Darsning 10 foizi tushuntirish, 20 foizi ko‘rsatish, 70 foizi bajarish bo‘lsin
Respublika ixtisoslashtirilgan musiqa akademik litseyi(RIMAL)ning “Aniq fanlar” kafedrasida fan o‘qituvchilari, metodistlar ishtirokida “Fizika fanida o‘qitishning noan’anaviy usullari” mavzusida seminar o‘tkazildi.
Fizika fani o‘qituvchisi Shuhrat Xudoyqulov fanni o‘qitishning noan’anaviy usullari bo‘yicha ilg‘or tajribalari bilan o‘rtoqlashdi. Uning fikriga ko‘ra, o‘quvchilar tafakkurining faollashuvi, mustaqil fikrlash darajasining ortishi interfaol darslar jarayonida qaror topadi. Zero, darsning 10 foizi tushuntirish, 20 foizi ko‘rsatish, 70 foizi bajarishdan iborat bo‘lsa, kutilgan samaradorlikka erishiladi. Ushbu metod qo‘llanganda o‘quvchi kichik guruhlarda ishlab, darsda faol ishtirok etish, boshlovchi rolida bo‘lish, bir-biridan o‘rganish, o‘qituvchi esa boshqa noan’anaviy metodlarga nisbatan vaqtni tejash hamda bir paytning o‘zida barcha bolalarni mavzuga birdek jalb etish va baholash imkoniga ega bo‘ladi. Bolada jamoada o‘zini tutish, fikrini erkin bayon qilish, hamjihat bo‘lib ishlash, tengdoshlari fikrini hurmat qilish, o‘zaro hamkorlik, ishonch va mas’uliyatni his qilish xususiyatlari bilan birga, fanga, o‘tilayotgan mavzuga qiziqish shakllanadi.
Masalan, 8-9-sinflarda “Tok kuchi va kuchlanish” mavzusida o‘ttiz nafar o‘quvchi 6 nafar o‘quvchidan iborat beshta kichik jamoaga bo‘linadi. Bolalarning qiziqishi va kasb tanlashiga ko‘ra, guruhlar “Fiziklar”, “Tarixchilar”, “Matematiklar”, “Iqtisodchilar” va “Muhandis-texniklar” deb nomlanadi. Fiziklar ampermetr, voltmetr tuzilishi, ishlashi to‘g‘risida nazariy ma’lumot berib, ishlatib ko‘rsatadi. O‘quvchilar o‘qituvchi bilan birga tajribani past kuchlanishda namoyish etadi. Tarixchilar ampermetr, voltmetr kashf etilishi tarixi, vazifasi, qurilmani ixtiro qilgan olimlarning hayoti haqida gapiradi. Bir-biri bilan savol-javob o‘tkazadi. Tarixiy faktlar slaydlar orqali ekranda namoyish etiladi. Matematiklar ampermetr, voltmetrning ishlashiga oid hisoblash formulalarini keltirib chiqaradi va grafiklarni tushuntirib beradi. Iqtisodchilar ampermetr, voltmetrning ishlash samaradorligini oshirish, materiallarni tejashni tushuntiradi. Muhandis-texnik xodimlar ampermetr, voltmetrning turmushda, sanoatda, radio-elektronikada qo‘llanilishi va unga texnik xizmat ko‘rsatish haqida o‘z fikrlarini aytadi. O‘qituvchi fikr-mulohazalarni tinglagach, qo‘shimcha ma’lumotlar bilan o‘quvchilarning bilimini boyitadi.
— Bunday darslarni o‘tish uchun tayyorgarlik bir hafta oldin boshlanadi. Kichik guruhlarga alohida topshiriq beriladi. O‘quvchilar berilgan topshiriqni mustaqil bajaradi. O‘qituvchi zarur ma’lumotlarni olish uchun kerakli adabiyotlar va internet saytlarini tavsiya etadi. Bolalar mustaqil ishlar, maketlar, harakatdagi texnik qurilmalarni yasab, namoyish etadi, — deydi Shuhrat Xudoyqulov.
Zayniddin O‘RINBOYEV, shu litsey o‘qituvchisi