«Ma’rifat» bilimdoni» tanlovining navbatdagi g’olibi aniqlandi
Qadrli mushtariylar! «Ma’rifat» bilimdoni» tanlovi orqali siz bilan yanada yaqin bo‘layotganimizdan mamnunmiz. Savollarga oilaviy javob izlayotganingiz, xalq maqollarini xonadonlaringiz fayzi — nuroniy otaxon-u onaxonlar ko‘magida topayotganingiz haqidagi xabarlar bizni g‘oyat xursand etmoqda!
Turli tushunmovchiliklarning oldini olish, gazeta yetib borishidagi muammolarni hisobga olib, savollar gazetamizda chop etilgandan so‘ng www.marifat.uz sayti hamda @marifatmushtariylari “Telegram” guruhida ham berilmoqda. Javoblar esa info@marifat.uz elektron manzilimizda qabul qilinmoqda.
Fevral oyida e’lon qilingan savollar javoblari bilan tanishing:
1. “Agarjonni magarjonga uylantirsang, koshki degan bola tug‘iladi”. Bu — ishyoqmas, xayolparast, ish qilmay turib “agar bundoq qilsang, mundoq bo‘ladi”, deb faqat xayolda ish bitiradiganlarga nisbatan aytiladi.
2. Inson tug‘ilgandan to umrining oxiriga qadar o‘smaydigan a’zosi — bu ko‘z qorachig‘i.
3. Dunyodagi eng uzun muhofaza devori qo‘ylarni yovvoyi itlardan muhofaza qilish uchun qurilgan.
Savollarimizga birinchi va to‘g‘ri javob yo‘llagan gazetxonimiz — Vobkent tumanidagi 21-maktab o‘qituvchisi Dilnoza Narzullayeva!
G‘olibimizga O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan “Ozod Vatan saodati” (1-qism. She’riyat), “Abay” saylanmasi, To‘lan Nizomning “Tanlangan asarlar”i (she’rlar, dostonlar, lirik qissalar, she’riy romandan parchalar) hamda Mahmud Toirning “Yangilanayotgan O‘zbekiston” kitobi taqdim etiladi.
Shuningdek, Urganch tumanidagi 31-maktabning boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi Xonimjon Iskandarova, Dilnoza Rajabova, Yakkabog‘ tumanidagi 34-maktab o‘qituvchisi Dilnoza Boqiyeva, Xonqa tumanidagi 40-maktab o‘qituvchi Azzatjon Azimova, Ziyodillo Meliboyevdan ham to‘g‘ri javoblar kelib tushdi. Faol ishtirok etgan barcha ustozlarga rahmat!