Meyliyev, I.Oripova, 10-yanvar), “Kompyutersiz EHM operatori mutaxassisligini o‘zlashtirish mumkinmi?” (H.Jo‘rayev, A.Ziyodov, 14- fevral), “O‘quvchilar kasblarni qanday o‘zlashtirmoqda?” (A.Sodiqov, G‘.Akbarov, 10- may) maqolalari e’lon qilingach, Xalq ta’limi vazirligining sobiq mutasaddilari muammoni hal etishga emas, hududiy xalq ta’limi boshqaruvi idoralariga og‘zaki topshiriq berib, tahririyat muxbirlarini maktablarga kirgizmaslikka urindi.
Aslida, gazetaning maqsadi sohadagi muammolarni ochib berish va hal etishda vazirlikka ko‘maklashishdan iborat edi.
Tizimdagi ayrim mutasaddilar o‘zlarini go‘yoki zamonaviy qilib ko‘rsatmoqchi bo‘lgandek: “Men gazeta o‘qimayman, hamma kerakli informatsiyani internetdan olaman”, deyishdan istihola qilmaydigan bo‘ldi. Qo‘liga gazeta olmaydigan rahbar qanday qilib yoshlar o‘rtasida mutolaa madaniyatini, kitobxonlikni yuksaltirishi mumkin?!
Afsuski, mutasaddi rahbarlarning davriy matbuot bilan tanishib bormasligi, unda ko‘tarilayotgan o‘tkir mavzularga — tizimdagi muammolarga befarqligi sezilmoqda. Buni birgina xalq ta’limi misolida aytadigan bo‘lsak, o‘tgan yili “Ma’rifat” gazetasida e’lon qilingan Xalq ta’limi vazirligi va uning tasarrufidagi muassasalar faoliyati bilan bog‘liq 40 ga yaqin tanqidiy maqolaga mutasaddilar hech qanday munosabat bildirmagan.
Misol tariqasida tizimdagi dolzarb muammolarga bag‘ishlangan quyidagi tanqidiy-tahliliy maqolalarni keltirish mumkin: “Kuni uzaytirilgan guruh uchun to‘lov 43 000 so‘m. Ammo maktablarda bunga amal qilinyaptimi?” (Sh.Boymurodova, G‘.Akbarov, 27-yanvar), “Nurobodga chempion kerak emas(mi)?” (H.Karvonli, 25-aprel), “Sinfda o‘quvchilar soni 25 nafardan oshmasligi kerak!” (G.Orifjonova, 23-may), “Repetitorsiz talaba bo‘la olmaysizmi?” (Z.Madatova,
23-iyun), “Chet tili faqat ingliz tili emas!” (I.Tillaboyev, 11-iyul), “G‘allaorolda kitobxon o‘quvchilar yo‘qmi?” (B.Qorajonov, 22-sentabr), “Qaysi biri to‘g‘ri?” (bir muallimning til ta’limiga oid savollarga javob izlagani) (Sh.To‘rayev, 13-oktabr), “56 ta maktabning 51 tasida hamshira yo‘q” (Sh.Isoqulov, 24-oktabr), “Mikrohudud yoxud o‘qituvchilar nega sarson bo‘lmoqda?” (Z.Madatova, 19-dekabr), “Iqtisodiy bilimlar maktab o‘quvchisiga kerak(mi?)” (Q.Odinayev, 19-dekabr)...
Yoki bo‘lmasa, bevosita Respublika ta’lim markazi faoliyati bilan bog‘liq bo‘lgan quyidagi maqolalar ham markaz e’tiboridan chetda qolgan: “Mukammal o‘quv dasturi — ta’lim sifati garovi” (Sh.Ergasheva, H.Hamroqulova, 10-fevral), “Izohlarimga izoh sizdan...” (Sh.To‘rayev, 14-fevral), “Geografiya fani o‘qitilishi islohotlarga muhtoj(mi?)” ( I.Xurramov, 24-fevral), “Davr va ona tili ta’limi muammolari” (Husan Karvonli, Dilmurod Do‘st, 16- may), “Tayanch maktablar mashg‘uloti mavzulardagi kamchiliklarni bartaraf etsin!” (Sh.To‘rayev va boshqalar, 28- iyul), “Savodxonlik haqida o‘ttizinchi maqola” (Sh.To‘rayev, 15-avgust), “Qo‘g‘irchoq metodbirlashmalar kerak emas” (G‘.Qorabekov, 17-noyabr).
Oliy ta’lim tizimidagi qator muammo va kamchiliklar ko‘rsatilgan dolzarb materiallar chop etilganda ham soha xodimlari tarafidan biror — xoh ijobiy, xoh salbiy bo‘lsin — munosabat bildirilmadi. Holbuki, “Til va adabiyot ta’limi: mulohaza va takliflar” (A.Asqarov, 20-yanvar), “Optimallashtirishda ham mantiq zarur” (D.Quronov, 24-yanvar) maqolalarida fanlarni optimallashtirish tufayli Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetida vujudga kelgan og‘ir holat, oliy ta’lim tizimida fanlarni optimallashtirish oqibatida mantiqqa zid fanlar paydo bo‘layotgani aniq misollar asosida tahliliy tanqid qilingan edi. Garchi bu maqolalarda ko‘tarilgan masalalar yechimini topishga bir qadar urinishlar kuzatilgan bo‘lsa-da, hech kim ommaviy axborot vositalari orqali fikr bildirmadi. Yana, “Nega O‘zbekistonning birorta oliy ta’lim muassasasi butunjahon reytingiga kiritilmagan?” (K.Jalilov, 7-fevral), “Yangi davr adabiyot darsligi eskicha yondashuv va qarashlardan xoli bo‘lishi kerak” (K.Jalilov, 27-iyun), “Yaxshi mutaxassis hamkorlikda tayyorlanadi” (B.Kamolov, 14-iyul), “Oliy ta’lim tizimi yangilanishi zarur” (A.Karimova, 25-iyul) kabi oliy ta’lim tizimini isloh etishga, eski qarash va qoliplardan voz kechishga, yangicha fikrlashga undovchi qator materiallar chop etildiki, ular xususida keng jamoatchilik faqat ijobiy fikrlarni bildirdi.
Biroq Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi e’tiboriga havola etilgan 25 ta tahliliy materialning har birida tizim rivojiga to‘sqinlik qilayotgan masalalarning yechimi ko‘rsatilgani ham soha mutasaddilarining diqqatini torta olmagani taajjublanarli hol.
Ayni paytda yurtimizdagi ko‘plab vazirlik va idoralarning zamonaviy fikrlaydigan rahbarlari o‘zi yetakchilik qilayotgan tizimdagi muammolarni aniqlashda ommaviy axborot vositalari beminnat yordam berayotganini va bu kamchiliklar tezda hal etilayotganini ta’kidlab, jurnalistlarga minnatdorlik bildiryapti. Matbuotni tirnoq tagidan kir qidiradigan zarrabin emas, soha rivojiga hissa qo‘shishga intilayotgan ko‘makchi deb bilyapti. Biz oliy ta’lim tizimi mutasaddilari ham shunday munosabatda bo‘lishlarini istar edik. Chunki ayni pallada keng jamoatchilik, xususan, tajribali mutaxassislar yordamida muammolarni aniqlab, zudlik bilan bartaraf etish va jadal rivojlanish strategiyasini belgilab olish vazirlik oldida turgan muhim vazifadir.
TerDU sirtqi bo‘limiga qabuldagi “o‘yinlar” tufayli sarson-sargardon bo‘layotgan bir o‘qituvchining arz-dodi bitilgan “24 yil kutgan, 2 oy kutolmaysizmi?” (G.Cho‘tboyeva, shikoyat xati, 28-aprel), madaniyatshunoslikdan amaldagi o‘quv dasturi eskirgani, fanni o‘qitish oqsayotgani va boshqa kamchiliklar sanalgan “Madaniyatshunoslik o‘quv dasturlarini takomillashtirish zarur” (I.Ostonaqulov, 28-aprel), xorijda o‘qib kelayotgan yoshlarning yurtimizda diplomini nostrifikatsiya qilishga qiynalishi, bu tizimdagi nuqson va kamchiliklar tahlil etilgan “Xorijiy OTM diplomi, uni nostrifikatsiya qilishdagi eski qoidalardan voz kechish kerak” (K.Jalilov, 2-may), oliy ta’lim muassasalari o‘qituvchilari malakasini oshirishdagi kamchiliklar va ularning yechimi keltirilgan “Oliy ta’limda malaka oshirish: muammo va yechimlar” (A.Quvvatov, 22-dekabr) kabi maqolalarda yurtdoshlarimizni ko‘pdan buyon bezovta qilib turgan muammolar aks etgan.
O‘tgan yili ta’lim sohasidagi yangiliklardan eng muhimi OTMga qabul jarayoni bilan bog‘liq bo‘ldi. Test sinovlarini o‘tkazishda shaffoflik va xolislikka e’tibor qaratish borasida Davlat test markazi tomonidan amalga oshirilgan sa’y-harakatlar o‘z natijasini ko‘rsatdi: haqiqiy bilimga ega ko‘plab yoshlar talabalik baxtiga muyassar bo‘ldi. Biroq hali test imtihonlarini o‘tkazish mexanizmini takomillashtirish bo‘yicha bajariladigan ishlar bisyor. Yil davomida gazetamizda chop etilgan “Test uchun o‘qitish: o‘zini qay darajada oqlaydi?” (K.Jalilov, 9-iyun), “Mamlakatimiz test tizimi testologiya talablariga mos kelmaydi(mi?)” (K.Jalilov, 12-sentabr), “Testologiyani rivojlantirish — davr talabi” (O.Quvondiqov, 10-oktabr), “Fizikadan abituriyentlar bilimi nega past?” (A.G‘aniyev, 12-dekabr) kabi maqolalarda bu haqida o‘rinli takliflar bildirilgan edi. Biroq ularga hech qanday munosabat bildirilmaganidan sezdikki, DTM xodimlari bu maqolalarni o‘qimagan.
Matbuot nashrlarida chop etilayotgan sohaga oid material larga befarqlik Jismoniy tarbiya va sport vazirligi xodimlarida ham kuzatildi. Basharti bunday bo‘lmaganida, o‘tgan yil davomida gazetamizda chop etilgan “Mo‘jiza qachon ro‘y beradi?” (D.Oripov, 3-fevral), “Tasavvurimizdagi sport maktabi qachon quriladi?” (Sh.Mahmudova, 7- fevral), “Qishki sport turlari nega rivojlanmayapti?” (I.Toshmatova, 10-fevral), “Huvillab yotgan suzish havzalari” (O.Siddiqov, T.Siddiqov, 21-fevral), “Muhim besh taklif, ular o‘zbek shaxmati rivojini yangi bosqichga ko‘tarishga xizmat qiladi” (Husan Karvonli, 28-aprel) kabi maqolalarga vazirlik mutasaddilari bir enlik xat bilan bo‘lsa-da, fikr-mulohazalarini bildirgan bo‘lardi.
“Qarovchisiz bolaga kim mas’ul?” (G.Rahmonova, 11-aprel) sarlavhali maqolada ota-onasi qarovisiz yoki boquvchisiz qolayotgan bolaning kelajak taqdiri uchun mas’uliyat hissi va javobgarlikni kuchaytirish maqsadida qonun hujjatlariga o‘zgartirish kiritish yuzasidan aniq takliflar keltirilgan edi. Biroq ushbu takliflar ham gazeta sahifasida qolib ketdi. Shuningdek, Sog‘liqni saqlash vazirligi e’tibor qaratishi lozim bo‘lgan “Abituriyentga 086-h shakldagi ma’lumotnoma kerakmi? Yoxud ma’lumotnoma olish jarayonida ko‘plab yoshlar korrupsiyaga duch kelmoqda” (H.Mo‘minov, 7-iyul), Madaniyat vazirligi faoliyatiga taalluqli “Bolalar qo‘shiqchiligi va musiqiy ta’lim islohotga muhtoj” (O.Bekmurodova, 14-iyul), “Qo‘g‘irchoq shunchaki ovunchoq emas...” (G.Matyoqubova, 18-iyul), Yoshlar ittifoqi markaziy kengashi e’tiboriga havola etilgan “Yoshlar yetakchisi, unga vazifasini bajarishda nima xalal beryapti?” (N.Xolmetova, 17-fevral), “Bizga ilm skautlari kerak” (I.Tillaboyev, 4-iyul), Farg‘ona viloyat hokimligi e’tibor qaratishi lozim bo‘lgan “Maktab hududi noqonuniy egallab olindi mutasaddilar nega jim?” (X.Abdurahmonov, Sh.Madrahimova, 19-sentabr), “Maktablarda ichimlik suvi yo‘q” (Sh.Madrahimova, 10-oktabr), Xorazm viloyat maktabgacha ta’lim boshqarmasi faoliyatiga daxldor “Bolaning rizqiga ko‘z tikmang!” (B.Matqurbonov, D.Ro‘zmetov, 31-oktabr) kabi maqolalar ham tegishli mutasadilar ko‘zidan panada qolib ketdi...
PS. Material tayyorlanayotganda Madaniyat hamda Jismoniy tarbiya va sport vazirliklaridan qo‘ng‘iroq bo‘lib, ular faoliyatiga tegishli maqolalarning elektron varianti so‘raldi...