Ayollarning mehnat huquqi va manfaatlari himoyada
Bugun turmushning barcha jabhalarida ayollar faol ishtirok etayotir. Ayniqsa, ularning ta’lim, fan va madaniyat sohalaridagi o‘rnini alohida ta’kidlash zarur. Hozir O‘zbekiston ta’lim, fan va madaniyat xodimlari kasaba uyushmasi respublika kengashi tizimida 18013 tashkilot va muassasada mehnat qilayotgan 1 573 189 nafar kasaba uyushmasi a’zosining 70 foizi xotin-qizlardir (2019-yil 1-yanvar holatiga ko‘ra). Ularning ijtimoiy mehnat huquqlarini himoya qilish va ta’minlashda kasaba uyushmalari tizimida salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasining katta majlislar zalida o‘tkazilgan “Ijtimoiy muloqot: xotin-qizlarning ijtimoiy mehnat huquqlarining himoyasi” mavzusidagi kengaytirilgan davra suhbatida ham ayni shu masalalar xususida so‘z bordi. Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, shahar va tuman kengashlari raislari, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi, tegishli vazirlik hamda tashkilotlar vakillari qatnashdi.
Tadbirni O‘zbekiston ta’lim, fan va madaniyat xodimlari kasaba uyushmasi respublika kengashi raisi Ravshan Bedilov ochdi hamda mehnatkash xotin-qizlar huquq va manfaatlarini himoya qilish borasida kasaba uyushmalari tizimida amalga oshirilayotgan ishlar, yutuq va kamchiliklar xususida so‘zladi.
— Ayollarimizning farzand tarbiyasi, uy yumushlari — haq to‘lanmaydigan mehnatdir, — dedi Ravshan Bedilov. — Ular mehnat faoliyatini oilaviy yumushlar bilan uyg‘un tarzda olib boradi. Biz buni ham inobatga olishimiz zarur. Shuningdek, ayollarimiz uchun munosib mehnat sharoitini yaratish, ularning mehnat huquqi buzilishining oldini olish, huquqiy savodxonligini oshirish va har tomonlama qo‘llab-quvvatlash asosiy vazifalarimizdan. Bu boradagi ishlarni jadallashtirish hamda yuzaga kelayotgan muammolarni ijobiy hal etishda hukumat va Parlament bilan yanada yaqin hamkorlik o‘rnatishimiz zarur.
— Dastlab kasaba uyushmalari Federatsiyasi qoshida Xotin-qizlar kengashini tuzish masalasi ko‘tarilganda, bizga “Bu tashkilot nima uchun kerak, axir, Xotin-qizlar qo‘mitasi bor-ku, ular shug‘ullansa ham bo‘ladi bu masalalar bilan?” degan mazmunda savol va taklif bo‘lgandi, — dedi O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Xotin-qizlar kengashi raisi Mavjuda Xalilova. — Shunda biz kengashning asosiy maqsadi korxona va tashkilotlarda mehnat qilayotgan xotin-qizlarimiz huquqlarini himoya qilish, ularning huquqiy savodxonligini oshirish, o‘zini o‘zi himoya qilishga o‘rgatish va eng asosiysi, munosib mehnat sharoitini yaratish ekanini ta’kidlagandik. Hozir qaysi sohada bo‘lmasin, ayollarimiz uchun imkoniyat va sharoitlar yanada yaxshilanayotgani quvonarli, albatta.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi raisi, Fuqarolarning kafolatlangan mehnat huquqlarini ta’minlash bo‘yicha Parlament komissiyasi a’zosi Zayniddin Nizomxodjayev o‘tgan davr mobaynida Parlament va hududiy kengash komissiyalari tomonidan aholining mehnat sohasiga oid huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirishga qaratilgan tadbirlar, aholi bandligini ta’minlash, munosib ish o‘rinlari yaratish, fuqarolarning kafolatlangan mehnat huquqlarini ta’minlashda jamoatchilik va Parlament nazoratining olib borilishi kabi bir qator masalalar doirasida ma’ruza qildi.
— Bosh Qomusimizda har bir shaxs mehnat qilish, erkin kasb tanlash, adolatli mehnat sharoitlarida ishlash va qonunda ko‘rsatilgan tartibda ishsizlikdan himoyalanish huquqiga ega ekani belgilab qo‘yilgan, — deydi Zayniddin Nizomxodjayev. — Ushbu normaga muvofiq, hozir fuqarolarning kafolatlangan mehnat huquqlarini ta’minlash borasida qat’iy va izchil ishlar amalga oshirilmoqda. Shuningdek, Parlament komissiyasi tomonidan majburiy mehnatning barcha ko‘rinishlariga qarshi kurash olib borilmoqda. Bunda kasaba uyushmalari juda faol ishtirok etmoqda. Shunday bo‘lsa-da, o‘tgan yil natijalariga ko‘ra, ayrim hududlarda tibbiyot va ta’lim sohasi vakillarini majburiy mehnatga jalb etish holatlari kuzatilgan. Bu soha vakillarining ko‘pchiligini ayollar tashkil etishi esa barchamizga ma’lum. Bunday holatlar takrorlanmasligi uchun aniq rejalar ishlab chiqilib, ta’sirchan choralar ko‘rilmoqda.
Ma’ruzalar tugagach, tadbirning savol-javob qismiga navbat berildi.
Andijon shahar kengashi raisi Nasibaxon To‘raqulova:
— Savolim Zayniddin Nizomxodjayevga. Ma’lumki, bandlik dasturi asosida ta’lim muassasalarida ish o‘rinlari yaratish majburiyligi bo‘yicha hokimlik tomonidan topshiriq bo‘lmoqda. Maktab direktori pedagoglarning dars soatini qisqartirish, ya’ni kimningdir huquqlari buzilishi evaziga ish o‘rni yaratishga majbur bo‘lmoqda. Chunki budjet tashkilotlarida yangi ish o‘rinlari yaratish imkoniyati chegaralangan. Shu masalaga fikringiz qanday?
— Haqiqatan ham shunday holatlar uchramoqda. Hozir bizga kelayotgan shikoyat va arizalarda ham shu kabi masalalar ko‘tarilgan. Ish o‘rinlari yaratish bo‘yicha muayyan loyihalar amalga oshirilmoqda. Mana, yaqinda Buxoro, Navoiy, Samarqand, Jizzax viloyatlarida bo‘lib qaytdik. Joylarda yangi maktablar, bog‘chalar, tibbiyot muassasalari qurilyapti. Binoni qurib, uni jihozlagan bilan ishchi o‘rni paydo bo‘lib qolmaydi. Buning uchun kadrlarni avvaldan tayyorlab borishimiz kerak. Siz aytgan masala ham fuqarolarning mehnat huquqi buzilishiga yorqin misol. Shunday holatlarda murojaat qilinsa, albatta, masalani o‘rganib chiqamiz. Parlament komissiyasi ish rejasida ham ayni shu masalani hal etishga qaratilgan chora-tadbirlar belgilangan. Aytishim zarurki, fuqarolarning kafolatlangan mehnat huquqlari buzilishi yuzasidan, hatto Jinoyat kodeksiga ham o‘zgartirish kiritish rejalashtirilyapti.
Savol-javoblar davomida nafaqada bo‘lsa-da, mehnat faoliyatini davom ettirayotgan xodimlar uchun to‘liq miqdorda nafaqa to‘lanish amaliyotining joriy etilishi joylarda matematika, kimyo, ona tili va adabiyot kabi asosiy fanlardan o‘qituvchilar yetishmasligi muammosining barham berilishiga sabab bo‘lgani aytildi.
Bundan tashqari, bu holat sabab oliy ta’lim muassasasini tamomlab, ta’lim dargohlarida ish boshlagan yosh o‘qituvchilarning uzoq yillik tajribaga ega muallimlardan ish o‘rganishi, ustoz-shogirdlik an’analarining davom etishiga imkon yaratilgani ham ta’kidlandi.
Shu bilan birga, ayni paytda kasaba uyushmalari tizimida yechimini kutayotgan muammolarga doir taklif-mulohazalar ham o‘rtaga tashlandi va qizg‘in muhokama etildi.
Tadbirda tarmoq kasaba uyushmasi respublika kengashi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 26-maydagi “2017—2021-yillarda qayta tiklanuvchi energetikani yanada rivojlantirish, iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohada energiya samaradorligini oshirish chora-tadbirlari dasturi to‘g‘risida”gi qarori bo‘yicha o‘tkazilgan tanlov sovrindorlarini taqdirlash marosimi ham bo‘lib o‘tdi.
— Mazkur tanlovni o‘tkazishdan asosiy maqsad energiya tejamkorligiga erishishda kasaba uyushmalari imkoniyatlaridan foydalanish, xodimlarning iqtisodiy madaniyatini oshirish, bu boradagi targ‘ibot-tashviqot ishlarini ko‘paytirish hamda turli ko‘rik-tanlovlar orqali xodimlarning e’tiborini mazkur masalaga qaratish, — deydi Respublika kengashining Toshkent viloyati bo‘yicha mas’ul tashkilotchisi Ravshanoy Gaziyeva.
Davra suhbati yakunlangach, ishtirokchilar uchun qator madaniy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etildi.
Sardor MUSTAFOYEV,
“Ma’rifat” muxbiri