Fanlarni tabaqalashtirib o‘qitishga tayyormizmi?
Gazetamizning 2018-yil 15-dekabr sonida psixologiya fanlari nomzodi Mahmud Yo‘ldoshevning “Ta’limga takliflarim” sarlavhali maqolasi chop etildi. Maqolada muallifning xalq ta’limi tizimini isloh qilish borasidagi takliflari o‘z aksini topgan. Xususan, muallif muqobil darsliklarni joriy etish, fanlarni tabaqalashtirib o‘qitish, iqtidorli bolalar uchun eksternat tizimini joriy etish, boshlang‘ich sinf o‘quvchilarining bilimini baholashdan voz kechish, o‘quvchilarni maktabga 6 yoshdan qabul qilish, ta’limga elektron darsliklarni imkon qadar tezroq joriy etishni taklif qilgan. Maqola telegram tarmog‘idagi “Ma’rifat mushtariylari” guruhimizda qizg‘in muhokamaga sabab bo‘ldi.
Yulduz G‘OFUROVNA:
— Maktabda fanlarni tabaqalashtirib o‘qitishni ma’qullayman. Sababi, o‘quvchilar layoqatini e’tiborga olish — asosiy masala. Maktabga kelgan bolani hech bo‘lmaganda suhbatdan o‘tkazib sinfga ajratsak, samaradorlik yanada yuqori bo‘ladi. O‘qishga qiynaladigan o‘quvchilar bilan yengilroq dastur asosida ishlash tarafdoriman. O‘zimizni qiynab, standartni bajaramiz, deb turli toifadagi bolalarni tenglashtirishga harakat qilamiz. Agar o‘quvchi 1-2 yil o‘qib o‘zgarsa, hamma qatori sinfga o‘tkazilaveradi. Bunday sinflarga qo‘shimcha dars qo‘yib, ular bilan shug‘ullanilsa, menimcha, o‘zgarish bo‘ladi. Biz ko‘pincha yaxshi o‘zlashtiruvchilarni ixtisoslash-tirish haqida o‘ylaymiz. Aslida aksincha bo‘lishi kerakmasmi? Bo‘sh o‘zlashtiruvchi o‘quvchilardan tuzilgan sinfga tajribali o‘qituvchilar dars bersa, nur ustiga nur bo‘lardi. 6-sinfda o‘quvchilar ancha saralanib qolar edi. O‘zlashtirishda qiynalib, oddiy sinfga o‘tolmaganlarni hunar o‘rgatadigan maktablarga berish lozim. Ularni qiynab, to‘g‘ri yozish, hisoblash, nutq malakasini shakllantirish o‘rniga kasb-hunar o‘rgatsak, samara ko‘proq bo‘ladi. Aslida bunday sinfda ishlagan o‘qituvchiga ustama haq qo‘shib berish kerak. Axir, qobiliyatlilar bilan ishlash ancha oson-ku.
Fotima KARIMOVA:
— Bolaning iqtidori 2-sinfdan keyin yuzaga chiqadi. Shu davrdan ularga fanlarni tabaqalashtirib o‘rgatish maqsadga muvofiq. Chunki 2-sinfda bola barcha fanlardan bilim va ko‘nikmaga ega bo‘ladi. O‘quvchining o‘z qobiliyati va bilimiga tayangan holda o‘zi yoqtirgan fanga qiziqishi ortadi va unda ishtiyoq kuchayadi. Qolaversa, bu kabi sinflarga o‘sha fanlar bo‘yicha ham ko‘proq soat ajratish kerak. Qisqasi, o‘quvchini 5-sinfdan fanlar bo‘yicha tabaqalashtirib o‘qitishni ma’qullayman.
Chunki farzandimizning aniq fanlarga qiziqishi bo‘lmasa, uni majburlab o‘qitishimizdan nima naf? Bu uchun parallel sinflarni ijtimoiy, aniq, tabiiy, estetik hamda filologiya fan yo‘nalishlari asosida hosil qilish kerak. Amalda esa chuqurlashtirib o‘qitilayotgan sinflar korrupsiyaning iniga aylangan.
Mahmuda VALIYEVA:
— Maktabda ayrim fanlardan chuqurlashtirilgan sinflarni tashkil etish to‘g‘ri emas. Bu kim uchundir foydali, ammo qolganlar uchun azob. Hamma ota-ona ham ayrim fanlar chuqurlashtirib o‘qitiladigan sinfda farzandini o‘qitishni xohlaydi. 1990-yilda maktabimizda tajriba tarzida suxandonlik sinfini ochganmiz. 154 nafar o‘quvchini saralab, ona tili va adabiyot, matematika sinfini tashkil etganmiz. Har ikkala sinfga 7 yil rahbarlik qilib, qiynalmaganman. Negaki, chuqurlashtirilgan bu ikki sinfdagi 50 nafar o‘quvchi qiziqishi bo‘yicha a’lo bahoga o‘qirdi, ota-onalari ham doim yordamga tayyor. Majlislarda to‘liq qatnashar, farzandiga barcha kerakli badiiy adabiyotlarni olib berardi. Natijada bilimli, mustaqil fikrlaydigan o‘quvchilar ko‘paygan. Ammo qolgan 3 ta sinf o‘quvchilari ulardan ortda qolgan. Bundan ko‘pchilik ota-onalar norozi bo‘lgan. Fikrimcha, iqtidorli o‘quvchilarni ixtisoslashtirilgan maktabga berish kerak. Umumta’lim maktablarida esa fanlarni tabaqalashtirish yaxshi natija bermaydi.
Bolani 6 yoshdan maktabga berishga qarshiman. Chunki bola a’lo bahoga o‘qishi mumkin, lekin charchab qoladi. Ular kunduzi 1-2 soat uxlab, turli to‘garaklarga borgani ma’qul. Hozir boshlang‘ich sinf o‘quvchilari 6 kunlik o‘qishni 5 kunda o‘qishyapti. Darsdan keyin yana qolib guruhda shug‘ullanadi, uyga kelguncha soat 13:30 bo‘ladi. Keyin gimnastika yoki futbol mashg‘ulotlariga boradi. Qarabsizki, bola charchaydi.
Qolaversa, muallifning boshlang‘ich sinflarda baholash tizimidan voz kechish haqidagi fikrini yoqlab bo‘lmaydi. Bunga ota-onalar hali tayyor emas, chunki farzandidan har kuni necha baho olding, deb so‘rashadi. O‘qituvchiga ustama belgilashda o‘quvchilarning o‘zlashtirishi, monitoring natijalari ham hisobga olinadi. 1-sinfda yanvargacha baho qo‘yilmaydi, shuning o‘zi yetarli, aslida. Biz bahoga o‘rganganmiz, buni o‘zgartirish biroz qiyin masala.
Ravshan MATMUSAYEV:
— Umumta’lim maktablarini sohalar bo‘yicha ixtisoslashtirgan ma’qul. Aytaylik, har bir tumanda aholi soniga qarab, biror sohaga ixtisoslashtirilgan maktab ochilsa, ota-onalarda tanlov imkoniyati paydo bo‘ladi. O‘quv yili oxirida o‘zlashtirish darajasiga qarab, o‘quvchilarni qayta sinflarga ajratsa ham bo‘ladi. O‘quvchilarning yaxshi sinfga o‘taman, degan maqsadi ortida sog‘lom raqobat yuzaga keladi. Lekin hamma sinflarda bir xil dastur va tizimda dars o‘tilishi kerak.
6 yoshdan qabul tartibiga to‘xtaladigan bo‘lsam, Yaponiyada boshlang‘ich ta’limga o‘quvchilar erta yoshdan va imtihonlarsiz qabul qilinadi. Ularga ma’lum sinfgacha tabiatga, jamiyatga, kattalarga hurmat va barcha narsani qadrlash o‘rgatiladi. Keyingi bosqichlarda fanlarga o‘tiladi. Bir jamiyatni misol qilib ikkinchisini ham shu yo‘ldan yurishga undash to‘g‘ri emas, baribir andoza original bo‘lishi kerak. Shuning uchun ham O‘zbekiston ta’lim tizimida o‘z yo‘nalishini yaratishi kerak. Masalan, o‘quvchilarimizga o‘zbek madaniyati, mentaliteti haqida darslar qo‘yilsa, hadislar o‘rgatilsa ham yaxshi bo‘lardi…
Isroil TILLABOYEV:
— Fanlarni tabaqalashtirib o‘qitish zo‘r taklif, lekin jamiyatimiz bunga tayyormikan?! O‘quvchi hamma fanlarni minimal darajada egallagandan ko‘ra, qiziqqan fanini chuqurroq o‘rganishi yaxshi. Lekin 6-7-sinf bolasi o‘z imkoniyatini o‘sha davrda anglarmikan yoki buni aniqlab bera oladigan kuchli psixologlarimiz yetarlimi?! Keyingi muammo — o‘quvchini iqtisod yoki ijtimoiy, filologiya, gumanitar fanlar yo‘nalishlariga ajratish oson, lekin sartarosh, duradgor bo‘lishga qiziqqanlar, ya’ni oliy o‘quv yurtida o‘qish niyati yo‘qlar nima qiladi, qaysi yo‘nalishni tanlaydi? Menimcha, buning 2 yo‘li bor. Birinchisi, hozir tayyor tajriba va amaldagi IDUMIlarimizni ko‘paytirish va yo‘nalishlarga qamrovni oshirish. Masalan, men ishlaydigan 65-IDUMIga har yili 350—400 bola imtihon topshiradi, ammo 60 nafari qabul qilinadi. Demak, o‘rinni 5-6 barobar kengaytirish va umumiy o‘rta ta’limni parallel ravishda olib ketish lozim. Ikkinchidan, muallif aytganidek, hammani 7-sinfdan ixtisoslashtiradigan bo‘lsak, kasb-hunarga qiziquvchilar uchun ham alohida yo‘nalishlar tashkil qilish kerak.
Poytaxtdan salom:
— Fanlarni tabaqalashtirish deganda muallif o‘quvchilarni qiziqishiga qarab sinflarga ajratishni nazarda tutgan. Masalan, matematikadan bilimi sayoz o‘quvchi ona tilidan yaxshi o‘qishi yoki estetik fanlardan qobiliyatli bo‘lishi mumkin. Achinarlisi, ba’zi ota-onalar garchi farzandi zoologiya, biologiya, geografiya kabi fanlarga qiziqsa-da, chet tilini yaxshi o‘zlashtirib, diplomat bo‘ladi, deb bolasini chet tiliga ixtisoslashtirilgan maktablarga joylayapti. Vaholanki, bunday bolalardan kelajakda zo‘r veterinar yoki zootexnik chiqishi mumkin. Biz yangi rivojlanish ostonasidamiz. Hali shu kabi ish o‘rinlari uchun ham raqobat oshib ketadi. Bizning o‘quvchilar maktabni barcha fanlar bo‘yicha o‘rtamiyona bilimga ega bo‘lib bitiradi. E’tiroz bildirishga shoshilmang! Xalqaro fan olimpiadalari g‘oliblari ixtisoslashtirilgan maktab yoki litseylarda o‘qigan. Ba’zan maktablardan biror fanni puxta biladiganlar ham chiqib qoladi. Ammo surishtirsangiz, yo ota-onasi o‘sha fandan dars beradi, yoki fidoyi o‘qituvchisi darsdan keyin qo‘shimcha o‘qitgan bo‘lib chiqadi.
Guli 0505:
— Maktabimizda o‘quvchilar 2-sinfdan chuqurlashtirilgan sinflarga ajratiladi. Bundan ko‘pchilik ota-onalar norozi bo‘lardi. Chunki bir yil davomida bola sinfdoshlariga, o‘qituvchisiga ancha ko‘nikib qoladi. Keyingi yili yana yangi sinfga o‘tish bolani biroz qiynab qo‘yadi. Rahbariyat bilan kelishgan holda o‘tgan o‘quv yilida 1-sinflarni imtihon orqali saralab oldik. 86 dan yuqori ball to‘plaganlar bitta sinf, 72 baldan balandlari bitta sinf, qolganlari ham bitta sinf bo‘ldi. Bu tizimdan ota-onalarning ham ko‘ngli to‘ldi. Hozir darslar ham shunga yarasha olib borilyapti. Yuqori ball to‘plagan sinflarga o‘z ustida ishlaydigan, kuchli o‘qituvchilar dars bermoqda.
Maqolada yana bir dolzarb mavzu — bolani 6 yoshdan maktabga qabul qilish haqida so‘z boradi. Buning uchun, avvalo, darsliklarni soddalashtirish kerak. Chunki boshlang‘ich ta’lim darsliklari murakkab.
BOBOJONOVA:
— Boshlang‘ich sinflarda o‘quvchilar bilimini baholashdan voz kechish taklifi menga ma’qul bo‘ldi. Haqiqatan ham, boshlang‘ich sinfda bolani mustaqil fikrlashga, izlanuvchanlikka o‘rgatish juda muhim. Buning isbotini rivojlangan davlatlar misolida ko‘ryapmiz. Ta’limdagi asosiy maqsadimiz — bilim berish bilan birga, harakat qilish, izlanishga o‘rgatish bo‘lmog‘i lozim.
Gulchehra Ashurova:
— Maktablarda o‘quvchilarning ota-onasi haqidagi ma’lumotlarni yig‘ishni, ulardan foydalanishni man etish maktab va ota-ona hamkorligini yo‘qqa chiqarishi mumkin. Muallif bu bilan mahalliychilik va korrupsiyaning oldini olish mumkinligini aytgan. Tog‘ri, bu kabi illatlarning oldini olish mumkindir, ammo ota-onalar ham farzandining maktabdagi hayoti, faoliyatidan boxabar bo‘lib turishi kerak-ku! Qolaversa, muallif aytganidek, boshlang‘ich sinflarni baholashdan voz kechish ham o‘zini oqlamaydi. Baholash orqali tabiatan hissiyotlarga beriluvchan, maqtov va rag‘batga o‘ch bolakaylarning o‘qishga, bilim olishga ishtiyoqini yanada orttirish mumkin-da. Bunda sog‘lom raqobat muhiti ham yuzaga keladi.
“Ma’rifat” muxbiri Niginabonu SHUKUROVA tayyorladi.