“Kasaba uyushmalari ham uyg‘onishi kerak”
O‘zbekiston ta’lim, fan va madaniyat xodimlari kasaba uyushmasi — ushbu sohalarda xizmat qilayotgan xodimlarning ijtimoiy mehnat huquqlarini himoya qilib kelayotgan yirik nodavlat-notijorat tashkilotdir. Ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda mazkur uyushmaga 18013 ta tashkilotda xizmat qilayotgan 1573189 nafar xodim a’zo. Tashkilot ularning ijtimoiy himoyasi, dam olishi, sog‘lig‘ini mustahkamlashi va ular uchun munosib mehnat sharoiti yaratish maqsadida tegishli vazirlik va idoralar bilan 8 ta tarmoq kelishuvi imzolagan. Shuningdek, tashkilot quyi bo‘g‘indagi kasaba uyushmalari vakillarini mehnat qonunchiligi va xodimlarning ijtimoiy himoyasi masalalariga doir me’yoriy-huquqiy hujjatlardagi o‘zgarish va yangiliklar bilan tanishtirish maqsadida muntazam ravishda o‘quv seminarlari tashkil etib kelmoqda. Shunday seminarlardan biri O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasining katta majlislar zalida bo‘lib o‘tdi. “Ijtimoiy himoya — ijtimoiy rivojlanishning asosi” mavzusida o‘tkazilgan tadbirda Toshkent shahri va viloyati hududida joylashgan fan, ta’lim va madaniyat muassasalarida faoliyat yurituvchi kasaba uyushmalarining boshlang‘ich tashkilot rahbarlari va hisobchi-buxgalterlari bilan uyushma rahbarlari o‘rtasida ochiq muloqot tashkil etildi.
Anjumanni O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari Baxtiyor Mahmadaliyev ochib berdi. Yig‘ilish davomida tashkilotlardagi ijro intizomi, ish beruvchi va xodim o‘rtasidagi mehnat munosabatlari, mehnat muhofazasi kabi qator masalalar muhokama qilindi. O‘zbekiston ta’lim, fan va madaniyat xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi raisi Ravshan Bedilov jamoa shartnomasi yig‘ilishlari o‘tkazilishi joylarda sust borayotgani, ba’zi boshlang‘ich tashkilot rahbarlari buning nima ekanidan ham bexabarligi, tuman va viloyat kengashlari raislari bu tadbirlarning o‘tishiga shaxsan bosh bo‘lishlari va unda qatnashishlari kerakligini ta’kidlab, rahbarlarni uyg‘onishga chaqirdi.
— Kasaba uyushmalari — katta kuch. Uxlab o‘tiraversak, hech kim bizga ergashmaydi. Birlashsak, katta kuchmiz. Respublika bo‘ylab barcha xodimlarni himoya qila olishimiz kerak. Xalqaro mehnat tashkilotining respublikamizda ratifikatsiya qilingan 16 ta hujjatiga qat’iy amal qilinishini ta’minlash — vazifamiz. Kasaba uyushmalari xodimlarning ish haqlaridan ulush oladi. Demak, ularning muammosini hal etishi kerak, — deb ta’kidladi Ravshan Bedilov. — Respublika kengashining o‘zida o‘n nafar xodim faoliyat yutiradi. Barcha hududlardagi ahvolni birdek nazoratga olish — murakkab ish. Hozir tumanlar kesimida ahvolni o‘rganib chiqyapmiz.
Shundan so‘ng yig‘ilishda ishtirok etgan Mirobod tuman soliq inspeksiyasi xodimlari Rustam Istamov va Gavhar Boymatova kasaba uyushmalari xodimlarining soliq tizimidagi islohotlar va ularning mavjud ish haqi va daromadlariga ta’siri haqidagi savollariga javob berdi.
Bekobod tuman ta’lim, fan va madaniyat xodimlari kasaba uyushmalari rahbarining “Hozir farzandlarimizning o‘quv-kontrakt to‘lovlariga o‘tkaziladigan mablag‘ soliqqa tortilmaydi. Yangi soliq tizimida ham bu imtiyoz saqlab qolinadimi?” degan savoliga javoban soliq inspektori R.Istamov avvalgi imtiyozlar saq-lanishini ma’lum qildi. Chinoz tuman kengashi rahbarining “Mahalliy soliqchilarning aytishicha, soliq to‘lovlaridan keyin xodimlarga beriladigan yordam pullaridan soliq olib qolish kerak, deyilyapti. Shu to‘g‘rimi?” degan savoliga rad javobi berildi.
Chirchiq tuman kengashi vakili:
— Soliq hisobotlari o‘z vaqtida topshirilmasa, qanday va kimga nisbatan chora ko‘riladi?
Soliq inspektori:
— Agar bu holat birinchi marta yuz bersa, ogohlantirish bilan cheklanadi. Qayta takrorlangudek bo‘lsa, mas’ul shaxs eng kam ish haqining bir barobaridan uch barobarigacha miqdorda jarimaga tortiladi. Uni tashkilot to‘lagan taqdirda ham mas’ul xodimning maoshidan chegirib qolinadi.
O‘zbekiston, ta’lim, fan va madaniyat xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashining ijtimoiy himoya masalari bo‘yicha bosh mutaxassisi Lazokat Turikova:
— Soliq qonunchiligiga ko‘ra, moddiy yordam va rag‘batlantirishga alohida soliq solinishi nazarda tutilganmi?
— Bu haqda Soliq kodeksining 179-moddasida batafsil ma’lumot berilgan.
— Aynan nima deyilgan? Yig‘ilganlarga shu haqda to‘liq tushuntirish bera olasizmi?
—…
Qisqa savol-javoblardan so‘ng Respulika kengashining ijtimoiy himoya masalari bo‘yicha bosh mutaxassisi Lazokat Turikovaning kasaba uyushmalari faoliyatiga bag‘ishlangan taqdimoti yig‘ilganlar e’tiboriga havola etildi. Unda kasaba uyushmalari oldida turgan quyidagi muammolar tashkilot imijiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgani haqida ma’lumot berildi: ijtimoiy sheriklik va ijtimoiy muloqot prinsiplari, kasaba uyushmasiga a’zolarning ishonchi sust, huquqiy savodxonlik yetarli emas, quyi bo‘g‘in kasaba uyushma tashkilotlari uchun ijtimoiy himoya ustuvor himoyaga aylanishi kerak.
Lazokat Turikovaning aytishicha, mavjud qonunchilikda belgilangan mehnat ta’tilini qisqartirish taklif etilganda, kasaba uyushmasi tizimidagi mutasaddilar buni ma’qullamagan. Chunki bizdagi mehnat ta’tili muddati Markaziy Osiyo davlatlari orasida ancha past ko‘rsatkichga ega. Masalan, qo‘shni Tojikiston Respublikasida mehnat ta’tili 56 kun etib belgilangan.
— Ijtimoiy soha ijtimoiy himoya bilan uzviy bog‘liq. Biz a’zolarimizga nafaqat moddiy, balki huquqiy tomondan ham ko‘mak berishimiz kerak. Aksar hollarda kasaba uyushmasi xodimlarda sovg‘alar va sihatgohlarga yo‘llanma beruvchi tuzilma sifatida taassurot qoldirgan, — deydi L.Turikova. — Ba’zi ijtimoiy himoyaga muhtoj xodimlarda kasaba uyushmasi menga har doim yordam berishga majbur, degandek qarash shakllanib qolgan. Oldimizda turgan yana bir vazifa —tashkilotning kuchli ijtimoy himoyaga muhtoj xodimlari ro‘yxatini shakllantirishdir.
Toshkent davlat sharqshunoslik instituti kasaba uyushmasi kengashi raisi Chori Husanov o‘rtaga tashlagan masala ham muhokamalarga sabab bo‘ldi. Aytilishicha, oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan talabalar kasaba uyushmasi a’zosi hisoblanadi. Ammo ularning qo‘liga a’zolik bileti berilmaydi. Ular boshqa ijtimoiy himoya imtiyozlaridan ham foydalana olmaydi. Ulardan a’zolik badali ham undirilmaydi. Shunday bo‘lsa-da, biror talabani talabalar safidan chetlatishda kasaba uyushmasi raisining roziligi talab etiladi. Toshkent davlat yuridik universiteti kasaba uyushmasi raisi Eshmuhammad Qodirov bergan tushuntirishlar barcha masalaga oydinlik kiritdi:
— Umuman olganda, talabalarning stipendiyasi miqdori havas qilgulik emas. Buning ustiga, a’zolik badalini qo‘shsak, qanday bo‘larkan? Lekin pul to‘lamasa, a’zolik imtiyozlaridan foydalana olmaydi. Bu masalani hal qilish uchun amaliy ishlar olib borilyapti. 2018-yilda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan kelishuvga erishildi. Moliya vazirligi bilan ham kelishuvimiz bor. Faqat Adliya vazirligi bilan huquqiy tomonini hal qilsak, talabalarning ham alohida kasaba uyushmalarini ochish mumkin bo‘ladi. Shunda talabalarning ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlami bilan ham yaqin munosabat o‘rnatiladi.
Darvoqe, seminar yakunida Toshkent davlat yuridik universiteti kasaba uyushmasi raisi to‘g‘ri ta’kidladi: “Kasaba uyushmalari ham uyg‘onishi kerak. Aks holda, a’zolarning tashkilotga ishonchi sustlasha boradi. Yana bir gap. Ba’zi hollarda kasaba uyushmasi a’zoligidan chiqish uchun yozma ariza berayotganlar ham uchramoqda. Bunga qarshilik qilib bo‘lmaydi. Bu ularning konstitutsiyaviy huquqi. Demak, ishimizni yangicha davom ettirish vaqti kelgan...”
Sardor MUSTAFOYEV,
Suhrob ZIYODOV,
“Ma’rifat” muxbirlari