E’tibordan chetda qolayotgan muammo
Tarix fani raqamlar, sanalar, tarixiy shaxs, joy va atamalarga asoslanadi. Bitta raqam yoki harf o‘zgarib qolsa, butun bir o‘tmish o‘zgarib ketadi.
Masalan, 8-sinf “O‘zbekiston tarixi” darsligining 32-betida Hofiz Tanish Buxoriy “Abdullanoma”, “Sharhnomayi shohiy” asarlarining muallifi ekanligi haqida ma’lumot keltirilgan. Ammo tarixiy manbalardan bilamizki, “Abdullanoma” asari “Sharafnomayi shohiy” nomi bilan ham atalgan. Darslikning 115-betida Qo‘qon xonligi 1710-yilda tashkil topgan, deyilgan. 117-betda esa bu sana 1709-yil deb ko‘rsatilgan. Eron-Rossiya urushi (90-bet) haqida ham xuddi shunday xatolikka yo‘l qo‘yilgan. Darslikda mazkur urush 1826-1829-yillarda sodir bo‘lgan, deya yozilgan. 8-sinf “Jahon tarixi” darsligida esa 1826-1828-yillar ko‘rsatilgan. 9-sinf “Jahon tarixi” darsligining 27-betida Fransiya Tunisni 1881-yilda bosib olgani, 119-betda esa Tunisda Fransiya hukmronligi 1883-yilda o‘rnatilgani bayon etilgan. 9-sinf “O‘zbekiston tarixi” darsligining 8-betida Buxoro amirligida mang‘itlar sulolasining hukmronligi boshlanishi 1756-yil deb yozilgan. 8-sinf “O‘zbekiston tarixi” darsligida bu sulolaning hokimiyat tepasiga kelishi 1753-yil deb qayd etilgan.
Bugun fan o‘qituvchilarining samarali faoliyat olib borishiga to‘siq bo‘layotgan yana bir muammo — mavzuviy xarita va atlaslarning yo‘qligi. Ularsiz tarixiy davlatlar, joylar, shaharlar va ularning hududi to‘g‘risida o‘quvchilarga batafsil tushuncha berish mushkul.
Usmonjon HAYDAROV, Buxoro tumanidagi 13-IDUMI o‘qituvchisi