Biz kimni aldayapmiz?
Bu muammo haqida yozishga biroz hadiksiraysan kishi. Chunki yoshlarga berilayotgan e’tiborni ko‘rolmayotganlikda ayblab qolishlari mumkin. Lekin modomiki gap bolalarimiz kelajagi haqida ekan, mavjud muammolar qarshisida jim o‘tirish yaxshi emas. Ana shu imkoniyatdan foydalanib aytishim mumkinki, menga qolsa, Zulfiya nomidagi davlat mukofoti Nizomini o‘zgartirish kerak. Nima uchun?
Birinchidan, 15-16 yoshli o‘smir qizaloqqa davlat mukofoti berish mantiqan to‘g‘ri emas. Hali hayotning achchiq-chuchugini totmagan, el-yurtga foydasi tegmagan, o‘z sohasida nimanidir YaRATIB qo‘ymagan o‘smirga bu mehribonchilik «og‘irlik» qiladi.
Ikkinchidan, mukofot noto‘g‘ri taqsimlanmoqda. Zulfiya umrida badiiy gimnastika, kurash yoki sakrash bilan shug‘ullanmagan. Lekin ayni sport chempionlariga Zulfiya mukofoti berilmoqda. Bu mantiqan to‘g‘ri emas. Qolaversa, chempionga joyida beriladigan o‘z medali bor. Birovi oltin, birovi kumush medalini taqib yuribdi-ku!
Uchinchidan, Zulfiya nomidagi davlat mukofoti faqat qizlarga xoslanishi to‘g‘ri emas. Boringki, faqat qizlarga xoslanganda ham umumiy AYOL IJODKORLARga berilishi lozim. Chunki shu paytgacha yuzlab o‘smir qizlar ushbu mukofotga sohiba bo‘ldilar. Lekin bugun ular qani? Nega muhtasham adabiyotimiz sahnasida ijodni qoyil qilib qo‘ygan zulfiyachilar ko‘rinmaydi? Ko‘rinayotganlarining ham soxta, robotga o‘xshab «vatanparvar»lik qilishi kishining ensasini qotiradi. Saviyasi baland ijodkor o‘zini bunaqa tutmaydi.
To‘rtinchidan, Zulfiya nomidagi davlat mukofoti nizomining «oliy o‘quv yurtiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri qabul qilinadi», degan joyini o‘chirib tashlash kerak. Ana shunda bir qadar adolat qaror topgan bo‘ladi.
Beshinchidan, bu mukofot har yili 14-15 nafar (o‘tgan yildan boshlab 28 nafar) iste’dodli qizni “topib olayotgani” biroz erish tuyuladi. Shubhasiz, O‘zbekiston buyuk allomalar yurti! Lekin har yili o‘nlab iste’dodlarni yetishtirib berishi ozgina shubhali emasmi?
Xullas, o‘zimizni aldashni bas qilaylik. O‘zimiz o‘tirgan shoxni arralashni to‘xtataylik. Endigina hayotga qadam qo‘yayotgan bolalarimizning birinchi qadami soxtalikka, poraxo‘rlikka, adolatsizlikka borib tushmasin! Ana shunda shoira ulug‘ Zulfiyaning ham ruhi shod bo‘ladi.
Alisher NAZAR