Ko‘ngilsizlik ko‘ngilli yakunlandi
Qish chillasida Bo‘stonliq tumanida kutilmagan ko‘ngilsizlik sodir bo‘ldi. Chotqol tog‘lari osha esuvchi shamol kuchayib dahshatli tusga kirdi. Xondayliq qishlog‘idagi uch qavatli maktab binosi tomining salkam yarmi uchib tushdi. Bu ko‘rgulik ish boshlaganiga unchalik ko‘p bo‘lmagan maktab direktori Lobarxon Shodiyevani, maktab jamoasini, qolaversa, qishloq ahlini sarosimaga solib qo‘ydi. Qishning qoq o‘rtasida o‘qituvchi va o‘quvchilar ish-o‘qishlarini qanday davom ettiradilar?
Bu ahvol qulog‘imga chalinib, men ham nima qilish kerak, degan o‘y-tashvishda edim. Shu payt eshik ochilib, maktabning nafaqadagi sobiq rahbari Abdusodir Rasultoyev kirib keldi.
— Voqeani eshitdingizmi? — dedi Abdusodir tashvishli qiyofada. — Darrov xabar olmasak bo‘lmas, biror yordamimiz tegib qolsa ajabmas.
Abdusodirning mashinasida zudlik bilan yo‘lga tushdik.
Maktabda tomni tiklash ishi qizg‘in boshlab yuborilgan ekan. Tuman hokimi G‘ayrat Madaminov, xalq ta’limi bo‘limi mudiri Norpo‘lat Qurbonov va boshqa mutasaddilar ham voqea joyiga vaqtida yetib kelib, masalani ijobiy hal etib ulgurgan ekan. Hasharchilar shamol uchirib tushirgan qurilish materiallarini saralashardi. Qishloq ahli mahalla oqsoqollari boshchiligida bir jon-u bir tan bo‘lib yordamga oshiqqan, hamma astoydil mehnat qilardi...
Ko‘ngilsiz voqeaning ko‘ngilli natijasi barchamizning qalbimizga quvonch bag‘ishladi.
Ammo bizni boshqa masala o‘ylantirdi. Dovul nega atrofdagi uylarning tomlariga zarar yetkaza olmadi-yu, aynan maktab binosi tunukalarini uchirib ketdi?!
Gap egasini topadi deganlaridek, maktab qurilishiga mas’ul bo‘lganlar ushbu voqeadan tegishli xulosa chiqarib oladilar degan umiddamiz.
Asad ASIL, yozuvchi