Maktabda pul yig‘ishga qachon chek qo‘yiladi?
Ba’zida o‘quvchilarning ota-onalari sinfxonani ta’mirlash, kichik jihozlarni sotib olish va bayram tadbirlarini o‘tkazish uchun o‘z ixtiyorlari bilan mablag‘ yig‘adi. Ammo bu to‘lov bora-bora majburiyatga aylanayotgani, o‘quv yili avvalida maktab fondi uchun, yil yakunida ta’mir uchun “yig‘di-yig‘di”larga ulanib ketmoqda. «Sinf fondi», «maktab fondi», «farrosh» uchun o‘quvchidan pul yig‘ish qonunga zid-ku! Nega haligacha ta’lim muassasasidagi pul yig‘imlariga chek qo‘yilmayapti?
Prezidentimizning 2017-yil 24-avgustdagi “O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Ta’lim va tibbiyot muassasalarining moddiy-texnik bazasini rivojlantirish jamg‘armasini tashkil etish to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq tashkil etilgan jamg‘arma umumta’lim muassasalaridagi o‘quv korpuslarini, ustaxona va laboratoriyalar bilan kengaytirish, sport zallari va maydonchalarini barpo etish bo‘yicha ishlarni moliyalashtirish bilan shug‘ullanadi.
Xalq ta’limi vazirligining 2012-yil 26-apreldagi «Umumiy o‘rta ta’lim va o‘quv-yordamchi muassasalarning namunaviy shtatlarini tasdiqlash to‘g‘risida»gi 141-sonli buyrug‘iga asosan, har 350 kvadrat metr tozalanadigan hududga 0,5 stavka farrosh shtati ajratiladi. Bir ta’lim muassasasida 0,5 stavkadan kam bo‘lmasligi zarur.
O‘quv yili davomida qonuniy asosda ixtiyoriy badallardan kelib tushgan — budjetdan tashqari topilgan mablag‘lar kam ta’minlangan oila farzandlariga darsliklar, o‘quv qurollari yetkazib berish, bepul tushlik tashkil qilish kabi maqsadlarga yo‘naltirilishi lozim. Ota-onalar maktab va sinf fondi uchun pul yig‘ib beradi-yu, nima maqsadda sarflanayotganiga qiziqmaydi.
Prezidentimizning 2018-yil 5-sentabrdagi “Xalq ta’limi boshqaruv tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq maktablarda Kuzatuv kengashlari tashkil etish belgilangan. Shu maqsadda Xalq ta’limi vazirligining 2018-yil 26-dekabrdagi buyrug‘iga ko‘ra, umumiy o‘rta ta’lim muassasasining kuzatuv kengashi haqidagi namunaviy nizom tasdiqlandi. Nizomga binoan, Kengash a’zolari yetti kishidan kam bo‘lmagan tarkibda tuziladi. Ular muassasani rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini belgilashi, vaqti-vaqti bilan rahbariyatning mablag‘lardan foydalanish holati yuzasidan hisobotlarini tinglashi, o‘quvchilar va ota-onalarning murojaatlarini ko‘rib chiqishi, budjetdan tashqari va homiylik asosidagi mablag‘lar maqsadli sarflanishida shaffoflikni ta’minlashi lozim.
— Tumanimizda budjetdan tashqari topilgan mablag‘ni taqsimlash bo‘yicha maxsus dastur va kalkulyatsiya sxemasi ishlab chiqildi, — deydi Chilonzor tumani xalq ta’limi bo‘limi huquqshunos-konsultanti Anvar Bozorov. — Hozir loyiha 8 ta maktabda tajriba-sinovdan o‘tkazilyapti. Bu dastur direktorning menejer sifatida faoliyat yuritishiga ko‘mak beradi. Barcha hisob-kitob qonunda ko‘zda tutilgan me’yorlarga asoslanadi, jumladan, bu-djetdan tashqari topilgan malag‘ning 5 foizi davlat g‘aznasiga tushiriladi. Maj-buriy pul yig‘ish va maktabda naqd pul aylanmasi bilan bog‘liq muammo hal etildi. Har bir to‘lov uchun kvitansiya beriladi. Kuzatuv kengashi mablag‘larning sarflanishi bo‘yicha jamoaga hisobot berib boradi.
Afsuski, o‘rganishlar davomida ayrim maktablarda ota-onalardan ixtiyoriy-majburiy tarzda pul yig‘ish holati hamon uchrab turishi ma’lum bo‘ldi.
Yunusobod tumanida istiqomat qilayotgan Munira Abdusalomova (ism-familiyasi o‘zgartirilgan) 257-maktabda ikki nafar farzandi ta’lim olishini ta’kidlab, har oy fond uchun 20 ming so‘m to‘lashini aytdi.
— Ota-onalar o‘zlari ixti-yoriy tarzda fond uchun mablag‘ yig‘ayotgan bo‘lishi mumkin, — deydi maktab direktori Anjelika Islomova. — Ammo bu pullar maktabning hisob raqamiga tushmaydi, nimalarga sarflanishini har bir sinfda tayinlangan ota-onalar qo‘mitasi raisi mustaqil hal qiladi.
— Kuzatuv kengashi faoliyati yo‘lga qo‘yilganmi?
— Yo‘q, hozircha bu kengash tashkil etilgani yo‘q. Endi yig‘ilish o‘tkazib, kengash a’zolarini saylaymiz.
Maktab fondi uchun pul yig‘ilishini inkor etgan direktor sinflardagi yig‘im xarajatlarini ota-onalarning xohishiga yo‘yish bilan gapni qisqa qildi. To‘g‘ri-da, ota-onadan o‘z qo‘li bilan pul olmagandan keyin uning nazoratini ham kimgadir yuklab, vaziyatdan oson chiqish mumkin. Ota-onalar qo‘mitasi barchadan belgilangan mablag‘ni undirishga qodir. Agar pulni o‘qituvchi emas, ota-onalardan biri yig‘sa, o‘quvchilarning uyidagi shart-sharoit, oilasining ijtimoiy ahvoli haqida o‘ylash uchun ma’naviy mas’ullik hech kimning zimmasiga tushmaydi.
Eng yomoni, ota-onani pul to‘lashga majburlashning yo‘llari ko‘p. Masalan, o‘qituvchi pul to‘lamagan o‘quvchini sinf oldida kamsitadi (masalan, «Butun sinf to‘ladiy-u, bitta sen to‘lamading»). Ota-ona pul bermagani uchun o‘quvchiga bosim tushadi. O‘z navbatida, bundan bezgan o‘quvchi ham ota-onasini pul to‘lashga majbur qiladi.
Xuddi shunday noxush vaziyatni Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 120-maktab o‘quvchisining onasi Oqila Fozilova (ism-familiyasi o‘zgartirilgan), Yashnobod tumanidagi 166-maktabda nabirasi ta’lim olayotgan Nodira Jo‘rayeva (ism-familiyasi o‘zgartirilgan) ham ta’kidladi. Ular bayramlardagi “yig‘-yig‘”lardan norozi. Biz tilga olgan maktablarda ikki ming nafarga yaqin va undan ham ziyod bola ta’lim-tarbiya olishini inobatga olsak, bir oyda o‘rtacha 20 million so‘mdan 40 million so‘m-gacha mablag‘ yig‘iladi.
Yashnobod tumanidagi 23-maktabning 5- va 8-sinfida farzandlari ta’lim olayotgan Mahbuba Ubaydullayevaning aytishicha, har ikki sinf uchun ota-onalardan ixtiyoriy ravishda turli miqdorda mablag‘ yig‘iladi, bir sinfdan o‘rtacha 15—18 nafar o‘quvchi fond puli beradi. U sinf ota-onalar qo‘mitasi raisi sifatida daftarga kim qancha berganini yozib boradi, shundan xona uchun kerak bo‘ladigan supurgi, qog‘oz-qalam, chelak, kir yuvish kukuni olinadi. Ba’zan farrosh uchun qo‘shimcha mablag‘ yig‘iladi. Ammo ota-onalar shartnoma tuzish, yig‘ilish bayonnomasini yozish, kuzatuv kengashini xabardor qilish yoki maxsus hisobraqamiga pul o‘tkazish haqida hech bir ma’lumotga ega emas. Yaqinda sinfxonaning pol qismini ta’mirlash uchun ota-onalardan 25 ming so‘mdan yig‘ilgan.
— Maktabimizda to‘rt yil avval qo‘shimcha bino qurilib, o‘quv xonalarimiz ta’mirlangan, — deydi maktab direktori Nozima Roziqova. — Binoning tom qismi, isitish quvurlari, eshik-romlarning holati yaxshi. Ba’zida ota-onalar ko‘magiga tayanamiz. 8-sinf xonasining pol qismida muammo bo‘lgani uchun o‘quvchilarning ota-onalari o‘zaro kelishgan. Muassasamizda o‘tiladigan qo‘shimcha darslar va to‘garaklar hisobidan maxsus hisob-raqamga o‘tgan oyda 400 ming so‘m atrofida mablag‘ tushgan. Odatda, o‘quv yili yakunida bu mablag‘ni maktabning joriy ta’miri uchun sarflaymiz.
Maktab direktoridan kuzatuv kengashi nazorati hamda mablag‘lar bilan bog‘liq ma’lumot so‘raganimizda u aniq izoh ham, hujjat ham taqdim etolmadi.
Yosh avlod kelajagiga davlatimiz ko‘rsatayotgan g‘amxo‘rlik zamirida faqat ularning bilimli bo‘lishi ko‘zda tutilgan. Shunday ekan, eskicha, qarashlar va odatlardan voz kecholmayotgan ayrim rahbar xodimlarning mas’uliyatli bo‘lishini istardik.
Shoira BOYMURODOVA