Mutaxassis o‘zbekona familiya taklif etmoqda
Dunyodagi odamlarning qaysi millat yoki davlatga mansubligini ko‘rsatib turuvchi belgilar mavjud. Qaysidir xalqni tashqi ko‘rinishidan, boshqasini esa ism-familiayasidan farqlash mumkin. O‘zbeklarni esa faqat yuz qiyofasi va na ism-familiyasidan farqlash mushkul. Demoqchi bo‘lganimiz, bugun yapon, koreys, rus, xitoy, yunon, italiyan va yana boshqa xalqlarni familiyasidan ajratsa bo‘ladi.
Biz, o‘zbeklarga ham dunyo ahli eshitganda farqlay oladigan, familiyaga qo‘shiladigan so‘z yoki qo‘shimcha zarur. Bizningcha, ana shunday so‘z-qo‘shimcha bor. Bu Bekdir. Chunki xalqimiz nomi ham o‘zbek. Shu ma’noda bugungi — ov(a), — (y)ev(a) o‘rnida — bekdan foydalansak bo‘ladi. E’tiroz paydo bo‘lishi mumkin: ayollarimiz familiyasiga — beka qo‘shiladimi, deb. Yo‘q! Har ikki jins vakillari uchun bir xil bo‘ladi. Chunki o‘zbek tilida jins kategoriyasi (ya’ni mujskoy, jenskoy, sredniy) mavjud emas. Uning ayrim elementlari uchraydi, xolos. U ham o‘zga til ta’sirida paydo bo‘lgan. Masalan, shoira, kotiba, xodima kabi. Bundan tashqari, tarkibida bek so‘zi bo‘lgan ismlarimiz ham talaygina: Elbek, Oybek, Nurbek, Xolbek… Bu kabi ismlar familiya bo‘lib kelganda bekni qo‘shish shart emas, ismdagi -bek familiyani ham anglataveradi.
Bu taklif ko‘pchilik uchun g‘alati tuyulishi mumkin. Chunki bir asrdan oshdiki, qulog‘imiz — ov(a), — (y)ev(a) yoki — ovich, — (y)evnalarga chunonam o‘rganib qolgan, bu yangilikni “hazm” qilish qiyin kechadi. Lekin shuni ham unutmaslik kerakki, hozir siz-u bizga oddiy hol bo’lgan familiyamizdagi qo‘shimchalar ota-bobolarimiz uchun yangilik bo‘lgan. Biz nega — ovich, — (y)evnalarga to‘xtalmadik, chunki bugungi yosh avlodning ota ismidan keyin “o‘g‘li” yoki “qizi” so‘zlari qo‘llanilmoqdaki, bu o‘z-o‘zidan yaqin kelajakda — ovich, — (y)evnalardan voz kechilishini anglatadi.
O‘zbekiston xalqi ko‘p millatli xalq va barcha millatlarning haq-huquqlari qonun bilan kafolatlangan. O‘zbekiston Respublikasining “Davlat til haqida”gi Qonuni 15-moddasida “O‘zbekiston Respublikasida yashovchi shaxslar, o‘z millatidan qat’i nazar, o‘z ismini, ota ismi va familiyasini milliy-tarixiy an’analarga muvofiq yozish huquqiga egadirlar” deyilgan. Shundan kelib chiqib, yurtimizda yashovchi barcha xalqlar o‘z ismini, ota ismi va familiyasini milliy-tarixiy an’analarga muvofiq yozib kelmoqdalar. Bu esa bizning naqadar bag‘rikeng xalq ekanligimizni anglatadi.
Zohid SHAKARBEK, TDPU akademik litseyi direktori