Maktabda pul yig‘ilishi faqat o‘qituvchining aybi emas!
Gazetamizning 2019-yil 6-fevral kungi sonida chop etilgan “Maktabda pul yig‘ishga qachon chek qo‘yiladi?” sarlavhali maqola mushtariylarimiz o‘rtasida qizg‘in muhokamaga sabab bo‘ldi. Jumladan, “telegram” tarmog‘idagi “Ma’rifat” mushtariylari” guruhida ham ushbu maqola yuzasidan, maktabda pul yig‘ilishining sabablari va bu muammo o‘qituvchilarni qanchalik qiynayotgani haqida fikr-mulohazalar bildirildi.
Quyida o‘qituvchilarning yozishmalaridan namunalar keltirdik. Ularni o‘qir ekansiz, “yig‘-yig‘”larga yo‘l qo‘yayotgan o‘qituvchilarning chorasizligi sababini ham tushuna boshlaysiz.
Dilnoza Ahmedova:
— Qachonki, maktab ehtiyoji davlat budjetidan to‘liq ta’minlansa, o‘shanda ta’lim muassasalarida pul yig‘ishga chek qo‘yiladi. Hozir maktablarda shaxsiy manfaat uchun pul yig‘imlari ancha kamaydi. Asosan, maktab ehtiyojidan kelib chiqib yig‘ilyapti. Direktor va pedagoglar tamagirlik oqibatida qanday ko‘ngilsizliklar kelib chiqishini tushunib qolishgan. Shu o‘rinda maktab santexniklari haqida gapirish o‘rinli. Bu shtatning xalq ta’limi bo‘limiga o‘tkazilgani to‘g‘ri emas. Har bir maktabda santexnik va elektrik mutaxassis bo‘lishi shart. Bog‘bon mavsumiy ishlasa ham rozimiz, lekin santexnik va elektrikka maktabda tez-tez ehtiyoj paydo bo‘ladi. Hademay obodonlashtirish mavsumi boshlanadi. Agar bog‘bon bo‘lmasa, kunora elektrikka ish tushsa, o‘qituvchining kimnidir yollashiga to‘g‘ri keladi. Yollanma ishchi esa tekinga ishlamaydi. Maktabimizda ba’zan o‘qituvchilarning o‘zi shu ishlarni qiladi, lekin qonunan olib qarasak, muallimning bu ishlar bilan shug‘ullanishi noto‘g‘ri!
GULI 0505:
— Bizda hech narsa maktab hisobidan qilib berilmaydi. Farroshlar, sinfxonalar bilan bizning ishimiz yo‘q, deydi. O‘tgan yili turmush o‘rtog‘im fan kabinetimni ta’mirlanarkan. Bu yil maktabimiz investitsiya dasturiga ko‘ra, kapital ta’mirlanarkan, deb xursand bo‘lsak, faqat binoning fasad qismi ta’mirlanarkan. Sinfxonalar “remonti” yana o‘zimizning zimmamizda.
Har ikki oyda sanitariya-epidemiologiya markazidan kelib 15—20 ming so‘mdan jarima solib ketishadi. Yuqorida aytganimdek, maktabimiz kapital ta’mir qilinmagan. Shunday ekan, istagancha kamchilik topish mumkin. Shuni inobatga olishsa bo‘lmaydimi?..
Yulduz G‘ofurovna:
— Sanitariya-epidemiologiya markaziga jarima to‘lash majburiyligiga tushunmayman. Maktabda farrosh kam bo‘lsa, bolalar gepatitga chalinsa, kim aybdor?! Sinfxonani xlor bilan tozalash kimning ishi? Men o‘qituvchimanmi yo farrosh?
Yana ta’lim haqida gap borganda darrov fond puli tilga olinishi meni ranjitadi. Hech kim pul nima uchun yig‘ildi, deb so‘ramaydi. Kaltak o‘qituvchining boshida sinaveradi. Maktabdagi farrosh shtati qisqarganini, hatto elektrik va duradgor shtati yo‘q bo‘lib ketganini bilasizmi? Avvallari lampochkamiz kuyib qolsa, xo‘jalik ishlari mudiri yangisini o‘rnatib berardi. Hozir-chi, kimga yalinamiz?!
Maktabdagi sinf ham bir ro‘zg‘or. Unga juda ko‘p narsa kerak. Hali shkafimiz eshigi sinadi, hali suv jo‘mragi ishdan chiqadi. Bitta lampochkani falon pulga olib kelib o‘rnatamiz. Institutlarga farzandining o‘qishi uchun millionlab pul to‘laydigan ota-onalar, maktab uchun ozgina yordamini minnat qiladi. Ular yordam bersa, xursand bo‘lamiz, bo‘lmasa, indamay o‘z yonimizdan kamchiliklarni butlaymiz. Yaxshiyam maoshimiz oshdi. Ba’zi boshlang‘ich sinf o‘quvchilarini daftar va ruchka bilan ham o‘zimiz ta’minlaymiz. Ota-onalar farzandining daftari to‘lganini ham bilmay yuraveradi. Uyda bolalarim mendan xafa bo‘lishadi. Topganimni o‘quvchilarimga berarmishman...
Ravshan Matmusayev:
— Afsuski, bizda ota-onalar faol emas! Men bilgan hamma o‘qituvchilar sinfxonasining suvog‘ini ham, bo‘yog‘ini ham o‘zi qiladi. Tarqatma materiallarni o‘z cho‘ntagidan pul to‘lab, printerdan chiqartiradi. Ba’zi maktablarning hatto oddiy printeri ham yo‘q. Bor bo‘lsa ham, qog‘ozni o‘zingiz olib kelishingiz kerak. Ayrim o‘qituvchilar farroshning ishini qiladi, ko‘p ko‘rganman.
Saida Samatova:
— Men bu yil sinf rahbarligini oldim. Bir masala o‘ylantiryapti. Sinf ta’mirini kim qilib berishi kerak? Maktab fondidan mablag‘ ajratiladimi, yoki davlat budjetidanmi? Ko‘p yillik o‘qituvchilar homiy topasiz yoki o‘zingiz qilasiz deyishadi.
Mohira Oymoh Choriyeva:
— Bir kun tuz yegan joyingga qirq kun salom ber, deyishadi. Maktab ikkinchi uyimiz. O‘qituvchining maoshi oshirildi. Obodonlashtirish, metallolom, paxta yig‘imiga jalb etilishlar bekor qilindi. Ana shu xayrli amallarning uzviy davomi sifatida maktab ta’miri, moddiy-texnik bazasidagi kamchilik va muammolar ham hademay yechim topsa, ajabmas!
Sh.Ergashevna:
— Viloyat kasaba uyushmalari kengashi raisi kelib, “O‘quvchilardan ta’mirga deb pul yig‘manglar. Har bir bolaga davlat tomonidan 30 000 so‘mdan pul ajratildi”, dedi. Biz yonimizdan faqat ustaga qo‘l haqi berdik.
Lola Do‘stmurodova:
— Maktabda o‘qituvchi sifatli ta’lim berishi uchun har bir fanga jiddiy tayyorgarlik ko‘rishi kerak. Buning uchun unga ko‘p narsa zarur. Ammo men ota-onalardan pul talab qilmayman. Maoshimning bir qismini maktab uchun sarflayman. Har darsimda o‘quvchilar daftariga rangli qog‘ozlarda qo‘shimcha topshiriqlar, qiziqarli rasmlar, mantiqiy savollarni yopishtirib yuboraman. Rangli qog‘ozdagi topshiriqlar ota-onalar diqqatini tortadi va farzandi bilan birga ishlaydi.
Shunday qilib, onalar yonimga kelib, bizdan nima yordam kerak, deb so‘raydigan bo‘lishdi. Menga qog‘ozlar uchun pul taklif etishdi. Men rad etdim. Faqat imkoningiz yetsa, qog‘oz olib bering, dedim. Yig‘ilishda ham fond tashkil qilishni so‘rashdi. “Kerakmas, faqat nimani ko‘p ishlatishimga e’tibor bering va shu narsani olishda yordam bersangiz bas”, dedim. Shu ham menga katta yordam-da. Lekin sifatli ko‘rgazmalar qimmat. Katta va murakkab mavzularni tushuntirish uchun kerakli ko‘rgazmalarni o‘zim sotib olaman.
M.M.O:
— Shunday o‘qituvchilar ham borki, arzimagan narsaga ham o‘quvchidan pul yig‘ishga tushadi. Rahbarlik paytim o‘qituvchilarni buning uchun koyirdim. Bergan dakkilarim uchun meni yomon ko‘rib, orqamdan gapirganlar ko‘paydi. “O‘zi biror sinfga rahbarlik qilsa bilardi…”, deyishardi. Mana, sinfga rahbarlik ham qilyapman. Natijada sinfim 2 yildan buyon “Eng namunali sinf” nomini hech kimga bermay kelyapti.
@___@:
— Maktabning moddiy ta’minoti davlat tomonidan to‘liq qoplanmasa, yuqoridagi muammolar bartaraf etilishi qiyin. Men ishlayotgan maktabda ham iqtidorli o‘quvchilar ko‘p. Tadbirlarimiz ajoyib o‘tadi. Lekin faollar zali talabga javob bermaydi. Uni chiroyli va ko‘rkam bezatish, zamonaviy jihozlar bilan ta’minlashga mablag‘ kerak.
Zirapcha:
— Direktorimiz faqat muhim gaplar bo‘lsa, maktabga keladi. Faqat foyda keltiradigan tarafga qaraydi. Masalan, maktabimizda bepul taekvondo to‘garagi ochilgan. Mashg‘ulotda qatnashadigan 20 nafardan ziyod o‘quvchimiz respublika musobaqalarida faxrli 1-, 2-, 3-o‘rinlarni egalladi. Lekin direktorimiz maktabga bir so‘m pul bermagan bunday mashg‘ulotning menga keragi yo‘q, dedi. O‘quvchilarimiz katta yutuqlarga erishayotganining o‘zi foyda emasmi?!
Barno Nasimovna:
— Ta’mir uchun ota-onalar tomonidan ajratiladigan homiylik pullari maxsus hisobraqamiga o‘tkazilishi bir qancha noqulayliklar tug‘diradi. Albatta, bunda naqd pul aylanmasi bo‘lmaydi. Lekin... Maktab uchun ajratilgan xarajatlar smetasidagi mablag‘dan o‘quv-texnik vositalar sotib oldik. Ming afsuski, hisobraqamidan o‘tkazib berilishi sabab, 35 ming so‘mlik fleshkani 85 ming so‘mdan, 25–30 ming so‘mlik organayzerni 105 ming so‘mdan oldik. Pol uchun bir banka bo‘yoq 45 ming so‘m bo‘lsa, pul o‘tkazish yo‘li bilan olinganda 90–95 ming so‘mga to‘g‘ri keladi. Yana sifatsiz. Buni rahbarlar juda yaxshi biladi. Lekin qoidasi shunaqa. Agar mana shu muammolar bo‘lmasa, hisobraqamiga pul o‘tkazish eng yaxshi tizim, aslida. O‘qituvchi ham ortiqcha malomatdan xoli bo‘ladi.
“Ma’rifat” muxbiri Zilola MADATOVA tayyorladi.