Tarix haqiqati
Samarqand – nafaqat yurtimiz, balki jahon miqyosida ham qadim tarix zarvaraqlari bitilgan dunyodagi kam sonli shaharlardan. Uning xalqimiz o‘tmishi bilan bog‘liq sirli, sehrli va jozibador xizmatlari beqiyos. Bu tarixni bilish, borlig‘icha anglash va xalqaro miqyosda keng targ‘ib etish bizga g‘urur-iftixor tuyg‘ularini bag‘ishlaydi.
Samarqand davlat universiteti rektori, professor Rustam Xolmurodovning “Samarqand universiteti qachon tashkil topgan?” maqolasida ilgari surilgan taklif, ochig‘i, allaqachon amalga oshishi kerak bo‘lgan tarixiy haqiqatdir. Mazkur maqolaga munosabat tarzida yozilgan taniqli adabiyotshunos olimlar S.Olimning “Oqilona taklif”, J.Eltazarovning “Xalqaro miqyosda keng nishonlanmog‘i lozim”, E.Musurmonovning “Ulug‘bek madrasasining xorijdagi vorislari” maqolasida xalqimizning o‘zligini anglashda nechog‘li dolzarb va muhim ahamiyatga ega ekani qayd etilgan.
Rustam Xolmurodov to‘g‘ri ta’kidlaganidek, Yevropa mutaxassislari o‘zlarining mashhur oliygohlari ildizini o‘rta asrlardagi diniy maktablar bilan bog‘laydi. Darhaqiqat, hozir dunyoga mashhur o‘sha universitetlar dastlab diniy ta’lim muassasalari bo‘lgan. Demak, Samarqanddagi Mirzo Ulug‘bek tomonidan qurilgan madrasa ham o‘z-o‘zidan o‘sha davrda oliy ta’lim muassasasi vazifasini o‘tagan va bugungi universitet uning vorisidir.
Taniqli olim B.Valixo‘jayev o‘zining “Mirzo Ulug‘bek davri madrasalari” va “Samarqandda oliy ta’lim – madrasai oliya. Universitet tarixidan lavhalar” risolalarida ilk bor ushbu g‘oyani ko‘tarib chiqqanini ta’kidlash joiz. Olim Samarqand va umuman, mamlakatimiz hududidagi madrasalarning to 20-asr boshigacha haqiqiy ta’lim, fan va madaniyat o‘chog‘i bo‘lgani va hozirgi oliy o‘quv yurtlari bilan madrasalar o‘rtasida uzviylik mavjud ekanini qayd etadi.
Ma’lumki, Samarqand va Buxoro shaharlari bilan birga, yurtimizning boshqa qadimiy go‘shalarida ham madrasalar tizimi mavjud bo‘lgan. Birgina hozirgi Surxondaryo viloyati misolida oladigan bo‘lsak, uning turli hududlarida hozirga qadar qator tarixiy obidalar – madrasa va maqbaralar saqlanib qolgan. Bu zamindan Hakim Termiziy, Iso Termiziy, Adib Sobir Termiziy singari mashhur allomalar yetishib chiqqan. Bunday ulug‘ olimlar yetishib chiqishi uchun ta’lim muassasasi – madrasalar bo‘lgani tabiiy, albatta. Ana shulardan biri Denov shahridagi Said otaliq madrasasidir. Manbalarga ko‘ra, madrasa XVI asrda Xo‘ja Alouddin Attorga atab bunyod etilgan. Bu ulug‘ zot xalq orasida Shayx Attori Valiy nomi bilan shuhrat qozongan. Xo‘ja Alouddin Attor Bahouddin Naqshbandiyning kuyovi bo‘lib, tariqat ta’limotini keng yoyish maqsadida Denovga ko‘chib kelgan va shu yerda vafot etgan. Said otaliq madrasasi uning o‘g‘illari va nevaralari tomonidan 26 yil davomida qurib bitkazilgan. Madrasa o‘tgan asrda ro‘y bergan oktabr to‘ntarishiga qadar ham ilm toliblari saboq oladigan maskan vazifasini o‘tagan.
Aytmoqchimizki, yurtimizda asrlar davomida madrasa va madrasai oliyalar tizimi barcha yirik shaharlarda bo‘lgan va ularda o‘z davrining yirik olimlari va jamiyat ehtiyojiga ko‘ra boshqa mutaxassislar ham tayyorlangan.
Prezidentimiz yuksak minbarlardan turib buyuk ajdodlarimizning bebaho merosini targ‘ib qilmoqda, jahon hamjamiyati e’tiborini bu masalaga qaratmoqda. Davlatimiz rahbarining 2017 yil 14 fevraldagi “Imom Termiziy Xalqaro ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ham yurtimizdan yetishib chiqqan ilm-fan daholarning buyuk xizmatlari e’tirofi, ularning merosini yosh avlodga yetkazish borasidagi g‘oyat olijanob ishlardan bo‘ldi.
Samarqand davlat universitetini Mirzo Ulug‘bek madrasasining bevosita vorisi, deb hisoblash va kelasi yili ushbu dargohning 600 yilligini nishonlash to‘g‘risidagi taklif nihoyatda o‘rinli ekani bilan keng ilmiy jamoatchilikni xursand qildi. Bu taklifni to‘la qo‘llab-quvvatlaymiz. Zero, bu tarixiy haqiqatning tiklanishi bo‘ladi.
Bobonazar MURTAZOYEV, TerDU dotsenti, filologiya fanlari nomzodi,
Obid ShOFIYEV, “Termiz universiteti” gazetasi bosh muharriri