Uysiz qolayotgan o‘qituvchi
Assalomu alaykum, hurmatli “Ma’rifat” gazetasi tahririyati xodimlari! Men gazetangizning doimiy muxlisiman. Unda o‘qituvchilarning faoliyatida asqotadigan dolzarb mavzudagi maqolalar chop etiladi. Ayniqsa, keyingi paytda tanqidiy-tahliliy maqolalar salmog‘i ortdi. Bu, shubhasiz, pedagoglarni qiynayotgan muammolarga yechim topishda ko‘mak bolmoqda. Shu bois men ham so‘nggi umid sifatida o‘zimni qiynayotgan muammoga yechim topishda sizlardan yordam so‘ramoqchiman.
1969-yili Qoraqalpog‘istonda tug‘ilganman. 26 yil xalq ta’limi tizimida faoliyat olib bordim. Keyingi yillarda salomatligim yomonlashgani uchun nafaqaga chiqqanman.
Uzoq yillardan beri oilamiz bilan Mo‘ynoq tumani “Hakim-ota” QFY Ali ovulida yashaymiz. 22 yil davomida yashab turgan uyimizning kommunal to‘lovini vaqtida to‘lab, ta’mirlash ishlarini o‘zimiz bajarib kelmoqdamiz.
Avval bu yerni Xorazm viloyati ijaraga olgan. 2009-yilda ijara muddati tugagani sababli “Do‘stlik” va “Qizil jar” shirkat xo‘jaligi yer maydoni yana Mo‘ynoq tumaniga o‘tkazilgan.
Ushbu turarjoyda istiqomat qiluvchi pedagoglarni bir necha yillardan beri qiynayotgan muammo — yashab turgan uyimizni 2000-yildan buyon xususiylashtirib ololmayapmiz. Mas’ul rahbarlarga bir necha bor murojaat qilganmiz. Ammo murojaatimiz bee’tibor qolmoqda.
Aslida, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1990-yil 13-noyabrdagi “Barcha turdagi maktablarning o‘qituvchilariga, bolalar uylarining tarbiyachilariga qo‘shimcha imtiyozlar berish, yuqori sinf o‘qituvchilarining ish haqini oshirish to‘g‘risida”gi farmoniga ko‘ra, maktab o‘qituvchilari va bolalar uylari tarbiyachilarining ijtimoiy-maishiy va moddiy sharoitini yaxshilash, ular mehnatini rag‘batlantirishni kuchaytirish maqsadida maktab o‘qituvchilari va bolalar uylarining tarbiyachilariga ular yashab turgan davlat hamda idoralarga qarashli uylar va kvartiralarni shaxsiy mulk sifatida bepul berish va ushbu bandda ko‘zda tutilgan imtiyozlar kamida 10 yil pedagoglik ish stajiga ega maktab o‘qituvchilari va bolalar uylari tarbiyachilari bo‘lgan pensionerlarga joriy etilishi belgilangan. Biz ushbu farmon asosida masalani ijobiy hal etishni so‘rasak, mutasaddilar bu imtiyoz 2001-yildan bekor qilinganini aytishmoqda. Chindan ham O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2001-yil 17-apreldagi 2832-son Farmoniga 4-ilovada O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qoidalari o‘z kuchini yo‘qotadigan farmonlari ro‘yxati keltirilgan bo‘lib, barcha turdagi maktab o‘qituvchilariga, bolalar uylarining tarbiyachilariga qo‘shimcha imtiyozlar, yuqori sinf o‘qituvchilarining ish haqini oshirish to‘g‘risidagi (1990-yil 13-noyabr, 93-son) farmon 3-bandining uchinchi xatboshisi o‘z kuchini yo‘qotgani ko‘rsatilgan.
Bizning murojaatimiz esa 3-bandning 2-xatboshisidagi qonun talablariga mos tushadi. Ushbu farmonning 3-band 3-xatboshisida “... qishloq joylarda va shahar tipidagi posyolkalarda istiqomat qilayotgan maktab o‘qituvchilari va bolalar uylarining tarbiyachilari kvartira haqidan va kommunal xizmat (suv ta’minoti, gaz, elektr va issiqlik energiyasi) haqini to‘lashdan ozod qilinsin. Shaharda yashovchi maktab o‘qituvchilari va bolalar uylarining tarbiyachilariga kvartira haqi va kommunal xizmat haqining 50 foizi miqdorida imtiyozlar berilsin. Markaziy isitish sistemasiga ega bo‘lgan uylarda yashovchilarga belgilangan normalar doirasida sotib olinadigan yoqilg‘i haqi berilsin” deyiladi.
(O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2001-y., 4-son, 69-modda; 2002-y., 8-son, 139-modda; 2003-y., 3-4-son, 56-modda; O‘zbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari to‘plami, 2005-y., 37-38-son, 283-modda; 2007-y., 11-son, 95-modda; Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 11.01.2019-y., 06/19/5620/2501-son.)
Qolaversa, biz 2000-yilda murojaat qilganmiz. Tan olamiz, chindan ham ma’lum muddat o‘qituvchilar yuqoridagi kabi imtiyozlardan mahrum etilishi natijasida ularning nufuzi tushib ketdi. Shukrki, keyingi yillarda ta’lim tizimini rivojlantirish maqsadida ijobiy sa’y-harakatlar boshlandi. Jumladan, o‘qituvchilar sha’ni va qadr-qimmatini yuksaltirish, ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida Prezident qaror va farmonlari qabul qilindi. Bundan biz, pensionerlar ham behad shod bo‘ldik. Uyi yo‘q o‘qituvchilarga imtiyozli uy berish, ularni qo‘llab-quvvatlash davlat siyosatiga aylangan bir paytda biz kabilarning mushkuli oson bo‘lishiga ishongandik. Ammo yuqoridagi muammomizga yechim topish maqsadida mas’ul organlarga yozma murojaat qildik. Natija bo‘lmadi. Urinishimiz javobsiz qoldi.
Mo‘ynoq tumani hokimi o‘rinbosari T.Mambetmuratov turarjoylar shirkat xo‘jaligi balansida, desa, shirkat xo‘jaligi raisi T.Sagindikov bu uylar ishchilar uchun barak bo‘lib, ehtiyoj tug‘ilsa, uni bo‘shatishga majbursizlar, deydi.
Biz, o‘qituvchi va tibbiyot xodimlari T.Sagindikovga ham yozma murojaat etdik, ammo javob bo‘lmadi. Ovulimizda shirkat xo‘jaligiga qarashli 70 dan ortiq shunday uylar bor, biroq negadir Urganch tumani hokimining birinchi o‘rinbosari R.Sapayevning ma’lumotiga ko‘ra, shirkat xo‘jaligida 43 ta turarjoy ko‘rsatilgan. Boshqa uylar nega sonda yo‘q? Avval shirkat xo‘jaligi raisi T.Sagindikovning bayonnomasi bilan 3 oilaga — shifokor Orakbay Korikovga va yana ikki o‘qituvchiga uylar xususiylashtirib berilgan. Ikki oila uyini sotib ketgan. Bizga bir savol tinchlik bermayapti: nima uchun ularga qo‘llangan farmon bizga kelganda o‘z kuchini yo‘qotgan deyilmoqda?
Men bu uyga ko‘chib kelgan 1996-yilda ahvol achinarli, deraza o‘rniga g‘isht terilgan, pollari chirigan edi. Hammasini o‘zim yangilaganman. Bugun esa xohlasak, shu uyni sotib olishimiz kerakligini aytishmoqda. Buning uchun pulimiz yo‘q. Boshqa uyga ko‘chib ketaylik, desak, ro‘zg‘ordan orttirib, uy qurishni ham o‘ylamabmiz. Hozir bolalarimiz ulg‘ayib qolgan. Ularni o‘qitish, yedirib-ichirishdan orttirib, uy qurish yoki sotib olishga qo‘limiz kaltalik qiladi.
Hurmatli tahririyat xodimlari! Biz, ustozlarga yordam bering.
Gulbahor MATIBOYEVA
Tahririyatdan: ushbu muammo yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi xalq ta’limi vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi xalq ta’limi vazirligi hamda Mo‘ynoq tumani hokimligidan javob kutib qolamiz.