“Ustoz, kitobda xato berilmaydi-ku...”
“Mushtariy muhokamasi”ning bu galgi mavzusi — maktab darsliklaridagi xatoliklar.
Anajon Boltayeva:
— Matematika darsida bir o‘quvchim misolni xato yechdi. Tengdoshlari xatoligini aytishsa, tan olmasdan, “Bu misol darslikda xato berilgan, shuning uchun men bo‘linmada qoldiq chiqardim”, dedi. O‘quvchilarimning kitob haqida fikri o‘zgardi. Axir, ular darslikda berilgan har bir ma’lumotni to‘g‘ri deb biladi. Lekin ayrim darsliklardagi xatolar sabab o‘quvchilarning kitobga mehri, o‘qituvchi bergan bilimlarga ishonchi so‘nayotganday. Ustozning aytganlari kitobdagi bilan to‘g‘ri kelmasa, o‘quvchi ikkilanib qolmaydimi? Ta’limga, kitob mutolaasiga katta e’tibor qaratilayotgan bir davrda bunday kamchiliklarga yo‘l qo‘ymasligimiz kerak.
Guljahon Egamqulova:
— 2-sinf “Ona tili” darsligidagi “So‘z ichida yonma-yon kelgan bir xil undoshlar” mavzusidagi 132-mashqda topishmoqning javobi noto‘g‘ri ko‘rsatilgan. Bu mashq o‘qituvchilar davrasida ham bahs-munozaraga sabab bo‘ldi. Achinarlisi, ayrim ustozlar o‘sha javob aslida to‘g‘riligini “isbotlashga” urindi. Demak, ular bolaga ham shunday o‘rgatishgan. Mana o‘sha topishmoqlar:
1) Katta varaq, dumi taroq,
Akasining ismi — quroq.
(Javobi: y….q (yostiq ekan).
2) Og‘zi yo‘g‘-u tishi ko‘p,
Chaynagani to‘sin cho‘p.
(Javobi: j....a ( javda emish).
Aslida birinchi topishmoqning javobi varrak, ikkinchisiniki arra bo‘lishi kerak. Har ikkala topishmoqni bolalar maktabga chiqmasdanoq yodlab olishadi. Afsuski, mazmuniga umuman to‘g‘ri kelmaydigan javoblar bolalarning kitobga ishonchini yo‘qotmoqda.
Lochin Jumaboyeva:
— Darslikdagi ba’zi tushunmovchiliklarga ko‘z yumib ketish qiyin. 2016-yili chop etilgan 3-sinf “O‘qish” darsligidagi “Vatan” matnida olamni mahliyo etgan qadimiy shaharlar — Buxoro, Samarqand, Xorazm deyilgan. Buni o‘qib o‘zim ham ikkilanib qoldim. Xorazm shahar bo‘lganini eshitmagan ekanman. Aniqlashtirish maqsadida tarixchilarga murojaat qildim. Tarixiy shaharlar qatoriga Xorazm o‘rniga Xiva kiritilsa, to‘g‘ri bo‘lardi.
Dilbar Normurodova:
— 6-sinf “Ona tili” darsligida 49-mashqdan keyin 50-mashq tushib qolgan. Yoki “mobaynida” so‘zi tarkibiy qismlarga bo‘lingan. Aslida bu yaxlit so‘z. Yana bir xato — “Fors tili” so‘zidagi “-i” qo‘shimcha sifatida ko‘rsatilgan.
E’tirozlarim shu bilan tugamaydi. 6-sinf “Ona tili” darsligini fe’l mavzusi bilan emas, ot mavzusi bilan boshlashni taklif qilgan bo‘lardim. Undan keyin sifat va fe’l o‘tilsa, maqsadga muvofiq. Chunki harakat nomi va sifatdoshni o‘quvchiga tushuntirish ancha oson.
Yoki bo‘lmasa, darsliklarda shunday so‘zlar borki, uni bolalarga qanday tushuntirishni bilmaysan, kishi. Masalan, 7-sinf “Adabiyot” darsligida Abdulla Qahhorning “Dahshat” hikoyasida “taloq” so‘zi bor. Bolaning “Taloq nima?” degan savoliga nima deb javob berardingiz? Bu bolalar, ayniqsa, qizlarning ruhiyatiga salbiy ta’sir qilishi mumkin.
Dildor Nurmuhammedova:
— Yozuvchi va shoir Asqad Muxtor qachon vafot etganini bilasizmi? 5- va 7-sinf “Adabiyot” darsligida 1997-yil deb yozilgan bo‘lsa, 8-sinf “Adabiyot”ida 1996-yil ko‘rsatilgan. Axir, bu qandaydir nazariya emaski, uni har kim har xil talqin qilsa. Buni o‘quvchiga qanday tushuntirish mumkin? Test savollari haqidagi noroziliklar ham shunday manbalar sabab yuzaga kelmoqda. O‘quvchi javoblarning to‘g‘ri varianti yo‘q ekan, deb e’tiroz bilidiradi. Chunki testda manba berilmaydi.
Bobojonova:
— Darsliklardagi xatolar og‘riqli nuqtamiz. Har yili bu kamchilikni hududiy xalq ta’limi boshqarmasiga yozib beraveramiz, yana o‘sha darsliklardan o‘zimizga moslab foydalanaveramiz. Darslikdagi xatolarni o‘qituvchilar guruhida muhokama qilganimizda darslik muallifi bo‘lgan opamiz juda qattiq ranjib, “Bilimdon bo‘lib ketibsizlarmi?!” deb kinoya qilgan edi.
Hilola Rashidova:
— 5-sinf ingliz tili darsligida Unit 1. Lesson 2-, 7-sahifalarida “My cat’s name’s is Tiger” jumlasida “is” fe’li ortiqcha qo‘llanilgan. Shu darslikning Unit 2. Lesson 4-, 15-sahifalarida “Teachers work at the school” jumlasida ham “the” artikli noto‘g‘ri ishlatilgan. 7-sinfda Lesson 4 da “What’s it made of?” mavzusida made of va made from frazalari bir o‘rinda qo‘llangan. Aslida ikkala-sining bir-biridan ma’noviy jihatdan farqi katta.
Yulduz Jabborova:
— Darsliklar loyihasi qay tarzda muhokama qilinishi, qo‘llanmani yozish uchun mualliflarga qancha muddat berilishi va qanday sharoit yaratilishi bilan hech qiziqib ko‘rganmisiz? Men muallif emasman, lekin bu jarayonni ko‘p kuzatganman. Darslik mualliflari uchun, birinchidan, vaqt kam beriladi. Ikkinchidan, ular uchun sharoit yo‘q hisobi. Biz aytayotgan mualliflar ishidan ajramagan holda darslik yozadilar. Darslikda xato chiqsa, darrov mualliflarni ayblaymiz, lekin musahhihlar-chi? Nega ularga ham javobgarlik yuklatilmaydi? Axir, darslikning so‘nggi varianti bilan ular ishlaydi-ku. Qolaversa, muharrirlar, nashriyot xodimlari ham darslik uchun mas’ul hisoblanadi.
Yana bir jihat: darslikni ko‘rib chiqish uchun maktab o‘qituvchilari ham jalb etiladi, lekin shu o‘qituvchilarning bilim darajasi yetarlimi-yo‘qmi — bu ham hisobga olinadimi? Agar o‘qituvchi to‘g‘ri tanlanib, ularga kerakli sharoit yaratilib, ijodiy guruh bilan ishlash imkoniyati berilganda edi…
Muslima Aminova:
— Bu yil 1-sinfni o‘qityapman. Hatto “Alifbe” darsligi ham ayrim xatoliklardan xoli emas. Bolaga dastlab harf o‘rgatganda so‘zlar bo‘g‘inga ajratib yozdiriladi. Lekin “Alifbe” kitobimizning ba’zi sahifalarida berilgan so‘zlarning birinchi qatori bo‘g‘inga ajratilmagan. Masalan, “B” mavzusida bino, bola, so‘zlari, “K” da ikki, katta, aka, “M”, “U” kabi harflarga berilgan misollarda ham shu holat takrorlangan.
Komil Jalilov:
— Avvalo, darsliklar chop etishda monopoliyani bekor qilish kerak. Chunki sifat faqat erkin raqobat bor joyda bo‘ladi. 1930-yillari har bir fandan faqat bitta darslik tasdiqlanishi qoida sifatida kiritilgan (hammaga bir xil mafkurani singdirish maqsadida) edi. Sobiq ittifoq hududidagi davlatlarning deyarli barchasi darsliklar monopoliyasini bekor qilgan. Bizda esa bu saqlanib qolgan, chunki bunday tartib tanish-bilishchilik va korrupsiyaga keng yo‘l ochadi. Buyuk Britaniya, AQSh kabi davlatlarda bitta fandan faqat bitta darslik bo‘lishi kerak, degan tushuncha yo‘q. Agar erkin raqobat bo‘lib, maktabda bir necha darslikdan istaganini tanlash imkoniyati bo‘lsa, tabiiyki, muallif ham, noshir ham mahsulotini sifatli chiqarishga majbur bo‘ladi. Xalq ta’limi vazirligida darsliklar tizimiga mutasaddi rahbarlar bilan bu borada gaplashganimda ular turli bahonalar topishgan. Xo‘p, unda vazirlik tasdiqlayotgan darsliklar mualliflari qanday mezonlar asosida tanlangan, desam yelka qisishgan. Chunki shu yerda ham tanish-bilishchilik va korrupsiya.
Gulnoza Xoldorova:
— Fikrimcha, darslik tayyorlashda monopoliyani bekor qilishga hali tayyor emasmiz. Yagona tasdiqlangan darsliklardagi muammolarni to‘liq tugatib bo‘lganimiz yo‘q-ku. Rivojlangan davlatlarda o‘qituvchining salohiyati biznikidan ancha yuqori. Chunki ular testdan oldin 300 tagacha kitob o‘qishadi. Biz bu yildan boshlab faqat 10 ta tavsiya qildik. O‘qituvchilarimiz orasida kitob o‘qimaydigan filologlar soni o‘qiydiganlardan ancha ko‘p.
Nargiza Ismatova:
— Umrida bir marta dars ishlanmasi yozib ko‘rmagan ayrim o‘qituvchilar darslik yozishga da’vo qilganini ko‘rdim. Agar adashib darslik shunday insonlar tomonidan yozilsa bormi...
Darslik mualliflari necha yillardan buyon o‘zgarmay keladi. Boshqalarga ham imkoniyat berish kerak.
Ravshan Matmusayev:
— Afsuski, erkin raqobatga hali-beri o‘tolmaydiganga o‘xshaymiz. Oddiy avtomobil sanoati yoki internetda erkin raqobatga yo‘l ochilmayotgan bir paytda ta’limga yo‘l bo‘lsin. Ta’limni-ku davlat bepul qilib belgilagan, biz to‘laydigan soliqlar hisobidan moliyalashtiradi. Dars-liklarni tuzuvchilar esa shu pullarni talon-toroj qilishadi. Pul — xalqniki, xalqni talon-toroj qiladi, desak ham bo‘laveradi. Mayli, hech bo‘lmaganda xususiy maktablarga yo‘l ochildi-ku. Darsliklarga ham yo‘l ochilib qolar. Aytgancha, xususiy maktablarga ham darslikni tanlash huquqi beriladimi yoki ular ham faqat bitta darslikdan foydalanishga majburmi?
“Ma’rifat” muxbiri tc "“Ma’rifat” muxbiri" Niginabonu SHUKUROVA tayyorladi.