Zulfiya mukofoti kimlarga berilyapti? Yoxud tanlov nizomini takomillashtirish payti keldi
Kuni kecha tahririyatimizga uzoq viloyatdagi o‘qituvchilardan biri qo‘ng‘iroq qilib: “Kechirasiz, Zulfiya nomidagi davlat mukofotining bu yilgi sovrindorlari nomi e’lon qilinmadimi?” deb so‘radi. Sovrindorlar ro‘yxati har yili an’anaga ko‘ra rasman ommaviy axborot vositalari orqali ma’lum qilinishini, hozircha bu haqda hech qanday ma’lumotga ega emasligimizni aytdik. Shunda muallim yorildi: “O‘quvchimning hujjatlari respublika bosqichiga yuborilgandi. Kecha sirdaryolik bir qiz qo‘ng‘iroq qilib, sovrindorlar ro‘yxati chiqibdi, unda mening ism-familiyam yo‘q ekan, debdi. Shundan beri o‘quvchimning tinchi yo‘qolgan, ko‘ngliga hech narsa sig‘mayapti”... Muallimning kuyinganicha bor: u qancha mehnat qilib oyoqqa turg‘izgan, yuragida hayotga muhabbat, adolatga ishonch limmo-lim o‘quvchisining kelajagidan alag‘da. Agar qizi tushmagur mukofotdan benasib qolsa, sababini qanday tushuntiradi.
O‘zbek xalqining sadoqat va vafo kuychisi nomini olgan atoqli shoira — Zulfiya nomidagi davlat mukofoti ta’sis etilgandan beri ko‘plab qizlarning iste’dodi va iqtidori ro‘yobga chiqib, elga tanilgani haqiqat. Biroq mukofotni berish jarayoni bilan bog‘liq ayrim jiddiy masalalar ham borki, u haqida quyidagi uch maqolani o‘qib bilib olganingiz ma’qul. Xulosa sizdan, aziz mushtariy!
Tahririyat
K VOTA QURBONLARI
Bir necha yil oldin qizim ona tili va adabiyot fani bo‘yicha bilimlar bellashuvining ilk bosqichida g‘olib bo‘lib, tuman bosqichiga yo‘llanma oldi. Tanlovga tayyorlagan o‘qituvchisi “Tumanda albatta g‘olib bo‘lasan!”, debdi ishonch bilan. Qolaversa, otang ham qarab turmas, deya mening “Ma’rifat” gazetasida ishlashimga ishora qilibdi...
Bellashuvning tuman bosqichi shaxmat bo‘yicha respublika chempionati boshlanadigan kunga to‘g‘ri keldi. Qaysi birida qatnashishni qizimning ixtiyoriga havola etdim. U respublika chempionatini tanladi.
Qizig‘i ertasiga bo‘ldi: o‘qituvchisining xabar berishicha, qizim bilimlar bellashuvining o‘zi qatnashmagan tuman bosqichida 3-o‘rinni egallabdi!..
Albatta, biz bu “mukofot”dan voz kechdik. Demak, bilimlar bellashuvida shunday norasmiy kvotalar bo‘lar ekan-da, deya xulosa qildim. Hasan ikkovimiz bir necha marta norasmiy kvotalar qurboni bo‘lganmiz. 1991-yili maktabni oltin medal bilan tugatib, Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika instituti o‘zbek tili va adabiyoti fakultetiga hujjat topshirdik. 150 o‘ringa, adashmasam, 5000 dan ziyod abituriyent da’vogar edi. Medal bilan kelganlar suhbatdan o‘tdik. Chamamda, medalistlar 200 nafardan ko‘proq edi. Xullas, men suhbatdan o‘tib, talaba bo‘ldim. Hasan o‘tolmadi. Keyin insho yozdi. Agar inshodan “ 5” baho olsa, qolgan imtihonlardan ozod etilib, o‘qishga qabul qilinardi. Hasanga “ 4” baho qo‘yishdi. Va nihoyat, og‘zaki imtihonda “yiqitishdi”. Norasmiy kvota to‘lgan, ya’ni pul berganlar o‘rinlarni to‘ldirgan ekan. Buni oradan besh yil o‘tib, 1991-yilgi qabul komissiyasida mas’ul kotib bo‘lgan domlamizdan eshitdim...
1996-yili Jizzax davlat pedagogika institutiga respublika pedinstitutlari filologiya yo‘nalishi talabalari o‘rtasida o‘tkazilgan fan olimpiadasiga bordik. O‘shanda talabalar yotoqxonasida kechki gurungimizda boyagi domlamiz 1991-yili fakultet bo‘yicha o‘z bilimi bilan o‘qishga kiruvchilar uchun bor-yo‘g‘i 10 ta o‘rin qoldirilgani, men shu 10 talabadan biri ekanimni, Hasanni og‘zaki imtihondan atay “yiqitishgani”ni e’tirof etgan edi.
O‘sha fan olimpiadasida ham mezbonlarga g‘oliblik kvotasi berilgan. Ya’ni, JDPI talabasi 1-o‘rinni, Qo‘qon davlat pedagogika institutidan Otabek Jo‘raboyev va men 2-o‘rinni olganmiz. Otabek hozir filologiya fanlari nomzodi, klassik adabiyotimiz bo‘yicha yetuk mutaxassislardan biri. 1-o‘rinni olgan jizzaxlik qizning esa ism-familiyasini eslolmadim.
2001-yili yosh ijodkorlarning an’anaviy Zomin seminariga bordik. Oxirgi kuni tanlov hay’ati a’zolarining g‘oliblarni aniqlash jarayonini tasodifan eshitib qoldim. Ustozlar o‘tirgan karovatga choy olib borganimda, aynan Hasan ikkalamizning nomzodimiz muhokama qilinayotgan ekan. “Bir oilaga ikkita g‘olib ko‘plik qilmaydimi?” dedi marhum Xalq shoirlaridan biri.
Xullas, biroz o‘tib g‘oliblar e’lon qilindi: Hasan Karvonli, Shodmonqul Salom, Jo‘rabek Ramazonov... Bu ro‘yxatda men yo‘q edim.
Hamon respublika tanlovlarida rasmiy va norasmiy kvotalar amalda. Har qanday kvota muayyan darajada adolatsizlikka yo‘l ochadi. Masalan, Zulfiya nomidagi davlat mukofoti. Ma’lumki, mazkur davlat mukofotini berish to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra, mamlakatimizning har bir hududiga, ya’ni Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahriga 2 tadan kvota ajratilgan. Ko‘pchilikda “Zulfiyachilar”ga nisbatan xayrixohlik munosabatining shakllanmasligiga, ya’ni ulardan aksariyatining saviyasidan ziyoli qatlamning ko‘ngli to‘lmasligiga mana shu kvotalar “aybdor”. Ya’ni, 3 milliondan ziyod aholisi bor Andijon, 3 million 200 ming kishi yashaydigan Qashqadaryo, 3,6 millionlik Farg‘ona, 3,7 million aholiga ega Samarqand viloyatidan ham, 800 ming aholisi bor Sirdaryo, 900 mingdan ko‘proq kishi yashaydigan Navoiy va 1 million 200 ming aholiga ega Jizzax viloyatidan ham har yili 2 nafardan qiz Zulfiya nomidagi davlat mukofotini oladi. Keyingi uch viloyat aholisini qo‘shganda ham birgina Qashqadaryoning aholisicha chiqmaydi. Aytilgan uch viloyat qizlarini aslo kamsitmagan holda, e’tirof etaylik: hududlarga bir xil kvota berilishi saviyali nomzodlarning chetda qolib ketishiga baribir sababchi bo‘ladi.
Muammoning yechimi bor: xuddi fan olimpiadalaridagi singari har bir hududdan 3 nafardan g‘olib respublika bosqichiga keladi. Yakuniy bosqichda qaysi hududdan bo‘lishidan qat’i nazar, munosib nomzodlar g‘olib deya e’tirof etiladi. Nima dedingiz?!
Husan KARVONLI