Fan olimpiadasi: shaffoflik, xolislik, haqqoniylik amaldami?
Xalq ta’limi tizimida muntazam o‘tkazib kelinadigan fan olimpiadasining asosiy maqsadi — a’lochi va qobiliyatli o‘quvchilarni qo‘llab-quvvatlash, rag‘batlantirish. Yaxshi o‘qiyotgan, tirishqoq o‘quvchi fan olimpiadasi g‘olibi bo‘ladi. G‘oliblarga berilgan imkoniyat boshqa o‘quvchilarning ham bilim olishga qiziqishini oshiradi. Afsuski, ushbu tanlovning o‘tkazilishida uchrayotgan adolatsizliklar endigina katta hayot ostonasiga qadam qo‘yayotgan yoshlarimizni “sindirib” qo‘ymoqda. Bu maydonda nohaqlik qurboniga aylanib, “Haqiqat yo‘q ekan”, degan fikrga kelib qolgan murg‘ak qalblar soni ko‘p. Ayniqsa, olimpiada yuqori bosqichga o‘tgani sari noxolislik, qalbakilik, o‘yinlar avjiga chiqa boshlaydi. Xususan, yaqinda qishki ta’til davrida fan olimpiadasining tuman bosqichi o‘tkazildi. Xo‘sh, bu galgi bahslar qanday o‘tdi? “Telegram” tarmog‘idagi “Ma’rifat mushtariylari” guruhi a’zolari bu savolga turlicha javob berishdi. E’tiborlisi, mavzu qizg‘in bahs-munozaraga sabab bo‘lmoqda.
O‘qituvchi: — Har yili fan olimpiadasidagi o‘yinlar haqidagi shubhali gaplarga unchalik ishonmasdim. Bu yil tuman bosqichida hakamlar hay’ati a’zosi bo‘ldim. O‘quvchilarning testlarini tekshirayotib hayratda qoldim. Barchaning javobi bir xil yechilgan — bexato bajarilgandi. Insho mavzulari ham avvaldan tayyorlab kelingan. Demak, test savollari oldindan olinib, kimlardir tomonidan yechilgan. Insho mavzulari haqida ham shunday xulosaga kelish mumkin.
Dilbar Normurodova: — 1-, 2-, 3-o‘rinni egallagan o‘quvchining o‘qituvchisiga rag‘bat berilishi haqida aytilayotgan gaplar hammamizga yoqadi. Masalaning ikkinchi tomoni ham bor. G‘olib o‘quvchini aslida kim tayyorlagan? Agar repetitor tayyorlagan bo‘lsa, bu rag‘bat bizga halolmi?! Axir, o‘quvchi¬mizning o‘zi aytib turibdi-ku, “Yaxshiyam repetitorga borgan ekanman, savollar o‘sha yerda o‘rgangan mavzularimga to‘g‘ri keldi”, deb. Eng muhimi, ota-onalar ham buni bilib turibdi. Rag‘batni berishdan oldin, fan o‘qituvchisining ta’lim samara¬dorligi haqida ham o‘ylab ko‘rish kerak, menimcha.
Xayrullo Abdurahmonov: — Tuzukkina lavozimda ishlayotgan bir tanishimning farzandi Sergeli tumanidagi maktabda tahsil oladi. O‘tgan yillarda bilimlar bellashuvining tuman bosqichiga chiqqan edi. Ammo tuman miqyosidagi bellashuv shaxmat bo‘yicha respublika chempionati bilan bir kunga to‘g‘ri kelibdi. Tanishimning qizi shaxmat musobaqasini tanlab, bilimlar bellashuviga bormaslikka qaror qiladi. Buni qarangki, bir kun o‘tib ma’lum bo‘lishicha, u bilimlar bellashuvida 2-o‘rinni olganmish. Uni g‘olib qilish uchun, albatta, o‘qituvchi jonbozlik ko‘rsatgan.
Buxorolik o‘qituvchi: — Olimpiadadagi nohaqliklar G‘ijduvon tumanida bu yil avjiga chiqdi. Hamma hakamlar o‘z o‘quvchisiga yon bosdi. Masalan, 1-o‘ringa loyiq topilgan inshoni o‘qimay turib, 40 baldan 37 ball qo‘yganiga o‘zimiz guvoh bo‘ldik, lekin tuman xalq ta’limi bo‘limi mudiri bu ishni qilmang, deb maktab rahbarlaridan iltimos qilgan. Bu kabi holatlar qachongacha davom etadi? Yuqoriga arz qilamiz, desak, rahbarlar maktab rahbarlarini qo‘rqitadi.
Simona: — Bizda hakamlardan hamma norozi. O‘z o‘quvchilariga test varaqasi javobidagi faqat “C” harfini belgilashni uqtirishgan. Ular o‘z o‘quvchisining testini tekshirganda “C” harfini to‘g‘ri javobga o‘zgartirarkan. Haqiqatan ham, “C” ni A, B, D, E shakliga o‘zgartirsa bo‘ladi-da. Ustamonlikni qarang!
Bobojonova: — Mening o‘quvchim ham o‘tgan yili hakamlarning savodsizligi sababli o‘rin ololmadi. To‘g‘ri yozilgan so‘z xato hisoblanib, past ball qo‘yilgan. O‘quvchimning ishi apellyatsiya tartibida qayta ko‘rib chiqildi. Xatolarni hakamlar bo‘yniga qo‘ydik. Ball qo‘shib beramiz, deyishdi, lekin qo‘shishmadi.
Fotima Karimova:
— Olimpiada haqqoniy bo‘lishi uchun hay’at a’zolarini boshqa tumanlardan tanlash kerak. Shunda bilimli o‘quvchi keyingi bosqichga hech qanday qarshiliksiz o‘tishi mumkin.
Zilola Xoliqova: — O‘g‘lim matematika fanidan qatnashgan edi. Bali past chiqqaniga ishonmadi. O‘qituvchisi bilan qattiq tayyorgarlik ko‘rgandi. Xato qilgan bo‘lsa, xatosini tan olishni ham o‘rgansin, agar rostdan nohaqlik yuz bergan bo‘lsa, halitdan unga yon bermasin, degan maqsadda apellyatsiyaga berdik. Buni qarangki, apellyatsiyaga murojaatlarini ham hakamlar hay’ati a’zolari ko‘rib chiqishar ekan.
Dildor Nurmuhammedova: — O‘quvchilarimiz hecham noto‘g‘ri bajargandim, demaydi. Ularga ishonib hamkasb-hakamga “tosh otish” tog‘rimikan? Axir, hakam ham eng yaxshisini ko‘ra-bila turib, ertaga viloyatga borishini o‘ylab ball qo‘ysa kerak. Shu paytgacha boriga qanoat qilib yashagan o‘qituvchi birovning to‘rt so‘miga zor bo‘lmagan. Hakamlar ham reytingi yuqori bo‘lgani uchun shu ishga loyiq deb topilgandir. Demak, uning o‘quvchisi ham ustoziga munosib bo‘ladi. Bu bilan meni hakam bo‘lgan deb tushunmang tag‘in! Men oddiy kuzatuvchilarning biriman, xolos. O‘quvchilarim o‘rin ololmadi. Bundan xafa emasman. Chunki bugun g‘olib bo‘lgan o‘quvchi viloyatda tuman o‘quvchilari reytingini himoya qiladi. Shunga loyiq o‘quvchi chiqishining tarafdoriman.
Oybek Urunov: — Maktabda o‘qib yurga¬nimda huquq fanidan olimpiadaga borganman, tumanda 2-o‘rinni olib xafa bo‘lib qaytganman. Tarixchi ustozimga “1-o‘rin sotilgan ekan, ololmadim”, desam, ustozim meni koyib bergan edi. “Demak, sening biliming 1-o‘ringa loyiqmas, agar zo‘r bo‘lganingda 1-o‘rinni olarding yoki biliming 1-o‘rinni olgan boladan ustunmi?”, degani sira esimdan chiqmaydi. Ustozimning bu gaplaridan qattiq ta’sirlanib, keyingi yili kuchliroq o‘qib, tumanda 1-o‘rinni, viloyatda 3-o‘rinni qo‘lga kiritganman. Bu voqea menga bir umrlik dars bo‘lgan. Hozir shogirdlarim shu mavzuda gap ochib qolsa, ustozimning saboqlarini ularga uqtiraman.
Nargiza Luqmonova: — Qizimning qaysi fandan qay darajada bilimi borligini juda yaxshi bilaman. O‘zim uni ona tili va adabiyot fanidan olimpiadada qatnashishga undaganman. Xullas, tuman bosqichida biz o‘ylamagan vaziyat bo‘ldi. Qizim yuqori o‘rin tugul, hatto yaxshi ball ham ololmadi. Haqiqat yo‘q ekan, ikkinchi qatnashmayman, deb keldi. O‘qituvchisini qo‘ymay apellyatsiya berishga ko‘ndirdim. Hammasi oydinlashdi. 1-o‘rinni olgan qizning ishi hatto tekshirilmay yuqori baholangan. Qizimning yozma ishi esa “qizg‘aldoqzor”ga aylangan. O‘qituvchisi ham yelka qisib turibdi. Nima qilish, qanday yo‘l tutishni bilmaydi odam.
Nasiba Tojiyeva: — Bizda fan olimpiadasiga “Barkamol avlod” bolalar ijodiyot markazi va ARM xodimlari kuzatuvchilik qildi. Xalq ta’limi bo‘limi xodimlari har bir fanni nazorat qildi. Biz, nazoratchi va kuzatuvchilar ularning boshida turdik. Haqqoniy tekshirib berishdi. Hatto ayrim fanlardan 2-, 3-o‘rin sohiblari chiqmadi, chunki o‘quvchilar 76 baldan yuqori ball ololmadi.
Feruza Tulaganovna: — Toshkent tumanida fan olimpiadasi adolatli o‘tdi. Sababi, o‘quvchilarimizning ko‘pchiligi necha yildan beri o‘rin ololmayotgan edi. Bu yil XTB mudiri nazoratni kuchaytirdi. Hakamlardan o‘quvchi bilimini adolatli baholashni qattiq talab qildi. Bu esa o‘quvchilar uchun ham haqiqat bor ekanligining isboti bo‘ldi.
Yulduzoy: — Ba’zilar olimpiadaga katta mas’uliyat bilan yondashsa, ayrimlarning mas’uliyatsizligi ochiq-oydin ko‘rinib qolmoqda. Olimpiadada maktab o‘qituvchisi o‘z o‘quvchisining ishini baholashiga nima deyish mumkin? Olimpiada onlayn o‘tsa yoki OTMdagi imtihonlar kabi DTM mas’ul bo‘lsa, shaffoflik, adolat, xolislik kafolatlanadi. Shu bilan bir qatorda o‘quvchini psixologik tayyorlash ham kerak.
Abdulqodir M.A: — Bag‘dod tumanida fan olimpiadasi har yilgidek adolatsiz tarzda olib borildi. Test savollaridagi xatolar naqadar bee’tibor tuzilganini ko‘rsatib turibdi. Xonalar ham juda sovuq edi. Qizig‘i, imtihon boshlangach, test savollarini ko‘paytirish uchun nusxa olishdi. Bu hafsalasizlik, loqaydlik qachongacha davom etadi?
Tahririyatimizga Payariq tumanidagi 97-maktab o‘qituvchisi Fotima Hasanovadan shu masala bo‘yicha xat kelgan. Unda sinovlardagi baholash mezonlari murakkabligi, berilgan topshiriqlar ham qiyin, hatto aksar hollarda o‘qituvchilarga ham “og‘irlik” qilishi yozilgan. Shuningdek, joriy yil oliy o‘quv yurtiga kirish imtihonlari bir qadar soddalashtirildi, fan olimpiadasi savollari uchun belgilangan baholash mezonlarini ham qayta ko‘rib chiqish lozim, degan fikr bildirilgan.
Zilola MADATOVA,
Niginabonu SHUKUROVA,
“Ma’rifat” muxbirlari