Qirq yillik qadrdonim
Muallimning oilasida kamol topganimiz uchun badiiy kitob, gazeta-jurnallar yaqin do‘stimizga aylangan. Kechagiday yodimda, yangi imoratga ko‘chib o‘tganimizda ovqatlanadigan, dars qiladigan, dam oladigan bitta xonamiz ta’mirdan chiqqandi. Ovqatlanib bo‘ldikmi, dars qilardik, undan keyin kitob mutolaasi...
Dadamning qo‘lidan gazeta tushmasdi. «O‘qituvchilar gazetasi»ni sonma-son o‘qib, yig‘ib qo‘yardi. Ta’lim tizimidagi yangiliklar, mashhur shaxslarning fikrlari, bolalar psixologiyasiga e’tibor berish kerakligi haqidagi maslahatlari bir etak bolalar tarbiyasi bilan shug‘ullanayotgan onamga oliy maktab vazifasini o‘taganini keyin anglaganman. Dadam gazetani qo‘lga oldimi, demak, zo‘r yangilik bor, deb sog‘inardik va bola ko‘nglimda «men jurnalist bo‘lib shu gazetada ishlayman», deb niyat qilardim.
Qancha suvlar oqib o‘tdi. Dadamdan juda erta ayrildik. Jurnalist bo‘lish orzum armonga aylandi. Ota kasbini davom ettirib, kam bo‘lmadik. Oilada yetti farzand o‘qituvchilik qilamiz. Hozir ham “Ma’rifat” biz uchun aziz. Muallimlik — qismatim, vujudimga qon bilan kirgan. Maktabsiz, o‘quvchilarsiz hayotimni tasavvur etolmayman. O‘z farzandingizdek bo‘lib qolgan o‘quvchilaringiz yutuqlaridan shodlansangiz, kamchiliklarini o‘z onasiday mehr bilan boshini silab to‘g‘rilashga hissa qo‘shganingizdan ruh olarkansiz.
Maktabimizga minnatdorlik maktublari tez-tez kelib turadi. Har safar allanima tomog‘imga tiqilib, yuzlarimni sevinch yoshlari silab o‘tadi. Bu safar juda boshqacha bo‘ldim. Toshkent harbiy garnizonida faoliyat yuritayotgan Dilshod Mahmudov ismli o‘quvchim(boshlang‘ich sinfda o‘qitganman) harbiy oilalar o‘rtasida o‘tkazilgan tanlovning respublika bosqichida birinchi o‘rinni qo‘lga kiritibdi. Oliy harbiy o‘quv yurtlaridan birida tahsil olayotgan o‘quvchim Salohiddin Solixonov bilimdonlik tanlovida birinchi o‘rinni olgani uchun berilgan medal ko‘ksiga biram yarashgan. Yaqinda u maktabimizga kelib, o‘quvchilar bilan uchrashuv o‘tkazdi. Vatanparvar er yigitlar yurtning kelajagi ekanligi haqida suhbatlashdik. Ulug‘bek Amirov uchun kelgan tashakkurnoma jamoamizni quvontirdi. Goho kuyinib, goho suyunib yozganlarimni gazetada o‘qish menday oddiy muallim uchun sharaf. Qirq yillik qadrdonimga aylangan, menga juda aziz bo‘lgan «Ma’rifat» gazetasi orqali ko‘plab ijodkor muallimlar bilan do‘st tutindim, ish tajribalarini o‘rgandim, ularga havas qildim. «Ma’rifat»chilar akam, ukam, opam, singlimday aziz insonlarga aylandi.
Aziza BOYMURODOVA, Kattaqo‘rg‘on tumanidagi 28-maktab direktori