Qo‘shrabotlik o‘qituvchilar nimadan norozi?
Maktabimizda bo‘sh ish o‘rni bor edi. Qo‘shni maktabda ishlovchi tanishimni o‘rindoshlik asosida ishga taklif etdim. Ammo u mehnatiga yarasha moddiy rag‘bat ololmasligini ro‘kach qilib, taklifimga rozi bo‘lmadi. Uni tushundim. Chunki moddiy rag‘bat inson mehnatini qadrlashning eng muhim mezoni hisoblanadi. O‘rindoshlik asosida dars berish muammosi bir necha yillardan beri Qo‘shrabot tumanidagi xalq ta’limi xodimlarini qiynab keladi. Boisi, o‘zga maktabdan taklif etilgan o‘qituvchilarga soatbay-o‘rindoshlik asosida haq to‘lanishidir.
Vaholanki, Xalq ta’limi vazirligining rejasi va moliya boshqarmasi boshlig‘i Sh.G‘ulomov tomonidan imzolangan va mening nomimga 2000-yil 6-yanvarda jo‘natilgan x/2t3 raqamli xatda maktab rahbarlariga 10 soatgacha dars berish mumkinligi va “Amaldagi o‘rindoshlik haqidagi qonun va yuqoridagi (1991-yil 2-dekabr 03-1140-sonli) ko‘rsatmaning 11-bandiga asosan, shu o‘quv muassasasining o‘zida rahbar va boshqa xodimlar o‘zining asosiy ishidan tashqari dars berishi o‘rindoshlik hisoblanmaydi”, deya qayd qilingan.
Lekin keyingi yillarda bu tartib mutlaqo o‘zgarib ketdi.
Eng achinarlisi, soatbay-o‘rindoshlik asosida ishlayotgan rahbarlarga ham, o‘qituvchilarga ham, garchand u asosiy o‘qituvchi bilan bir xil vazifani bajarsa-da, kuzgi, qishki, bahorgi ta’til kunlari uchun ish haqi, shuningdek, o‘tgan dars soatlari uchun yozgi ta’til puli to‘lanmaydi. E’tiroz bildirilsa, javob bir xil — sizlarga soatbay-o‘rindoshlik asosida oy davomida to‘lanayotgan summaga ta’til puli qo‘shilgan, shu bois, ta’til puli berilmaydi.
Biroq Xalq ta’limi vaziri Sh.Shermatov hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Sh.Kudbiyevning 2018-yil 27- iyuldagi 9-mx va 19 k/k sonli qarori bilan tasdiqlangan “Umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining pedagogik mutaxassisliklari bo‘yicha namunaviy yillik ish rejasini shakllantirish tartibi to‘g‘risida”gi yo‘riqnomaning 4-bob 17-moddasida “o‘rindoshlik va soatbay asosida dars berayotgan, ishda vaqtincha bo‘lmagan xodimning mehnat vazifalarini o‘zining asosiy ishi bilan birgalikda qo‘shimcha ravishda bajarayotgan pedagog xodimlarga o‘quv-tarbiya jarayoni bilan birgalikda unga mos koeffitsiyentdagi o‘quv-tarbiya jarayonining metodik ta’minoti va tashkiliy-pedagogik jarayon uchun ajratilgan soatlarga ham haq to‘lanadi”, deb qayd etilgan. Ammo hanuz Qo‘shrabot tumani xalq ta’limi va moliya bo‘limi mas’ullari pedagoglarga eskicha uslubda haq to‘lamoqda.
Aytaylik, 2-toifali yuqori sinf o‘qituvchisiga 10 soat dars berilgan. 2019-yil 18-yanvardan uning bazaviy tarif stavkasi asosiy ish joyida 1807614 so‘mni tashkil etyapti. Unga o‘quv jarayoni uchun bir oyda 502115 so‘m, pedagogik faoliyati uchun 401692 so‘m haq to‘lanadi. 10 soatlik darsi uchun oylik maoshi 903807 so‘mni tashkil etadi. 9 oy davomida (sentabr—may) taxminan 8134263 so‘m ish haqi oladi va bunga 48 kunlik mehnat ta’tili uchun to‘lanadigan 1707981 so‘mni qo‘shib hisoblaganda taxminan 9842244 so‘m bo‘ladi.
Endi yuqori sinfda soatbay, o‘rindoshlik asosida 10 soat dars beradigan 2-toifali o‘qituvchining ish haqini hisoblab chiqamiz.
Uning bir haftalik soatbay ish haqi 18929,12 so‘m qilib belgilangan. Bir oylik maoshi 813953 so‘m. Bu esa asosiy o‘qituvchining bir oylik ish haqidan 89854 so‘m kam. Tabiiyki, u asosiy o‘qituvchi bilan bir xil vazifani bajarayotgan bo‘lsa ham, kuzgi, qishki, bahorgi ta’til kunlari uchun haq to‘lanmaydi. 9 oy (sentabr — may) davomida 6460356 so‘m ish haqi oladi. Unga o‘tgan dars soatlari uchun ta’til puli ham to‘lanmaydi. Endi yuqoridagi ikki holatni solishtirib ko‘ramiz. Asosiy ish joyida 10 soat dars bilan ta’minlangan 2-toifali yuqori sinf o‘qituvchisi bilan bir xil vazifani bajargan, ammo o‘rindoshlik asosida 10 soat dars bilan ta’minlangan yuqori sinf o‘qituvchisining oylik maoshi 3381888 so‘m kam. Bu yerda adolat qani? Axir, bu o‘qituvchining haqiga xiyonat emasmi?
Endi tushungandirsiz, nima uchun Qo‘shrabot tumanida o‘qituvchilar soatbay-o‘rindosh asosida ishlashdan bosh tortishayotganini?!
Omon HAYITOV, Qo‘shrabot tumanidagi 21-maktab o‘qituvchisi