Ishlayapsizmi, “tishlayapsizmi?”
Puling bo‘lmasa, hatto bog‘cha tarbiyachisining ham chehrasi yorishmaydi-yey. Kulib qaramay qo‘ydi. Buni hatto qizim ham sezdimi, ertalabdan “bog‘chaga bormayman”, deb xarxashani boshladi. “Nega, axir, hech bunday qilmasding-ku?” degan savolimga u javob berishni istamadi.
Mana, necha kundirki bolamni bog‘chadan olishga ham yurak bezillab qoldi.
— Oyisi, qachon endi? — deb so‘roqqa tutadi.
— Tez kunda.
— Hech bo‘lmasa ovqat pulini tezlashtiring.
Ertasiga ovqat pulidan “qutuldik”. Ammo qani endi, shu bilan zimmamizdagi “yuklar” yengillashsa. Tarbiyachimizning o‘ng qo‘l “mamashasi” Masturaxon ham kunda shu eshikning ortida:
— Oyisi, bayram yaqinlashyapti, tarbiyachi va enagaga 10 mingdan. O‘tgan gal ham tarbiyachi va enaganing tug‘ilgan kuniga 20 mingdan yiqqanimizda qutulib qolgandingiz — ta’tilda ekansizlar. Endi bu safar birinchilardan bo‘lib berarsiz.
Albatta, bu safar birinchilardan bo‘laman. Maosh olishim bilan shu to‘lovlardan qutulaman. Axir, bog‘cha opalarni har qancha hurmat qilsak, mukofotlasak arziydi. Ular 30 dan ortiq bolaga tarbiya, saboq beradi. Shu-uncha bolani eplab o‘tirishning o‘zi bo‘ladimi, ikkitasining shovqiniga zo‘rg‘a chidaymiz-ku.
Ha-ya, odamlarga ham hayronsan. Kecha ijtimoiy tarmoqda bir kap-katta odam tarbiyachi yozib bergan ro‘yxatni suratga olib, muhokamaga qo‘yibdi. “Maktabgacha ta’lim muassasalari tomonidan ota-onalarga bunday uzundan uzoq ro‘yxat berilishi qonuniymi?” deb yozibdi. Har kimda har xil fikr. “Noqonuniy”, “Shunchalik ham ko‘p narsa so‘raydimi, insofsiz”, “O‘ziga shampun ham qo‘shib yozmabdi-da” degan pichinglar bosib ketdi. Bir-ikkita tushungan onalargina “Bolangiz uchun olib berasiz-da, bog‘cha opa sizning farzandingiz uchun cho‘ntagidagi pulni sarflamaydi-ku”, deb tarbiyachilarni himoya qilgan xolos. Naqadar to‘g‘ri gaplar. Rost-da, qalam, daftar, ruchkadan tortib, kir yuvadigan sovun bilan idish tozalaydigan vositani tarbiyachi qayerdan oladi? Albatta, ota-onalardan so‘raydi-da. Yana har oy 7 ming so‘mdan fond puli ham oladi, deb ta‘na qilavermang. Bu pul nima uchun sarflanishini tarbiyachi besh daqiqada isbotlab beradi. Siz yurak yutib bir so‘rang!
Maosh ham oldik. Shu kuni bog‘chaga yorug‘ yuz bilan farzandimni yetaklab kirdim. Qo‘limda 50 ming so‘m pul. Yana bir xalta o‘quv qurollari. 20 dan ortiq bola qiy-chuv qilayotgan xonaga kirishim bilan uch nafar to‘polonchining stulni teskari qilib qorniga qo‘yib olgancha bir-biri bilan olishayotganiga ko‘zim tushdi. Ikki nafari oldiga qo‘yilgan bo‘yoq, kitobga qayrilib ham qaramay, bir dasta qalamni bir-biriga otish bilan band. Enaga qo‘limdan darrov xaltani olib, ichidagilarni ro‘yxatga kirita boshladi. Tarbiyachi esa har doimgidek qog‘ozga ko‘milgan. Qachon kelsam, ish stolida bir nimalarni yozib, ko‘rib o‘tirgan bo‘ladi.
— Qarzlarimni berib ketay, — dedim quvonchdanmi, uyatdanmi qizarib.
Qo‘liga 50 mingtalikni berib, “Keragini olib qolarsiz”, dedim.
— Hozir kalkulyatorni yoqay, — dedi qo‘lidagi telefonga ishora qilib.
Ko‘z qirim bilan telefonga qaradim, tarbiyachi “Telegram” tarmog‘ida “ishlayotgan” ekan.
— Ibratli hikoyalar o‘qiyotgandim. Hech kirganmisiz shu kanalga? Hayotiy, yaxshi hikoyalar bor.
Shunday qilib kalkulyatorda hisoblay ketdi:
— 20 ming bayramga, 7 ming fondga, 6 ming bolalar xaritasiga, 12 ming yuvish vositalariga, demak, oyisi, mana sizga 5 ming qaytim. Xayr!
50 mingdan 5 ming bilan qaytib chiqishimning hech yomon joyi yo‘q. Nimaiki qilsak, farzandlarimiz uchun. Shu pulni boshqa ehtiyojimiz uchun ham sarflaymiz-ku. Ammo xonadan chiqib ketar ekanman, tarbiyachining yana ibratli hikoya o‘qishga kirishganini ko‘rdim. Axir, xonada yigirmadan ortiq bola hamon stullarni ko‘tarib “urush-urush” o‘ynar, qalamlarni bir-biriga otar, qizaloqlar esa uyidan olib kelgan lakni o‘rtaga qo‘yib, tirnoq bo‘yashardi. Boshiga sellofan paket kiyib uyoqdan-buyoqqa yugurib yurgan bolani ko‘rib indamay ketolmadim. Darrov borib sellofanni yulqib oldim.
— Hech qachon bunday qilma, nafas ololmay qolasan, senlar esa stullarni joyiga qo‘y, bir-biringning boshingni yorib qo‘yasan, qalamlarni otma, bularni ota-onang bolam o‘qish-yozishni o‘rgansin, deb olib bergan...
Bergan dakkilarim bu to‘polonga barham bera oldimi-yo‘qmi, bilolmadim, ammo tarbiyachiga zig‘ircha bo‘lsin ta’sir qilmadi. U hamon “Telegram”da hikoya o‘qish bilan band. Darvoqe, chetdan qaraganda u ishlab o‘tirgandek ko‘rinarkan!
Zilola MADATOVA,
“Ma’rifat” muxbiri