O‘quv darsliklari nega yetishmayapti?
Prezidentimiz tashabbusi bilan yoshlarni kitobxonlikka chorlash maqsadida “Eng yaxshi kitobxon” ko‘rik-tanlovi joriy etilgani o‘z mevasini bermoqda. Tanlov g‘olibiga “Spark” avtomashinasi berilishi esa yoshlarni kitobxonlikka yanada qiziqtira boshladi.
Bu yilgi tanlovda ishtirokchi yoshlar soni yana ham oshdi. Mamlakatimizda kitobxonlik keng targ‘ib etilayotgan bir paytda Qashqadaryo viloyatining ayrim maktablarida darsliklar yetishmayotgani ajablanarli emasmikan? Chiroqchi tumanidagi 86-umumta’lim maktabida bo‘lganimizda, 11-“B” sinf o‘quvchilaridan Shahzod Jo‘rayev “Ona tili” va “Adabiyot”, Gulmira Do‘styorova ham “Ona tili” darsligi yo‘qligi bois, o‘zlashtirish va uy vazifalarini tayyorlashda muammoga duch kelayotganini aytdi. Shuningdek, 6-“A” sinf o‘quvchisi Asilbek Aliboyev “Tarix” va “Vatan tuyg‘usi”, tengdoshlari Hilola Toshqo‘ziyeva, Feruza Eshquvvatova, Surayyo Shaydullayeva esa “Vatan tuyg‘usi” darsligiga ega emasligini ta’kidladi.
Tumandagi 82-umumta’lim maktabida esa ahvol bundanda achinarli. Maktabning 8-sinf o‘quvchilariga “Jahon tarixi”, “O‘zbekiston tarixi”, “Adabiyot”, “Ona tili”, “Fizika”, “Kimyo”, “Informatika”, “Chizmachilik”, “Geografiya”, “Davlat va huquq asoslari”, “Iqtisodiy bilim asoslari” darsliklari berilmagan. Boshqa o‘quvchilarda ham darslik yetarli emas. Birgina shu sinfda jami 100 dan ortiq darslik yetishmaydi.
Keyingi manzilimiz tumandagi 67-umumta’lim maktabi bo‘ldi. Maktabga kirib borganimizda, bizni xo‘jalik ishlari mudiri Xudoyberdi Jo‘rayev, yoshlar yetakchisi Faxriddin Rahimov, o‘qituvchi Gulhayo Egamqulova xushlamaygina kutib oldi. Muloqotda buning sababi oydinlashdi. Ularning ta’ki lashicha, tuman xalq ta’limi bo‘limi mudirining topshirig‘iga ko‘ra, maktabga kelayotgan har bir jurnalistning qo‘lida “buyrug‘i” bo‘lishi kerak ekan. Aks holda uning maktab hayoti bilan qiziqishga haqqi yo‘q emish. Biz bu ko‘rsatma qaysi me’yoriy hujjatga asosan berilganini so‘raganimizda, ular javob bera olishmadi.
Kutubxonachi Dilshoda Haydavolova maktab o‘quvchilarining qanchasiga darslik yetishmasligini ham bilmaydi. Uning taxminiga ko‘ra, 100 dan ortiq darslik yetishmaydi. Tuman xalq ta’limi bo‘limi mutasaddilarining maktabga kelayotgan jurnalistlardan buyruq talab qilishining sababi bunday holatlarni sir tutish emasmikan?
O‘quv yilining ikkinchi choragi yakunlandi. Ammo uchala maktab rahbari darsliklar yetishmasligi bo‘yicha mutasaddi tashkilotlarga murojaat qildimikan? Yoki bundan natija chiqmadimi?
Viloyat xalq ta’limi boshqarmasining darsliklar bo‘yicha mutaxassisi Jo‘ra Xalilov barcha umumta’lim maktablari darsliklar bilan to‘liq ta’minlanganini aytib, bizni ajablantirdi. Tuman xalq ta’limi bo‘limi metodisti Shahriyor Tangirov esa hududiy maktab o‘quvchilariga darsliklar yuz foiz berilganini ta’kidladi. Xo‘sh, ularning gapi rost bo‘lsa, nega biz bo‘lgan maktablarda darslik yetishmayapti?
Darvoqe, biz borgan maktabning bilimga chanqoq yoshlari: “Bizga kitob berasizmi, ustoz? Endi bizning ham darsliklarimiz to‘liq bo‘ladimi?”, degan umidli savollar bilan bizga yuzlanishdi. Talab o‘rinli. Ammo o‘quvchini darslik bilan ta’minlash gazeta xodimining vakolatiga kirmaydi. Viloyat xalq ta’limi mutasaddilariga aytar so‘zimiz: o‘quvchi kitob bilan to‘liq ta’minlanishi kerak. Zero, millat kelajagiga befarq bo‘lishga hech kimning haqqi yo‘q.
O‘ktam MEYLIYEV