Taʼlim tizimiga xorij “xamirturushi” kerak
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 11-yanvar kuni Samarqand viloyatiga tashrifi chogʻida berilgan topshiriqlar hamda xalq deputatlari viloyat Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bayoniga koʻra, 2019-2020-oʻquv yilidan Samarqand davlat universitetida “Xalqaro taʼlim dasturlari” markazi faoliyat boshlaydi. Bu yerda jahonning nufuzli oliy taʼlim dargohlari bilan birgalikda kadrlar tayyorlanadi. Shu bilan birga, Samarqand davlat universiteti hamkor xorijiy universitetlarning taʼlim uslubiyoti va ilgʻor pedagogik texnologiyalarini yurtimizdagi oliy taʼlim muassasalariga joriy qilish boʻyicha metodik yordam koʻrsatadi.
Samarqand davlat universiteti rektori, texnika fanlari doktori, professor Rustam Xolmurodov mazkur jarayonlar, taʼlim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida quyidagilarni soʻzlab berdi.
– Shu paytgacha yurtimiz taʼlim tizimida toʻplanib qolgan muammolar, yuzaga kelgan vaziyatdan soha vakili sifatida yuragim ogʻriydi. Negaki, sobiq ittifoq davrida taʼlim tizimi oʻsha tuzum mafkurasi, siyosati bilan bogʻliq boʻldi. Mustaqillikka erishganimizdan keyin ham soha faoliyatini zamon talablari darajasida rivojlantirishga eʼtibor qaratdik, islohotlar olib bordik. Ammo kutilgan natijaga erisha olmadik. Soha xodimlarining ham, xalqimizning ham dunyoqarashini, ilmga munosabatini oʻzgartirish ogʻir kechdi. Oqibatda kun, soat sayin oʻzgarib borayotgan shiddatkor zamonda, globallashuv jarayonida ilm-fanning ilgʻor yutuqlarini oʻzlashtirish, shunga mos harakat qilishdan orqada qoldik. Ilm-fan jamiyat, iqtisodiyot bilan mushtarak boʻlmadi.
Keyingi 30-40 yilda jadal rivojlangan yoki rivojlanayotgan davlatlardagi islohotlar jarayoni, ular bosib oʻtgan yoʻlga nazar soling, barchasida ilm, taʼlim tizimi birinchi oʻringa qoʻyilgan. Yoshlarning taʼlim-tarbiyasiga, yetuk mutaxassis kadrlar tayyorlashga alohida eʼtibor qaratilgan. Xitoy, Hindiston, Janubiy Koreya, Singapur, Isroilning, Yevropadagi Skandinaviya davlatlarining yaqin tarixi bilan tanishing, bunga oʻzingiz amin boʻlasiz. Yaponiyaning Ikkinchi jahon urushidan keyingi asosiy eʼtibori yoshlar taʼlim-tarbiyasiga qaratilgan, ilm-fanni rivojlantirish orqali taraqqiyotni koʻzlagan.
Shu jihatdan Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev davlat rahbari sifatidagi faoliyatini, avvalo, taʼlim-tarbiyaga, ilmga eʼtibor qaratishdan boshlagani nihoyatda toʻgʻri va adolatli siyosatdir.
Tan olishimiz kerak, shu paytgacha biz taʼlimga eʼtibor qaratdik, lekin maktabgacha taʼlim tizimini unutdik. Shaharlarni hisobga olmaganda, qishloqlarimizda bogʻchalar deyarli faoliyat koʻrsatmadi. Vaholanki, yurtimiz aholisining koʻpchiligi qishloqlarda istiqomat qiladi.
Maktab taʼlimini rivojlantirish boʻyicha dasturlar qabul qilindi, tizim faoliyati takomillashdi. Ammo taʼlim tizimida maktabning oʻrni sezilmadi, muallimning mavqei yoʻqoldi. Natijada oliy taʼlimga ana shu zaif boʻgʻinlardan bilim va dunyoqarashi oʻziga yarasha boʻlgan yoshlar kirib keldi. Oliy oʻquv yurtlari ham ular darajasiga moslashdi. Oxir-oqibat, jamiyatga oʻz sohasi boʻyicha zamonaviy ilmlardan bexabar, diplomi boru mutaxassislik koʻnikmasiga ega boʻlmagan kadrlar kirib keldi.
Fan taraqqiyoti ishlab chiqarishga, iqtisodiyotga xizmat qilmadi. Yevropa va boshqa davlatlardagi singari ilm tijoratlashmadi. Ilm-fan oʻzicha, iqtisodiyot oʻzicha rivojlandi. Mutaxassis dissertatsiya yoqlaydi, fan nomzodi, doktor boʻladi. Lekin bundan jamiyat naf koʻrmadi. Masalan, Isroil, Xitoy, Janubiy Koreya va boshqa davlatlarda ilm-fan taraqqiyoti tufayli qishloq xoʻjaligi rivojlandi. Sohaga yangi, ilgʻor texnologiyalar jalb etildi. Yerdan samarali foydalanish imkoniyatlari kengaydi.
Bizda-chi? Hamon oʻtgan asrdagi hosildorlik darajasi, oʻsha paytdagi texnika va texnologiya. Sohaga zamonaviy yondashuvni, yangi texnologiya va usullarni xorijdan oʻrganamiz. Vaholanki, qishloq xoʻjaligida bizdagidek tabiiy sharoit, imkoniyat, tuproq va iqlim boshqa joyda yoʻq. Agar shu boy imkoniyatlarimizdan foydalanishga ilmiy yondashsak, aql bilan ish tutib harakat qilsak, bizning oldimizga tushadigani boʻlmaydi.
Mana, nima uchun Prezidentimiz ishni taʼlimga eʼtibor qaratishdan, Fanlar akademiyasining maqomini oshirishdan, ilm egalarini qadrlashdan boshladi. Hech shubhasiz, oldimizga qoʻygan barcha maqsad-muddaolarimizga erishish, rejalarimizning amalga oshishi ilmga, taʼlim-tarbiyaga eʼtiborimizga bogʻliq.
Bugun mamlakatimiz taʼlim tizimida amalga oshirilayotgan tub islohotlar mohiyati ham shunda. Albatta, bu jarayon qisqa fursatda, oson kechmaydi, yillar davomida shakllanadi. Odamlarning tafakkurini oʻzgartirish, taʼlimni yangilash uzoq vaqt talab etadi. Lekin qancha erta harakat qilsak, shuncha barvaqt buning samarasini koʻramiz.
Shu sababli bugun Prezidentimiz xorijiy davlatlarning bu borada bosib oʻtgan yoʻliga nazar solib, tajribalarini oʻrganishni, xatolarini takrorlamaslikni oldimizga vazifa qilib qoʻymoqda. Taʼlim tizimi takomillashgan, ilm-fan rivojlangan davlatlardan oʻrganish, ular bilan hamkorlik qilish faqat foyda keltiradi. Bundan tortinmasligimiz kerak. Davlatimiz katta-katta mablagʻ sarflab, yoshlarni xorijga oʻqishga, malaka oshirishga bejiz yubormayapti yoki chet eldagi oliy taʼlim muassasalarining yurtimizda filiallarini ochishga eʼtibor qaratmayapti, qoʻshma diplom loyihalari amalga oshirilmayapti. Bularning barchasi zamirida mamlakatimizda tarixan qaror topgan ilmiy maktablarni qayta tiklash, yuksak intellektual salohiyatli yoshlarni tarbiyalash va, eng muhimi, shu orqali iqtisodiyotni, xalq farovonligini oshirish maqsadi mujassam.
Hamon esimda. Bolaligimizda buvim tandirga non yopardi. Bir kuni qoʻshnimizdan xamirturush olib kelishimni aytdi. Oʻzimizda bor-ku, nega shuni ishlatmaysiz, deb soʻradim. Buvim esa “bu xamirturush bilan bir necha marta xamir qordim. Endi boshqa xamirturush qoʻshib, yangilab olishimiz kerak, boʻlmasa, nonimiz oʻxshamaydi”, dedi.
Bu gapning maʼnisini oʻsha paytda tushunmagan boʻlsam-da, keyinchalik anglab yetdim. Ayni chogʻda taʼlim tizimimizda xorij tajribasini qoʻllayotganimiz ham xamirturushni yangilashdek gap. Busiz rivojlanishni, oʻzgarishlarni tasavvur qilish qiyin.
Samarqand davlat universitetida ham bugungi kunda ushbu yoʻnalishda bir qator dasturlar asosida ish olib borilmoqda. Ayni paytda dunyoning turli mintaqalaridagi 62 oliy oʻquv yurti bilan hamkorlik yoʻlga qoʻyilgan. Keyingi yillarda ular bilan aloqalar yaqinlashib, hamkorlikda amalga oshiriladigan loyihalar ishlab chiqildi.
Jumladan, Janubiy Koreyadagi universitetlar bilan maktabgacha taʼlim va zamonaviy axborot texnologiyalari boʻyicha, Xitoy bilan robototexnika yoʻnalishida, Fransiya universitetlari bilan psixologiya, oʻsimlikshunoslik boʻyicha, Isroildagi oliy taʼlim muassasalari bilan sanoat matematikasi, zamonaviy texnologiyalar sohasida, Hindiston bilan dorivor oʻsimliklar yetishtirish va zamonaviy laboratoriya tashkil etish boʻyicha hamkorlikda ish olib boryapmiz. Bu davlatlarda bizning talabalarimiz, ilmiy xodimlarimiz oʻqib, mutaxassislik boʻyicha bilim oladi, malaka oshiradi. Talabalar taʼlimning ikki yilini oʻzimizda oʻqib, xorijiy tillarni oʻrganib, soʻngra ikki yil xorijda ixtisoslik fanlari boʻyicha tahsil oladi. Ertaga yurtimizga yetuk mutaxassis boʻlib keladi, ilm-fan, iqtisodiyot rivojiga hissa qoʻshadi.
Prezidentimiz Xitoy Xalq Respublikasiga tashrifi chogʻida Samarqand shahrida Konfutsiy maydoni tashkil etilishi va Xitoy bilan hamkorlikda ilm-fan sohasida hamkorlik yoʻlga qoʻyilishi, kadrlar tayyorlash boʻyicha tashabbusni ilgari surgan edi.
Ana shu tashabbus asosida universitetimizning 9 qavatli binosi oldidagi katta maydonda Konfutsiy haykali oʻrnatilib, Xitoy arxitekturasi asosida koʻrkam xiyobon tashkil etildi. Binoda esa Xitoy, Hindiston, Yaponiya, Janubiy Koreya, Singapur, Rossiya, Yevropa Ittifoqi mamlakatlari va boshqa davlatlar bilan hamkorlikda “Xalqaro taʼlim dasturlari” markazi faoliyati yoʻlga qoʻyiladi. Binoning har bir qavati, qaysi davlat oliy taʼlim muassasasi uchun ajratilganiga qarab, ularning milliy anʼanalari va muhitiga mos tarzda jihozlanmoqda. 2019-2020 oʻquv yilidan bu yerda xorijiy oliy taʼlim muassasalari bilan hamkorlikda kadrlar tayyorlash, ularning malakasini oshirish boshlanadi.
Prezidentimiz shu yil 11 yanvar kuni Samarqandga tashrifi chogʻida Konfutsiy maydoni va “Xalqaro taʼlim dasturlari” markazi bilan tanishib, ularning arixitekturaviy yechimini yanada takomillashtirish, ilmiy xodimlar va talabalar uchun barcha sharoitlarni yaratish yuzasidan tavsiyalarini berdi.
Qarang, davlatimiz yoshlarning ilm olishi, zamonaviy fan va mutaxassisliklarni puxta egallashi uchun nimaiki zarur boʻlsa, hammasini muhayyo qilmoqda. Endi ilm bilan shugʻullanayotgan pedagog va tadqiqotchilar, talaba-yoshlar va ota-onalarning ham dunyoqarashini, taʼlim-tarbiyaga munosabatini oʻzgartirish kerak. Qars ikki qoʻldan chiqadi, axir.
Yoshlarning puxta bilim olishi, tanlagan sohasining yetuk mutaxassisi boʻlishidan, avvalo, uning oʻzi, ota-onasi, ustozi va undan keyin butun jamiyat manfaatdor ekanini xalqimiz tushunib yetishi kerak. Menga kutubxonada ishlovchi xodimlarimiz talabalarga joy yetishmayapti, talabalar turar joyiga masʼullar kechasi ancha vaqtgacha xonalarda chiroq oʻchirilmayapti, deb “shikoyat” qilsa juda yoqadi. Keyingi paytda ana shunday gaplarni koʻp eshitayapman va bundan xursand boʻlaman. Demak, talabalarning oʻqishga munosabati oʻzgarayapti, ishtiyoqi oshmoqda. Ular uchun barcha sharoit yaratib berishga biz oʻzimizni burchli deb bilamiz va bu ishni jon deb bajaramiz.
Ota-onalar ham boladan diplom emas, bilim soʻrashi kerak. Ular ertaga farzandini ishga joylashtirish tashvishi bilan yurmasin. Yaxshi mutaxassisni ish beruvchining oʻzi izlab topadi. Shunday payt juda yaqin. Bu jarayon boshlandi.
Shu oʻrinda ota-onalarga bir oʻtinchim bor. Bu yil mamlakatimiz iqtisodiyotiga investitsiya kiritishda yangi davr boshlanishi shubhasiz. Davlatimiz rahbari, tegishli vazirlik va idoralar, mahalliy hokimliklar bu masalaga alohida eʼtibor qaratmoqda. Lekin investitsiya bilan har bir oila, har bir yurtdoshimiz shugʻullanishi lozim. Oiladagi investitsiya farzandlarga, ularning taʼlim-tarbiyasiga kiritilishi zarur. Dabdabali toʻylarga sarflaydigan mablagʻimizni farzandlarimizning yaxshi yashashi, zamonaviy ilmlarni oʻrganishi, yetuk mutaxassis boʻlishi uchun sarflaylik. Bu investitsiya kelajakda oʻzimizga, yurtimizga oʻn karra, yuz karra ziyod boʻlib qaytadi.