Direktor nega sarson qilinmoqda?
Gazetamizning 2018-yil 19-sentabr sonida Quva tumanida joylashgan 50-maktab filialining 0,61 gektar hududi tadbirkor tomonidan noqonuniy egallab olingani haqida tanqidiy maqola e’lon qilingan edi. Oradan besh oy o‘tsa hamki, na tuman hokimligi, na Xalq ta’limi vazirligi mutasaddilari bu tanqidiy maqolaga munosabat bildirdi. Shu bois muxbirimiz maqola chop etilgandan keyingi vaziyatni o‘rganish maqsadida Quva tumaniga bordi. Ma’lum bo‘lishicha, o‘tgan vaqt davomida bu masala sudda 4 marta ko‘rib chiqilgan.
Dastlab 2018-yil sentabr oyida Quva tuman ma’muriy sudining sayyor sudida nizoli vaziyat maktab foydasiga hal bo‘lgan. Sud hukmiga asosan, Quva tumani hokimligiga yer maydoni va mulkka egalik qilish huquqini berish hamda “Yermulkkadastr” davlat korxonasi Quva tumani filialiga maktab mulkiga egalik qilish bo‘yicha hujjatlarni tayyorlab berish majburiyati yuklangan.
Bir qarashda hammasi hal bo‘lgandek, maktab rahbari-yu o‘qituvchilarning ko‘ngli ko‘tarildi. Ammo oradan biroz vaqt o‘tgach vaziyat boshqacha tus ola boshladi. Gap shundaki, Quva tuman hokimligi devonxona mudiri Nabijon Mamarasulov hokimlikning ishonchli vakili sifatida bu hukmdan norozi bo‘lib, Farg‘ona viloyat ma’muriy sudiga apellyatsiya tartibida shikoyat qiladi. 2018-yil noyabr oyida Farg‘ona viloyat ma’muriy sudida 3 marta sud jarayoni bo‘lib o‘tadi. Natijada viloyat ma’muriy sudi Quva tuman ma’muriy sudi qarorini bekor qilib, ishni qayta ko‘rib chiqish uchun Quvasoy shahar ma’muriy sudiga yuboradi.
Quvasoy shahar ma’muriy sudida maktab direktori N.Mahmudovning arizasini qanoatlantirish rad etildi. Ya’ni, maktab ixtiyorida bo‘lgan yer maydoni hamda mulk maktab balansidan olindi. Tabiiyki, maktab ma’muriyati bu qarordan norozi bo‘lib yana Farg‘ona viloyat ma’muriy sudiga kassatsiya tartibida shikoyat arizasi yozdi...
14-fevral kuni Farg‘ona viloyat iqtisodiy sudi binosida navbatdagi sud majlisi o‘tkazildi. Masala Namangan viloyat ma’muriy sudi tomonidan videokonferensiya shaklida ko‘rib chiqildi. Sudyalar Odiljon Turdiyev, Abdurasul Narzullayev va Doniyor Tojiboyev ishtirokida No‘mon Mahmudovning Quva tumani hokimining 2018-yil
20-iyundagi qarorini haqiqiy emas deb topish hamda Quvasoy shahar ma’muriy sudining 2018-yil 17-dekabrdagi qarorini bekor qilish to‘g‘risidagi Quvasoy shahar ma’muriy sudi qaroridan noroziligini bildirib yozgan kassatsiya tartibidagi shikoyat arizasi batafsil o‘rganildi. Sudda da’vogar ham, javobgarning qonuniy vakillari ham ishtirok etdi.
Maktab direktori bu bino nima uchun kerakligini asoslab, moslashtirilgan va 9 yillik ta’limga ixtisoslashtirilgan 50-maktabda 360 nafar o‘quvchi ikki smenada ta’lim olishini, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishi, ovqatlanishi, tadbirlar tashkil etish uchun qo‘shimcha bino yo‘qligini, 11 yillik majburiy ta’lim tizimiga o‘tilgani bois, sinfxonalar yetishmayotgani, yangi o‘quv yilidan yana 2 ta 1-sinfga o‘quvchilar qabul qilinganini, Mingchinor va Paxtaobod qishloqlarida bunyod etilgan namunaviy uylarda yashovchilarning soni ortgani uchun o‘quvchilar soni ko‘payganini, o‘qituvchilar xonasi, kutubxona, faollar zali, oshxona yo‘qligini ta’kidladi.
Maktab direktori N.Mahmudovning 2018-yil 24- dekabrdagi iltimosnomasiga Xalq ta’limi vaziri Sh.Shermatovning 2019-yil 9-yanvardagi 01-03/4-16-sonli javob xatida bu binoni maktab balansidan chiqarish belgilangan tartibga zid ekani hamda Xalq ta’limi vaziri bilan kelishilmagani bayon qilingan.
Videokonferensiya shaklida o‘tgan sudda maktab direktori No‘mon Mahmudovning kassatsiya tartibidagi shikoyat arizasi qisman qanoatlantirilib, Quvasoy shahar ma’muriy sudining 2018-yil 17-dekabrdagi 0.61 gektar yer maydonini tuman hokimligi zahirasiga o‘tkazish to‘grisidagi qarori bekor qilindi. Ammo yerni maktabga o‘tkazib berish masalasi ochiq qoldi.
Tahririyatdan: Xo‘sh, endi Quva tumani hokimi yerni maktab ixtiyoriga o‘tkazishga yordam beradimi? Voqealar rivojini kuzatib boramiz.
Sharifa MADRAHIMOVA,
“Ma’rifat” muxbiri