RTM: Yangi darsliklar xatolardan xoli bo‘ladi
O‘quvchida o‘z fikrini og‘zaki yoki yozma shaklda ixcham va lo‘nda ifodalash, mustaqil fikrlash ko‘nikmalarini shakllantirishda hamma grammatik ma’lumotlar ham faol ishtirok etavermaydi. Otlarning qo‘shib yoki ajratib yozilishi, tinish belgilarining ishlatilishi, imlo qoidalari, urg‘u, bo‘g‘in, tovushlar talaffuzi haqidagi ma’lumotlar juda muhim, biroq lug‘aviy shakl yasovchi, yasovchi asos, nomustaqil kesim, nomustaqil to‘ldiruvchi, tovushlar tasnifi kabilar bo‘lajak tilshunos uchun qimmatlidir, lekin bo‘lajak huquqshunos, jurnalist, shifokor, tadbirkor, fermerlarga ertangi hayotda fikr ifodalash uchun deyarli ahamiyatga ega emas. Bu ma’lumotlar nega darslikda berilganligiga kelsak, lingvistik kompetensiyani rivojlantirish orqali o‘quvchi o‘zbek tilida shunday grammatik hodisalar ham borligini bilishi, ilmiy xabardorlik nazarda tutilgan.
“Ma’rifat” gazetasining 2018-yil 22-dekabr sonida Gulnoza Xoldorovaning “O‘rinli e’tiroz” maqolasi (Sh.To‘rayevning “Qaysi biri to‘g‘ri?” maqolasiga munosabat) chop etildi. Muallif 2-bosqich “Hozirgi o‘zbek adabiy tili” darsligidagi 217-mashq haqida fikrini davom ettirar ekan, asosli tarzda darslikda gaplarning tuzilishiga ko‘ra sodda, qo‘shma, murakkab gaplar va periodlar haqida izoh berilishi kerakligi, ular testga tortilsa, abituriyentlar uchun murakkablik yuzaga kelishi borasidagi xavotirini bayon etgan.
Avvalo, 2-bosqich “Hozirgi o‘zbek adabiy tili” darsligi mashqida keltirilgan yuqoridagi ma’lumot (gaplarning tuzilishiga ko‘ra tasnifi) oliy o‘quv yurtigacha bo‘lgan davrdagi maktab, akademik litsey va kasb-hunar kollejlari ona tili darsliklarining birortasida uchramaydi. Bu ma’lumotning testga aylanishi haqidagi xavotirga o‘rin yo‘q.
Test o‘z yo‘liga, ammo Gulnoza Xoldorova o‘qituvchi sifatida munosabat bildirishga haqli. Uning: “...sodda yig‘iq va sodda yoyiq gap uchun berilgan eng maqbul ta’rif aynan shu mashqda berilgan” degan mulohazasi quyidagicha: “Bosh bo‘laklardan tarkib topgan gaplar yig‘iq gap, agar bosh bo‘laklardan tashqari ikkinchi darajali bo‘laklar ham ishtirok etsa, yoyiq gap sanaladi”.
5-sinf “Ona tili” darsligidagi qoidani 3-kurs “Hozirgi o‘zbek adabiy tili” darsligi inkor qiladi, degan e’tirozini ikki manbadan olingan iqtibos bilan solishtiramiz:
1. 5-sinf “Ona tili” darsligidan:
Faqat kesimdan yoki ega va kesimdan iborat bo‘lgan gap yig‘iq gap hisoblanadi. Masalan: Qara. Men keldim. Kesimning boshqa bo‘laklar bilan kengayishidan hosil bo‘lgan gap yoyiq gap deyiladi. Masalan: Men uni ko‘rdim.
Gulnoza Xoldorova nazarda tutgan misol 8-sinf darsligida keltirilgan:
Sodda gaplar ikkinchi darajali bo‘laklarning ishtirok etgani yoki etmaganiga ko‘ra: sodda yig‘iq gaplar (Kamola kirib keldi), sodda yoyiq gaplar- (Kamola darvozadan shoshilib kirib keldi)ga bo‘linadi.
2. “Hozirgi o‘zbek adabiy tili” 3-bosqich darsligidan:
Eslab qoling. Faqat kesimdangina tashkil topgan gaplar yig‘iq gaplar deyiladi.
Masalan, keldi, kuz kabi.
Kesimdan tashqari boshqa bo‘laklar ham ishtirok etgan gaplarga yoyiq gap deyiladi.
Masalan, “Keldi bahor, gul bahor”. (Z.Diyor)
Ko‘rinib turibdiki, 5- va 8-sinf darsliklari qoidalari mazmuni deyarli bir xil, yangi 8-sinf darsligida ham ushbu qoida quyidagicha ifodalanmoqda: “Ega va kesimdan yoki faqat kesimdan iborat gap yig‘iq gap hisoblanadi”. Demak, maktab darsliklarida uzviylik saqlangan.
Gulnoza Xoldorova 2-bosqich “Hozirgi o‘zbek adabiy tili” darsligining yana bir xulosasi bahsli ekanini ta’kidlaydi: “Shuningdek, nomard, noma’lum singari so‘zlardagi no- old qo‘shimchasini be- old qo‘shimchasi va -siz qo‘shimchasiga almashtirib bo‘lmaydi, chunki bu so‘zlar fors-tojik tilidan o‘zbek tiliga tayyor holda o‘tgan. Hozirgi o‘zbek tilida yasalgan emas”. [24.2-dars]
Avvalo, yuqorida berilgan ma’lumotni xato deb bo‘lmaydi. Darhaqiqat, qoidaga ko‘ra nomard ni bemard yoki mardsiz shaklida qo‘llab bo‘lmaydi. Sababi oddiy. Mard so‘zi fors-tojik tilidan olingan bo‘lib, be- old qo‘shimchasi ham forscha. Chalg‘ituvchi holat esa nomard so‘zining asos va qo‘shimchalarga ajralishidir. Nodon so‘zi fors tilida ajraladi, chunki don fe’li mustaqil qo‘llana oladi, ammo o‘zbek tilida bunday fe’l yo‘q. Mard so‘zi esa mavjud. Testlarda: “yasama so‘zlar miqdorini toping”, deyilganda nomard so‘zini yasama so‘z sifatida sanab o‘tish o‘rinlidir. Qolaversa, 11 yillik ta’lim tizimining joriy qilinishi uzviylik va uzluksizlik masalasini to‘la ta’minlashga asos bo‘ladi.
“Ma’rifat” gazetasining 2019-yil 30-yanvar sonida G.Xoldorovaning “Tovushlar tasnifidagi chalkashlik “Ona tili” darsliklarida qachon bartaraf etiladi?” maqolasi ham e’lon qilindi. Umuman olganda, jarangli va jarangsizlik, undoshlar tasnifi, sifat darajalarining turlari, yig‘iq va yoyiq gaplar, sodda va qo‘shma gaplar, qo‘shimchalarning qo‘llanilishi va tasnifi kabi shunga o‘xshash masalalar bilan bog‘liq ayrim munozaralarning uchrab turishini tilshunoslik sohasida ham dolzarb tadqiqotlar uzluksiz davom etayotgani va ularni zudlik bilan, o‘z vaqtida amaliyotga kiritilish zarurati tug‘ilgani bilan izohlash mumkin.
Komil ishonch bilan aytish mumkinki, tilning aksariyat sathlari uning tabiatidan kelib chiqib tadqiq qilindi va aniq xulosalarga kelib bo‘lindi, hatto vaqt sinovidan ham o‘tdi. Avval tadqiq qilib, uni davr sinovidan o‘tkazib, so‘ng darsliklarga kiritamiz deyilsa, ta’lim jarayoni bir soniya ham kutib turmasligi ma’lum. Shunday ekan, avvalo, o‘qituvchilar bag‘rikenglik bilan vaziyatni to‘g‘ri baholay olishi lozim.
Bugun “O‘qituvchilar endi tilshunoslik muammolari bilan shug‘ullanmaydi”, deya ishonch bilan aytar ekanmiz, bu ular uchun yana bir qulaylik ekanini e’tirof etish kerak.
Bugun barcha sohalar singari ta’lim sohasida ham tub islohotlar qizg‘in pallaga kirgan. Xalqaro baholash (PISA, PIRLS, TIMES) tizimlariga o‘tish munosabati bilan DTS, o‘quv dasturi va darsliklarni takomillashtirish davom etmoqda. Ayni kunlarda Respublika ta’lim markazida 2019-2020-o‘quv yili uchun nashr qilinadigan darsliklar ustida jiddiy ishlanmoqda. Metodistlar, ishchi guruhlar va ekspertlarga rahbariyat tomonidan kerakli sharoit yaratib berilmoqda va qat’iy talablar qo‘yilmoqda. Avvallari yangi nashrlar siyohi qurimay e’tirozlar girdobida qolayotgan edi. Qayta nashrga tayyorlanayotgan 8-sinf “Ona tili” darsligi muhokamasi ustida mualliflar va ekspertlar o‘rtasida kechayotgan qizg‘in bahs-munozaralar, isbot-u dalillar “jangi” bu nashrning o‘qituvchi, o‘quvchi, repetitor va abituriyent kutgan mukammal darslik sifatida dunyoga kelishiga ishonch uyg‘otmoqda. Bu masalada mualliflardan Alisher Navoiy nomidagi O‘zbek tili va adabiyoti universiteti professori, filologiya fanlari doktori B.Mengliyev, RTM ona tili bo‘yicha bosh metodisti G‘.Hamroyev, amaliyotchi o‘qituvchilardan Piskent tumanidagi 7-maktabning ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi D.Hoshimova, Yangiyo‘l shahridagi 10-maktabning ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi M.Abdurasulova, Qo‘shrabot tumanidagi 35-maktab o‘qituvchisi Sh.To‘rayevning har bir ilmiy mulohaza, topshiriq, mashqni yakdil jamoa bo‘lib, sinchiklab tahlil qilayotgani, birorta ham e’tirozga o‘rin qoldirmaydigan nashr yaratish yo‘lidagi jonbozliklarini ta’kidlab o‘tish lozim. Ularning mashaqqatli mehnati tufayli yuzaga kelayotgan darslik o‘qituvchidan nafaqat lingvistik bilimlarni egallagan bo‘lishni, balki ona tiliga cheksiz muhabbat, so‘z qadriga yetish, so‘zning turli ma’no turlanishlarini his qilishni talab etadi.
Yangi darslik o‘quvchida fikrlashni, kelajak hayotida asqotuvchi vosita sifatidagi yangicha munosabatni shakllantiradi. Takomillashtirilayotgan darslikning mazmun-mohiyatidagi o‘zgarishlarni avvalgi darsliklarni yaratishda ko‘p ham e’tibor qaratilmagan mashq va topshiriqlarning jiddiy farqlanishi, lug‘atlar bilan ishlash davomiyligi, didaktik ahamiyatga ega bo‘lgan kichik hajmli rivoyat, hikoyat matnlarining to‘liq holda berilishi, bog‘lanishsiz matnlarda aforizmlar, iboralar, maqollardan keng foydalanilgani bilan izohlash mumkin. Shuningdek, ona tili va adabiyot fanlari orasidagi uyg‘unlikni ta’minlab, boy adabiy merosimizni ongli mushohada etishga ko‘maklashish maqsadida klassik yo‘sindagi matn bilan ishlash yo‘lga qo‘yilgani, uy vazifasidagi topshiriqlarning xilma-xilligi, tilshunoslikka doir kompetensiyaviy bilimlar ifodasining soddaligi, aniqligi, tushunarliligi, asosliligi, har mavzuga doir qoidalarni dalillash uchun tanlangan misollarning muvofiq ekanligini ham ta’kidlash lozim.
Qadrli o‘qituvchi! Sizning chin ma’noda ustoz, muallim bo‘lishingizga, ijodiy yondashib, yosh avlodning barkamol shaxs sifatida voyaga yetishida o‘z bilim va salohiyatingizni ayamasligingizga ishonamiz. Jaloliddin Rumiy o‘zining “Tilshunos va qayiqchi” hikoyatida keltirganidek, o‘quvchingiz umrining eng go‘zal, eng muhim pallasini uning ertangi hayotida asqotmaydigan ma’lumotlar bilan zoye ketkazmaysiz, bil’aks eng foydali, butun umri davomida unga xizmat qiladigan bilim, ko‘nikma va malakalarni berasiz, degan umiddamiz.
G‘ofir HAMROYEV, tc "G‘ofir HAMROYEV," RTM filologiya fanlari bo‘limi boshlig‘i