...Kaltakni yetim yeydimi?
Gazetamizning 2019-yil 2-fevral sonida chop etilgan “Bolalar sovuq xonalarda o‘qimoqda” sarlavhali maqolaga Qashqadaryo viloyati xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i v.v.b. M.Panjiyev imzosi bilan javob xati keldi. Unda ta’kidlanishicha, joriy yilning 5-fevral kuni boshqarma boshlig‘I huzurida boshqarma xodimlari, tuman(shahar) xalq ta’limi bo‘limi mudirlari ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tgan.
Viloyat xalq ta’limi boshqarmasining tanqidiy maqolaga e’tiborsiz bo‘lmay, maktablardagi mavjud kamchiliklarni o‘z vaqtida bartaraf etishga intilgani quvonarli. Ammo javob xati bilan tanishib, yig‘ilish ishtirokchilari qabul qilgan ayrim qarorlardan taajjubga tushdik.
Maqolada Nishon tumanidagi 23- va 24-maktablarda qishga tayyorgarlik ishlari sust olib borilgani tanqid qilingan va bunga aybdorlar aniq ko‘rsatilgan bo‘lsa-da, muammoni hal etish bo‘yicha hech qanday vakolati yo‘q bo‘lgan beayb xodimlar ham jazolangan. 24-maktab direktorining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Rahmatilla Qilichev aytganidek, maktabdagi 6 ta qozonxonaning atigi 1 tasi ishlaydi. Bunga ta’mirlash ishlari nomigagina bajarilgani sabab qilib ko‘rsatilgan. Afsuski, “Holvani hokim yeydi, kaltakni yetim”, deganlaridek, xalq ta’limi boshqarmasi maktab direktorining o‘rinbosari R.Qilichev va xo‘jalik ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Sh.Jabborovga oylik ish haqining 30 foizi miqdorida jarima, 9-“B” sinf rahbari O‘.Boyqo‘ziyev, 8-“B” sinf rahbari O.Salomov va 11-“A” sinf rahbari Sh.Alimovga “Hayfsan” intizomiy jazo chorasini qo‘llagan.
23-maktab direktori Chori Jabborov ham “2-son Kompleks Loyiha Qurilish” MChJ tomonidan ta’mirlash ishlari chala bajarilganini, garchi bundan norozi bo‘lsa-da, hech kim uni tinglamaganini, qabul qilish va topshirish hujjatiga qistov yo‘li bilan imzo chektirishganini ta’kidlagan bo‘lsa-da, boshqarma yig‘ilishida maktabning xo‘jalik ishlari bo‘yicha o‘rinbosari H.Rahmonqulov va kutubxonachi E.Esanovga nisbatan “Hayfsan” intizomiy jazo chorasi belgilangan.
Aslida boshqarma ta’lim muassasalaridagi vaziyatni jiddiy o‘rganishi, o‘qituvchi va o‘quvchilarning huquqlarini himoya qilishi, kerak bo‘lsa, haqiqiy aybdorlar qonun oldida javob berishi lozim edi. Taassufki, ta’lim muassasalaridagi kamchiliklarga mutasaddilarning e’tiborini qaratish, ta’lim-tarbiya sifatini yuksaltirish maqsadida “Ma’rifat” muxbiriga ma’lumot bergan o‘qituvchi-xodimlar jazoga mahkum bo‘lmoqda. Bu holat boshqa tuman(shahar) xalq ta’limi bo‘limlari, maktab mutasaddilari va o‘qituvchilarga “saboq” bo‘lishi, endi ular maktabidagi kamchiliklarni, garchand bu muammolar o‘quv-tarbiya sifatiga salbiy ta’sir etayotgan bo‘lsa-da, hech kimga oshkor etmaslikka tirishishi mumkin.