Tilingizni qarg‘a cho‘qiganmi?..
Bugun 21-oktabr, ya’ni O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kun bo‘lmasa-da, o‘zbek bo‘la turib, xususiy telekanallardan birida boshlovchi savollariga rus tilida javob qaytarayotgan, “yorqin yulduz”, deya ulug‘lanadigan taniqli xonandani ko‘rganimdagi achinish hissi natijasida qalb amri ila qog‘ozga tushgan fikrlarim ifodasi bu.
O‘tgan yili til bayrami arafasida “Yoshlar” telekanalida efirga uzatilgan ko‘rsatuv yodimga tushdi. Unda O‘zbekistonda yashayotgan xorijlik talabalarning o‘zbek tilida biyron gapirayotganini ko‘rib, ko‘zimga yosh kelgandi. Nari borsa, ularning ona tilimizni o‘rganayotganiga 5-6 oy bo‘lgan. Undan ko‘p emas. Lekin shu qadar faxr va g‘urur bilan gapirishdiki, nazarimda, o‘zbek tilini o‘z ona tili kabi yaxshi ko‘rib qolgan bo‘lsa, ajabmas. Ayniqsa, rus yigiti Navoiy g‘azallarini mehr bilan yoddan o‘qiganda, ota-onasiga ming rahmat aytdim. Axir, o‘zbek millati, uning tili va adabiyotiga xorijlik bir yigitning hurmati bo‘lsa, shunchalik bo‘lar.
Bundaylarni ko‘rib o‘n qarich o‘ssak, o‘zbek tilida gapira olmaydigan, lekin shu tilda qo‘shiq kuylab, non topadigan, mashhur “yulduz”larning ahvolini ko‘rganda ming qarich yerga kiramiz. Ularga birgina savol bera olaman: tilingizni qarg‘a cho‘qiganmi? Nega o‘zbek tilida gapira olmaysiz?..
Davlat va millat tilida gaplash!
Biz bag‘rikeng, mehnatsevar va mehmondo‘st xalqmiz. Bu ulug‘ fazilat, albatta. Eng og‘ir damlarda yurtimizga deportatsiya qilingan ko‘plab millat vakillariga issiq joy, non va boshpana berganmiz. Ammo hech qachon ta’na qilmaganmiz. Haligacha ularni o‘z qardoshimiz bilib kelamiz. Bunga javoban ular ham hamisha o‘zbek xalqiga o‘z hurmatini izhor etib kelgan. Misol uchun, Koreys milliy madaniyat markazlari assotsiatsiyasi rahbari, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Viktor Pak har doim o‘zbek tilida intervyu beradi. Unga oq sut bergan To‘xtaxon aya va bag‘rikeng o‘zbek xalqi haqida to‘lqinlanib gapiradi. Garchi bunga uni hech kim majbur qilmasa ham. Margarita Kimni aytmaysizmi, o‘zbekcha qo‘shiqlarni shu qadar mahorat bilan ijro etmoqdaki, bexosdan qoyil deb yuborasiz.
Tilga hurmati yo‘qning — elga hurmati yo‘q
Yaqinda ko‘rsatuvlarimning biriga boshqird millatiga mansub shoira Minsulu Kuliyevani taklif etdim. Uning o‘zbek tilida chiroyli so‘zlashi va ona tilimizga hurmatidan qattiq ta’sirlandim va quyidagi she’rni qoraladim:
O‘zbek tilim, go‘zal tilim,
Go‘zallardan o‘zar tilim.
So‘zlaganda so‘zlarimni
Ma’no bilan bezar tilim.
O‘zbek tilim, chevar tilim,
Yosh-u qari sevar tilim.
O‘z tilimda so‘zlaganda,
Ochiladi bahridilim.
O‘zbek tilim, bulbul tilim,
Senga oshiq ko‘ngil, tilim.
O‘zbek degan millat ori,
Qaddi baland, mag‘rur tilim.
Boringga ming shukr aytgum,
Sen bor manqurtlikdan qaytgum.
Toki tanda jon bor ekan,
Hali qancha ash’or bitgum.
Axir, shunday go‘zal til bilan faxrlanmay, uni sevmay bo‘ladimi?! Minsulu opaning “Inson qaysi davlatda yashasa, davlat tilini bilishi va hurmat qilishi shart!” degan so‘zlaridan unga bo‘lgan mehrim yanada ortdi. Dunyoda tillar ko‘p. Ammo hammasi ham davlat tili maqomiga ega emas. Zero, har bir millat o‘z davlat gerbi, bayrog‘i va tiliga ega bo‘lishi uchun, kezi kelsa, qon to‘kishga majbur bo‘ladi. Bundan ko‘rinib turibdiki, davlat tilini nafaqat hurmat qilish, balki uni yaxshi bilish shart.
Ona tilisiz biz kimmiz?
Bu savolga aniq va lo‘nda javob shuki, usiz manqurtdan farqimiz qolmaydi. Zero, hamma illatlar tilga hurmatsizlikdan boshlanadi. Eng yomoni, buning yoshlarimiz tarbiyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatishidir. Zero, ular o‘zlari bilmagan holda xonandalarni ideal sifatida ko‘radi. Bu esa Abdulla Oripov ta’biri bilan aytganda:
Ming yillardir bulbul kalomi
O‘zgarmaydi, yaxlit hamisha.
Ammo sho‘rlik to‘tining holi
O‘zgalarga taqlid hamisha.
Ona tilim, sen borsan, shaksiz,
Bulbul kuyin she’rga solaman.
Sen yo‘qolgan kuning, shubhasiz,
Men ham to‘ti bo‘lib qolaman!
Bu maqolani ona tilimizga befarq ayrim “yulduz”larning o‘qishga vaqti bo‘lmasligi mumkin. Zero, shunday xonandalardan biri telejurnalistning “Nega o‘zbek tilini o‘rganmaysiz?” degan savoliga “Mening yoshimda o‘zbek tilini o‘rganish juda qiyin, bunga vaqtim ham yetmaydi”, deb javob bergandi. Bu o‘zbek xonandasi tomonidan aytilgan og‘ir javob. Balki uning gapida jon bordir. O‘z ona tiliga ona suti bilan kirmagan mehrni endi qanday joylay olsin yurakka?!
Abdulla Qodiriy bobomiz “O‘zbek tili kambag‘al emas, balki o‘zbek tilini kambag‘al deguvchilarning o‘zi kambag‘al. Ular o‘z nodonliklarini o‘zbek tiliga to‘nkamasinlar”, degan bo‘lsa, Behbudiy bobomiz “Milliy tilni yo‘qotmak, millat ruhini yo‘qotmakdur”, deb jon kuydirgandi. Bu borada shoirlarimizning quyidagi satrlari ham e’tiborga loyiqdir:
Men seni naqadar sevaman, ona,
Oh, yuragimning bulbuli
Bo‘lib sayragansan go‘dak chog‘imdan,
O‘zbek tili, o‘zbek tili.
(Rauf Parfi)
Ona tilim, omon bo‘l mangu,
Sen borsanki men ham o‘lmayman.
Tildan qolsam seni Oybekday
Men ko‘zlarim bilan so‘ylayman.
(Xurshid Davron)
Ha, bu mavzuni uzoq davom ettirish mumkin. Xulosa chiqarish o‘zingizdan, aziz mushtariy. Toki biz o‘z ona tilimiz bilan faxrlanib, g‘ururlanib gapirolmayotgan ekanmiz, o‘zimizni o‘zbekman deb ayta olamizmi?
Nazira BOYMURODOVA, jurnalist