Zominlik o‘qituvchilar maoshi nega kechikyapti?
Tahririyatimizga Bahodir Nosirov (muallifning talabi bilan ism-familiyasi o‘zgartirildi) Zomin tumani o‘qituvchilari nomidan murojaat qilib, pedagoglar dekabr oyi uchun ish haqining naqdlashtirilgan qismini yanvar oyining yarmida ham ololmayotganini aytgan edi.
— Prezidentimizning 2017-yil 2-fevraldagi “Ish haqi, pensiya, nafaqa va stipendiyalarni to‘lash mexanizmini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, tumanimiz ish haqini naqd pul shaklida oladigan 58 ta tog‘li va olis tuman ro‘yxatiga kiritilgan. Amalda nafaqat bizga, balki boshqa ko‘plab maktablarga naqd pul o‘z vaqtida kelmaydi. Shu sababli aksariyat o‘qituvchilar maoshining 50 foizini plastik kartochka orqali olishga ariza bergan. Maktabimiz kam o‘rinli bo‘lgani uchun 15 nafar pedagog faoliyat yuritadi. 80 foizi erkak o‘qituvchilar. Ta’lim muassasalariga erkak o‘qituvchilarni jalb qilish dolzarb bo‘lib turgan bir vaqtda jamoamizdagi erkaklar tang ahvolda ishlayapti. Bu masalada tumanimizdagi o‘qituvchilar Prezident virtual qabulxonasiga ham murojaat qildi. O‘zim ham dastlab Xalq ta’limi vazirligining ishonch telefoniga — 1006 raqamiga qo‘ng‘iroq qildim. Afsuski, vazirlik mutaxassisi “Bu masalani biz ko‘rib chiqmaymiz”, deb javob berdi. Shundan so‘ng, vazirning birinchi o‘rinbosari Alisher Umarov bilan bog‘lanib, yordam so‘radim. Vazir o‘rinbosari yordam berishini aytib, ko‘nglimni ko‘tardi. Ammo bular shunchaki va’da bo‘lib qoldi. Maoshni haliyam kutyapmiz.
B.Nosirov tahririyatimizga shu yil 15-yanvar kuni murojaat qilgandi. Ma’lum bo‘lishicha, 19-yanvar kuni dekabr oyi uchun ish haqining naqd pul ko‘rinishidagi qismi o‘qituvchilarning qo‘liga tekkan.
Kuni kecha muallim yana qo‘ng‘iroq qilib, shikoyatdan keyin ham yanvar oyi uchun ish haqi kechikayotganini afsus bilan ma’lum qildi.
— Bugun 13-fevral, — deydi o‘qituvchi. — Biz esa o‘tgan oy uchun ish haqini olganimiz yo‘q. Hisobchidan buning sababini so‘rasak, “naqd pul yo‘q”, deb javob beryapti. Prezident qaroriga binoan oylik maoshimizni 27-28-sanada, qolaversa, maktabimiz tog‘li hududda joylashgani bois, 100 foiz naqd shaklda olishimiz kerak edi. Ammo amalda Prezident qarori bajarilmayotgani ustozlarning ishchanlik kayfiyatini tushiryapti. Eng yomoni, ularda islohotlarga ishonchsizlik kayfiyati uyg‘onmoqda. Ayniqsa, erkak o‘qituvchilarning maktabdan ko‘ngli soviyapti. Mart oyida attestatsiyadan o‘tishim kerak. Hatto attestatsiya uchun pul to‘lashga ham mablag‘ topolmayapman.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda plastik kartochkadagi pullarni naqdlashtirish tizimi yanada takomillashtirildi. Ko‘plab savdo majmualari, bozorlar, bank muassasalarida bankomatlar xizmati yo‘lga qo‘yildi. Shuni hisobga olib, o‘qituvchidan oylik maoshni 100 foiz bank plastik kartasiga o‘tkazdirib olsangiz, naqdlashtirish muammo emas-ku, deb so‘radik.
— Ehtimol, poytaxtda shundaydir, — dedi muallim. — Bizda esa bankomat faqat “Agrobank” binosida joylashgan. Odam ko‘pligidan naqdlashtirish uchun kechgacha “sarg‘ayib” o‘tirish kerak. O‘qituvchida bunga vaqt bormi?! Qolaversa, u yerda bir kunda faqat 200 ming so‘m yechib olishga ruxsat beriladi...
O‘qituvchi ism-familiyasini oshkor etmasligining sababini ham izohlab, maktab rahbarini hurmat qilishini, ochiq shikoyat tufayli ayrim mutasaddilar direktorga yoki o‘qituvchilarga bosim o‘tkazmasligi uchun shunday yo‘l tutayotganini tushuntirdi.
— Bunday shikoyatlar ko‘pincha o‘qituvchining muammosini hal qilishga emas, kaltak yana o‘zining boshida sinishiga sabab bo‘ladi, — dedi pedagog.
Tahririyatdan: Ushbu muammo yuzasidan Xalq ta’limi vazirligi, Jizzax viloyat xalq ta’limi boshqarmasi mutasaddilaridan javob kutib qolamiz. Zero, zominlik muallimlar bu muammo hal etilishini umid bilan kutishyapti.
Zilola MADATOVA,
“Ma’rifat” muxbiri