Malaka oshirishda zamonaviy yondashuv
Prezidentimizning 2018-yil 5-sentabrdagi “Xalq ta’limini boshqarish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmonida rahbar va pedagog xodimlarni tanlash, tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirishning ilg‘or va shaffof tashkiliy-huquqiy mexanizmlarini tatbiq etish yo‘li bilan tizimda kadrlar tayyorlashning zamonaviy tamoyillarini joriy etish vazifasi qo‘yildi. Hozir mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan xalq ta’limi va maktabgacha ta’lim tizimida to‘rt yuz ming(400000)dan ortiq pedagog xodim faoliyat olib boradi. Tahlil va kuzatuvlar asosida xalq ta’limi xodimlarining malakasini oshirish tizimidagi mavjud muammolar ko‘zga tashlanadi.
Malaka oshirish kurslari rejasidagi aksariyat o‘quv modullarining mazmuni oliy ta’lim o‘quv dasturlari mazmunini takrorlaydi. Ushbu jarayondagi nazorat shakllari zamon talablariga muvofiq emas, u pedagogni o‘z ustida samarali va tizimli ishlashga majbur etmaydi.
a) kurs davomida tayyorlanib, yakunda himoya qilinadigan bitiruv-malakaviy ishlari talab darajasida bajarilmaydi. Chunki bir oy davomida zimmasiga juda ko‘p majburiyatlar yuklatilgani tinglovchilarning ijodiy izlanishiga imkon bermaydi;
b) chiqish testlari mazmun-mohiyatiga ko‘ra pedagogning ilmiy-pedagogik, metodik saviyasini, mahoratini belgilab bermaydi. O‘quv jarayoni mobaynida tinglovchining butun diqqat-e’tibori testlarni topish, yod olish, undan qanday yo‘llar bilan o‘tishda bo‘ladi.
Qolaversa, pedagog portfoliosi talablarini shakllantirishda maktab o‘qituvchilari va maktabgacha ta’lim muassasalari tarbiyachilarining ish faoliyati xususiyatlari hisobga olinmagan. Unga joylashtirilayotgan ma’lumotlarning aksariyati bir xil shablon asosida tayyorlanmoqda va arsariyati haqqoniy emas. Malaka oshirish davomida oraliq hamda joriy nazorat natijalari tinglovchining sertifikat olishini kafolatlaydi, xolos. Pedagogga malaka toifasi berish, moddiy va ma’naviy rag‘batlantirishda malaka oshirish jarayonidagi nazorat natijalari hisobga olinmaydi.
Ishdan ajralgan holda 144 soatlik malaka oshirish tizimi:
a) bir oy davomida maktabda dars sifatiga va o‘quv¬chilar psixologiyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi;
b) davlat byudjetidan salmoqli sarf-xarajatni talab etadi;
d) pedagog xodimlarning qo‘shimcha xarajat qilishiga sabab bo‘ladi.
Hozirgi tez o‘zgaruvchan va innovatsion rivojlanish davrida pedagog xodimlarning amaldagi tartibga ko‘ra, har 5 yilda bir marotaba malaka oshirishi o‘zini oqlamaydi. Chunki pedagog o‘z sohasidagi ilg‘or tajriba, jumladan, xorijiy va zamonaviy bilim va yangiliklardan doimiy boxabar bo‘lib borishi kerak.
Malaka oshirish tizimini takomillashtirishning quyidagi zamonaviy va innovatsion usullari kiritilishini taklif qilamiz:
1. Tizimda xususiy sektorni muqobil tarzda yo‘lga qo‘yish. Amalga oshirish shakli: tegishli litsenziyaga ega bo‘lgan nodavlat ta’lim muassasalariga davlat talablari asosida pedagog xodimlarning ehtiyoj va talablaridan kelib chiqqan holda qisqa muddatli intensiv innovatsion malaka oshirish kurslarini (masalan, AKT, chet tili savodxonligi, metodika, ta’limda zamonaviy yondashuvlar, muayyan fanni o‘qitishda ilg‘or texnologiyalar va hokazo) tashkil etishga ruxsat berish orqali amalga oshirish mumkin. Ushbu tadbirlar orqali malaka oshirish sifati yanada yaxshilanadi.
2. Malaka oshirishni xalq ta’limi tizimida mahorat maktablari, o‘zaro tajriba almashish va hududdagi oliy ta’lim muassasalarining professor-o‘qituvchilari, metodistlar, zarur hollarda ta’lim tizimi rivojlangan mamlakatlarning ekspert-mutaxassislari ishtirokidagi o‘quv-seminarlar tarzida tashkil etish. Malaka oshirishning bu usuli tuman (shahar), viloyat xalq ta’limi boshqaruvi organlari tomonidan amalga oshiriladi.
3. Respublika ta’lim markazi huzurida Pedagog xodimlar malakasini oshirish ilmiy-metodik markazini tashkil etish, ushbu markaz zimmasiga ta’lim tizimidagi ehtiyojlarni o‘rganish, o‘quv-metodik ta’minot bazasini shakllantirish va ma’lumotni elektron shaklda uzatish, onlayn-darslar, ta’lim tizimida seminar va konferensiyalar o‘tkazish vazifasini yuklash lozim. Shuningdek, markaz respublikamiz fan ahli, ilg‘or, tajribali o‘qituvchilar faoliyati, sohaning innovatsion rivojlanishi bilan bog‘liq muammolarni ham hal qilishda hissa qo‘shish lozim.
4. Malaka oshirish kurslari o‘quv rejasidagi soatlarni va qayta malaka oshirish oralig‘ini qisqartirish, pedagog xodimlarning darsdan so‘ng, qishki, bahorgi, yozgi ta’tillar chog‘ida yoki metodik kunlarda har yili ma’lum soatlar miqdorida malaka oshirishi ta’limdagi yangiliklar bilan muntazam tanishib borish uchun sharoit yaratadi. Rivojlangan davlatlar tajribasida ham o‘qituvchi¬larning malaka oshirishi uchun ma’lum soatlar yetarli ekani ko‘zga tashlanadi. Ular uchun uzluksiz bilim olishning turli manbalari — ta’limga oid gazeta va jurnallar davriy ma’lumotlarni yetkazib, malaka¬sini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Ommaviy axborot vositalarini kuzatib borayotgan pedagoglar o‘z ustida muntazam ishlaydi. Shu ma’noda uzluksiz malaka oshirish shakli sifatida bu usuldan samarali foydalanish lozim.
5. Pedagog xodimlarga malaka toifasi berish va rag‘batlantirishda malaka oshirish kurslaridan muvaffaqiyatli o‘tganini inobatga olish.
Xalq ta’limi tizimida malaka oshirish sohasini takomillashtirish yuzasidan tegishli manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda chuqur tahlillar o‘tkazish, tizimni zamon talablari asosida takomillashtirish to‘g‘risida qaror yoki qonun loyihalarini tayyorlashni davrning o‘zi talab etmoqda.
Shahnoza ERGASHEVA, filologiya fanlari nomzodi